Namoz, xuzu’ va xushu xakida

Shayx Xazratlari Alloxning roziligi va Paygambarimiz s.a.w ning shafoatini yaratgandan sizning xakkingizga surab, savollarimga tulik va ommatan javob burishingizni iltimos kilamiz.Kur’on tafsirlarida namozni ba’zida "ukinglar", ba’zilari "a’do etinglar", ba’zilarida "koim kiling va barpo kiling" deb buyurilgan. bularning farki xakida va afzali kaysisi, xamda kanday kilib namoz ukish kerak. Yana namozdagi xushu va xuzu’ kanday amal. Ba’zi ulamolar vojib darajasiga kutarganmi? Vojibligi nimada?Sizdan Allox rozi bulsin deb xakkingizga duo kilamiz. Bizning xamxakkimizga namozimizni tulik ado etuvchilar katorida kilgin deb, duo kilib kuying iltimos
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Namoz haqidagi buyuruqlarning farqi yo‘q.- NAMOZDA XUShU’ Namozning farz, vojib va sunnatlari borligi ma’lum. Shuningdek, namozning ruhi ham bo‘lib, u niyat, ixlos, xushu’ va qalb hozirligidan iborat.Avval ham ta’kidlab o‘tilganidek, xushu’ qo‘rquv bilan sukunatning birga qo‘shilganidir.Namozning hayoti va ichki odoblaridan biri xushu’dir. Aynan xushu’ orqali namoz ichki poklanish omiliga aylanadi. Xushu’li namozgina qalbni poklash va axloqni sayqallashga xizmat qiladi.Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Erdan eng avval ko‘tariladigan ilm xushu’dir», dedilar». Tobaroniy rivoyat qilgan.Xushu’ ilm bo‘lishi bilan birga najot topuvchilarning alomati hamdir.Alloh taolo «Mo‘’minun» surasida: «Batahqiq, mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu’ qiluvchilardir», degan (1–2-oyatlar).Ma’lumki, xushu’ qalbga oid amaldir. Xushu’li qalb tuzuk, xushu’siz qalb buzuqdir. Qalbning buzuqligi va tuzukligiga qarab insonning o‘zining buzuq yoki tuzukligi belgilanadi.No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ogoh bo‘lingkim! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur. Ogoh bo‘lingkim! O‘sha narsa qalbdir», dedilar».Beshovlari rivoyat qilgan.Abudulloh ibn as-Sanobihiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Banda besh vaqt namozni o‘z vaqtida, ruku’ni va xushu’ni joyiga keltirib o‘qisa, Allohning zimmasida uni mag‘firat qilish ahdi bo‘lur. Kim qilmasa, unga Allohning zimmasida ahd bo‘lmaydi. Xohlasa mag‘firat qiladi, xohlasa azoblaydi», deganlarini eshitganman», dedi». Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.Mutarrifdan, u otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. Ko‘ksilaridagi yig‘idan tegirmonning yoki qozonning ovoziga o‘xshash ovoz chiqib turar edi». «Sunan» egalari rivoyat qilishgan.Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam eng a’lo namozxon bo‘lib, namoz o‘qishni boshqalarga ta’lim berganlar. Namoz nimaligini hammadan yaxshi anglab etganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam qachon namoz o‘qisalar, xushu’ va xuzu’ini joyiga qo‘yib o‘qiganlar. Bu rivoyatdan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qachon namoz o‘qisalar, xavf olib, yig‘i tutar va ko‘ksilaridan tegirmon yoki qozonning qaynashiga o‘xshash ovoz eshitilib turar ekan.U kishining ummatlari ichida ham namozning xushu’-xuzu’ni joyiga qo‘yadiganlari ko‘p bo‘lgan:Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu namoz o‘qisa, xushu’dan qotgan tayoqqa o‘xshab qolar edi. Sajda qilganida chumchuqlar uni devor hisoblab, ustiga qo‘nar edi. Bir kuni Ka’baning Hatiym tarafida namoz o‘qiyotganida tosh tushib, kiyimining bir tomonini uzib ketganda ham sezmagan.Maymun ibn Mehron roziyallohu anhu aytadi: «Muslim ibn Yasorni hech namozda u yoq bu yoqqa qaraganini ko‘rmadim. Bir kuni u masjidda namoz o‘qiyotganida masjidning bir tomoni ag‘darilib bozordagi odamlar hammasi qochib ketgan, ammo u sezmay namozini o‘qiyvergan».Urva ibn Zubayr roziyallohu anhuning oyog‘iga qorason kasali tushdi. Tabiblar oyoqni sonidan kesib tashlamasa, dard butun tanaga tarqab, halokatga olib keladi, degan qarorga kelishdi. Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu: «Undoq bo‘lsa, kesib tashlanglar», dedi. Tabiblar: «Buning uchun sizga banj berishimiz kerak», deyishdi. U kishi: «Banj harom, uni iste’mol qilmayman», dedi. Tabiblar: «Undoq bo‘lsa, oyoqni soningizdan kesib tashlashning iloji yo‘q», deyishdi. Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu: «Iloji bor. Siz asboblaringizni tayyorlang. Men namoz o‘qiyman. Bir maromga etib, badanim titray boshlaganda, bilganingizni qilavering, hech narsa bo‘lmaydi», dedi. Keyin u kishi namozga turdi. Badani titray boshladi. Tabiblar o‘sha davrning uslubi ila qorason tushgan oyoqni sonidan kesishdi. So‘ngra kesilgan sonni qaynab turgan yog‘ga solib, oqayotgan qonni to‘xtatganlarida, Urva roziyallohu anhu namozni tugatib, hushidan ketdi.

21 Aprel 2022, 11:24 | Savol-javoblar | 154 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar