Duo ijobati haqida

Assalomu alaykum! Alhamdulillah 3ta qiz farzandim bor edi ayolim 4-siga homilador edi shunisini solih o‘g‘il farzand qilib ber deb kechayu kunduz, qachon duoga qo‘l ochsam so‘radim duo qabul bo‘ladigan vaqtlarda ham so‘radim ramazon oyida ro‘zani ochish oldidan, musofirga chiqqanimda ham, Allohni tavfiqi bilan yaqinda Qur’oni karimni o‘qib xatm qildim xatmi Qur’onni yakunida ham so‘radim, juma kuni asr bilan shomni o‘rtasida ham, azon aytilgan vaqtda ham, har namozni farzidan keyin ham duo qilib so‘radim baribir yana qiz farzand berdi Allohni taqdiriga roziman albatta lekin shuncha duo qildim ayni duo qabul bo‘ladigan vaqtlarda so‘radim lekin yana duoyim ijobat bo‘lmadi endi duo qilsam shayton vasvasa qilib behafsala duo qilyabman shunga bir maslahat berilar iltimos shoyad yana duoyimni ishonchim komil bo‘lib so‘rashni boshlasam Alloh Rozi bo‘lsin silardan.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz kimsiz? Alloh taoloning payg‘ambari Iyso alayhissalomning  katta buvilari Maryam onamizning onalari mustajobudda’va edilar. Alloh taolodan o‘g‘il so‘radilar, shak-shubhasiz sizdan taqvoda ustun va duolar ijobat bo‘ladigan o‘rinlarda juda ko‘p so‘radilar. Yaxshilik nimada ekanligini Alloh biladi. Mumkinki siz qalbdan orzu qilgan o‘g‘il Imron roziyallohu anhuning nabirasi Iyso alayhissalomdek solih bo‘lar. Albatta payg‘ambar bo‘lishi mumkin emas, ammo barakotli bo‘lishi mumkin. O‘sha o‘g‘il Maryam onamizdek qizdan tug‘ilgan. Alloh taolo "Oli Imron" surasida marhamat qiladi:  إِذْ قَالَتِ امْرَأَةُ عِمْرَانَ رَبِّ إِنِّي نَذَرْتُ لَكَ مَا فِي بَطْنِي مُحَرَّرًا فَتَقَبَّلْ مِنِّي إِنَّكَ أَنتَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ۝  35. Imronning xotini: «Robbim! Albatta, men qornimdagini O‘zingga xolis nazr qildim. Bas, mendan qabul et. Albatta, Sen O‘zing o‘ta eshituvchisan, o‘ta biluvchisan», – deganini esla!  فَلَمَّا وَضَعَتْهَا قَالَتْ رَبِّ إِنِّي وَضَعْتُهَا أُنثَى وَاللّهُ أَعْلَمُ بِمَا وَضَعَتْ وَلَيْسَ الذَّكَرُ كَالأُنثَى وَإِنِّي سَمَّيْتُهَا مَرْيَمَ وِإِنِّي أُعِيذُهَا بِكَ وَذُرِّيَّتَهَا مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ۝ 36. Uni tuqqan chog‘ida: «Robbim, men buni qiz tug‘dim-ku!!! – Holbuki, Alloh u nima tuqqanini yaxshi biladi. – O‘g‘il qizdek emas. Va men unga Maryam deb ism qo‘ydim va albatta, men Sendan unga va uning zurriyotiga quvilgan shaytondan panoh tilarman», – dedi.
O‘sha vaqtlarda ibodatxonalarga faqat o‘g‘il bolalar nazr qilinar edi. Imron alayhissalomning xotinlari ham homiladorlik vaqtlarida, o‘g‘il tug‘sam kerak, degan gumon bilan avvaldan nazr qilgan edi. Vaqti-soati etib, ko‘zi yorigan chog‘ida qarasa, qiz tug‘ibdi. O‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ldi: nazrga atab qo‘yilgan homila o‘g‘il bo‘lmadi, o‘g‘il tug‘ilganida-ku, hech qanday savolga o‘rin qolmay, ibodatxonaga topshirilar edi, endi nima bo‘ladi? Shu masalani bilish maqsadida:
«Uni tuqqan chog‘ida: «Robbim, men buni qiz tug‘dim-ku!» – dedi.
«Holbuki, Alloh u nima tuqqanini yaxshi biladi».
Lekin Imron alayhissalomning xotinlari nazarida ibodatxona xizmatida qiz bola o‘g‘il bolachalik bo‘la olmaydi:
«O‘g‘il qizdek emas», – deydi.
Keyin onalik mehri jo‘shib, gapning davomida:
«Va men unga Maryam deb ism qo‘ydim va albatta, men Sendan unga va uning zurriyotiga quvilgan shaytondan panoh tilarman», – deb duo qiladi.
Musaffo onalik qalbi shu – doimo o‘zidan kechib bo‘lsa ham bolasiga – zurriyotiga kamol, tinchlik-omonlik va yaxshilik tilaydi.
Qolaversa Alloh taolo “Yusuf” surasida quyidagicha marhamat qilgan وَلاَ تَيْأَسُواْ مِن رَّوْحِ اللّهِ إِنَّهُ لاَ يَيْأَسُ مِن رَّوْحِ اللّهِ إِلاَّ الْقَوْمُ الْكَافِرُونَ۝ 87...Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmlargina noumid bo‘lurlar», – dedi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).  Vallohu a’lam!

5 May 2022, 14:46 | Savol-javoblar | 142 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar