Qilingan sarpolarni qanday qaytarish kerak?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, turmushga chiqqanimga 5 yildan oshdi. O‘sha paytlar turmush o‘rtog‘im ikkalamizning ham e’tiqodimiz sust bo‘lgan. Dunyoviy, ochi-sochiq to‘y qilganmiz, afsusdamiz. Alhamdullilah, Alloh hidoyat berdi, hijob o‘radim. Har bir ishda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga ergashishga harakat qilyapmiz. Lekin to‘y qilganimizda ota-onam menga sarpo qilib mebel, parda, idish-tovoq, ko‘rpa-sandiq, kelin-kuyovga atab kiyimlar va hokazolar qilib berishgan. Kattalar uchun bu narsalar qilish kerak deb hisoblanadi. Farzandli bo‘lganimizdan keyin yana shu tartib qaytarilgan. Hatto qizimning tilla ziragigacha olib berishdi. Odati shunaqa ekan, qizning onasi olib berar ekan. Endi buning hukmi qanday? Erim ikkalamiz qarzdormizmi? Albatta ota-onam rozi olib berganlariga, ammo mening vijdonim qiynaladi. Meni tarbiyalab, o‘qitib, katta qilishdi. Yana erga berib ham shuncha sarf. Qilib bergan narsalarini qanday qaytaraylik? Pulini qilib beraylikmi? Olganimiz uchun erim qanchalik javobgar? Gunohini qanday yuvaylik?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz “Meni tarbiyalab, o‘qitib, katta qilib, yana shuncha sarflashi insofdan emas ekan” degan tushunchaga borishingiz va bu narsaga eringiz hamfikr bo‘lib-qo‘llab quvvatlashi naqadar go‘zal. Qani endi boshqalar ham shu narsani sizlardek tushunib olsalar edi. Ota-onalar farzand ko‘rishdan xususan qiz farzand ko‘rishdan bezzillamagan va ba’zilarga o‘xshab tug‘ilishidan oldin ularga nisbatan qalbida nafrat uyg‘onmagan bo‘lar edi. Bizga kelayotgan savollar ichida “UZIda qiz degan edi oldirib yuborsam bo‘ladimi” degan savollar ham bo‘ladi. Bu narsa odamning ichini qattiq og‘ritadi. O‘zgalar ham siz borgan fikrga borishganida edi minglab chaqaloqlar onasining qornidan dunyoga kelmasdan oldin o‘ldirib yuborilmas edi. Imkonlaringizga qarab hadya berib turishlaringiz mumkin. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 12:24 | Savol-javoblar | 135 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar