Miyani faxsh va boshqa yomon hayollardan tozalash

Assalomu alaykum! Domla miyani faxsh va boshqa yomon hayollardan tozalash uchun nima qilish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Inson ham bir idish hisoblanadi. Uning ichiga ko‘z, quloq, og‘iz va burun orqali narsa kiradi. Nima bilan to‘ldirilsa o‘sha narsa uni harakatlantirishni boshlaydi. Shuning uchun fahsh filmlarni ko‘rganlar o‘zlarini mahramlariga fahsh ish qilishdan ham tiyilolmayapti. Inson badbo‘y narsani yonidan o‘tganida burnini berkitganidek ma’naviy badbo‘y oldidan o‘tayotganda ham ko‘zini yumishi shart. Alloh taolo “Shams” surasida marhamat qiladi:فَأَلْهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقْوَاهَا۝8. Unga fujurini va taqvosini ilhom qildi.
Ushbu oyatda Alloh taolo bandalarining ichiga gunohga boshlovchi unsurni ham taqvoga boshlovchi unsurni ham qo‘yganini bayon qilgan. Inson gunoh ishlarga yaqinlashganda, buzuq narsalarni ko‘rganda, buzuq odamlarga yaqinlashganda fujurga boshlovchi unsur ishqalanib harakatga keladi va insonni ham o‘sha tomonga harakatga keltiradi. Taqvoga sabab bo‘ladigan ishlar, kishilar va nasihatlarga yaqinlashganda taqvo unsur ishqalanib harakatga keladi va insonni ham o‘sha tomonga harakatga keltiradi. Gohida inson avvaldan o‘sha ishlarga bulg‘anib keyin tavba qilgan bo‘lsa har esiga tushganda o‘sha fujurga boshlovchi unsur harakatga kelib qoladi. Bu harakatga kelish ayb emas, bu narsa hammada sodir bo‘ladi. shunday vaqtda taqvoni harakatga keltiruvchi omillarga yaqinlashish kerak bo‘ladi. Insonda ikki unsur bor. Biri fisqi-fujur qiladigan unsur, ikkinchisi taqvoga boshlaydigan unsur. Inson fisqi-fujurga yaqinlashsa yoki u haqida o‘ylasa fisqi-fujurga olib boradigan o‘sha unsur ishqalanadi, harakatga keladi va ma’siyat sodir bo‘lishigacha olib boradi. Taqvoli insonlarga, pandu-nasihatlarga yaqinlashsa taqvo unsuri ishqalanadi, harakatga keladi va sohibini ham o‘sha ishlarni qilishga undaydi. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda “Sodiqlar bilan birga bo‘linglar, ularni safida bo‘linglar” deb buyurgan. Vallohu a’lam!

6 May 2022, 15:42 | Savol-javoblar | 193 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar