Sa’dni qabr siqishi

Assalomu alaykum! Abdulmajid ibn Abdulaziz ibn Abu Ruvod otasidan rivoyat qiladi: «Nofe’ roziyallohu anhu o‘limi yaqinlashganini sezib, yig‘lay boshladi. Nima uchun yig‘layotganini so‘rashgan edi, «Sa’dni esladim», dedi». Izoh: Sa’d roziyallohu anhuning janozasiga farishtalar hozir bo‘lgan. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ham qabr bir siqib, qo‘yib yuborganini aytganlar. «Solihlar gulshani» kitobidan. Ne ne olimlar biz sahobalarning oldida hech kimmiz deyishadi. Men bu olimlarning oldida hech kimman! Men xar qancha urinmay baribir bu insonlardek bo‘lolmayman. Shunday insonni qabr siqqan ekan men nima qilay? Bu bir siqish bir kunmi, bir yilmi, bir asrmi? Axir Bilmaymiz-ku?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bizni g‘am qiladigan narsalarimiz aslida mutlaqo boshqa narsalardir. Biz esa g‘am qimaslik kerak bo‘lgan narsalarga g‘am qilib o‘tiribmiz. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: هَذَا الَّذِي تَحَرَّكَ لَهُ الْعَرْشُ، وَفُتِحَتْ لَهُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ، وَشَهِدَهُ سَبْعُونَ أَلْفًا مِنَ الْمَلَائِكَةِ لَقَدْ ضُمَّ ضَمَّةً، ثُمَّ فُرِّجَ عَنْهُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ هُنَا وَالشَّيْخَانِ فِي الْفَضَائِلِ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mana bu uning uchun Arsh harakatga kelgan, unga osmonning eshiklari ochilgan, unga etmish ming farishta hozir bo‘lgan odamdir. Batahqiq, u ham bir marta siqildi. So‘ngra u qo‘yib yuborildi», dedilar».
Bu joyda Nasaiy va ikki Shayx «Faziylatlar» bobida rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisdagi gaplarni ansoriylarning Avs qabilasi boshlig‘i, ulug‘ sahobiy Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu haqida aytganlar.
Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu vafot etib, ruhlari ko‘tarilganida u kishining hurmatlaridan Arshi A’lo harakatga kelgan, osmon eshiklari ochilgan ekan. U kishining o‘limlari va janozalariga etmish ming farishta hozir bo‘lgan ekan.
Lekin shunchalik ulug‘ maqomga ega bo‘lishlariga qaramay, qabrga qo‘yilganlarida u kishi ham qabr tomonidan bir marta siqilgan, keyin qo‘yib yuborilgan ekanlar.
Imom Ahmad keltirgan rivoyatda:
«Albatta, qabrning bir bosishi bor. Agar o‘sha bosishdan biror kishi najot topadigan bo‘lsa, Sa’d topar edi», deyilgan.
Ushbu qabrning siqishidan faqat Payg‘ambar alayhissalomlar va balog‘atga etmagan bolalargina chetda qolar ekanlar. Chunki bu ikki toifada umuman hech qanday gunoh bo‘lmaydi. Qolganlar esa bunga albatta duchor bo‘lar ekan. Gunohi ozlarni qabr siqishi ozroq, ko‘plarniki esa ko‘proq bo‘lar ekan.
Shuning uchun iloji boricha gunohdan uzoqda bo‘lishga harakat qilish lozim. Shariatimizda qaysi ish gunoh deyilsa, albatta o‘shaning yaqiniga bormaslik kerak.
Ey Biru Bor, har bir narsaga qodir Alloh! Sening O‘zingdan bizni qabr azobidan saqlashing¬ni so‘raymiz! ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 09:28 | Savol-javoblar | 228 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar