Ustoz va shogird kelishuvi

Assalamu alaykum! Santexnika sohasida ishlayman. Ustozim ham bor. Ustozim menga ishlaganimga pul beradilar. Bir joyda ish chiqdi va u joyga ustozimiz meni va boshqa shogirdlarni ish qurollari bilan jo‘natdilar. Biz u joyda ustozimsiz ishladik. U joyda ustozimni qimmat ish qurollari yo‘qoldi yoki o‘g‘irlashdi. 1) Yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan narsalarning puli bizning bo‘ynimizdami? 2) Ish paytida buzilib qolsa u kimni bo‘ynida?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Ish qurollar ustaniki bo‘lsa sizlar uni oriyat(bepulga ishlatib qaytarib berish)ga olgan bo‘lasizlar. Bu holatda ish qurollar sizlarning qo‘lingizda omonat hisoblanadi. Agar ularni ustangiz odatda ishlatadigan shaklda ishlatsangiz va u buzilib qolsa to‘lamaysiz. Chunki siz omonatga xiyonat qilgan hisoblanmaysiz. Agar ishlatishda beparvolik qilgan bo‘lsangiz, nojoiz ishlatgan bo‘lsangiz, odatda ishlatiladigan vaqt va usuldan tashqari ishlatib zarar etkazsangiz to‘laysiz. Bunda siz haddingizdan oshgan hisoblanasiz va omonatga xiyonat qilgan bo‘lasiz. Yo‘qolishi va o‘g‘irlanishiga kelsak bunda ham ehtiyot choralarini ko‘rmagan, o‘z shaxsiy mulkingizdek avaylamasdan beparvo qoldirgan bo‘lsangiz to‘lab berasiz. Agar hamma choralarini ko‘rgan bo‘lsangizu o‘g‘ri mohir bo‘lib shunda ham o‘g‘irlab ketgan bo‘lsa to‘lamaysiz. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 18:46 | Savol-javoblar | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar