Qaynotani ota deb chaqirish mumkin emasmi?

Assalomu alaykum Shayx hazratlai. Ushbu hadislarni tushuntirib bersangiz: “Bir kishi u otasi emasligini bilib turib chaqirsa, u bizdan emas, u do‘zaxdan o‘ziga joy tayyorlasin”. Buxoriy,Muslim rivoyati.“Otasidan boshqani ota deb chaqirsa, unga Allohning la’nati bo‘lsin va farishtalarning va hamma insonlarning, undan qiyomat kunigacha nafli ham, farzi ham qabul bo‘lmaydi”.Bu hadisga asosan ayrim odamlar qaynotani ham ota deb bo‘lmaydi deb fatvo chiqarishibdi. Bu fatvo to‘g‘rimi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Siz ushbu savolingiz ila jamiyatimizdagi o‘zi ko‘pchilikka sezilmas, ammo o‘ta dahshatli muammoni ko‘targansiz. Buning uchun alohida tashakkur. Endi mazkur muammo haqida bir-ikki og‘iz so‘z aytib o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Bu muammo diniy ilmlardan, arab tilidan bexabar odamlarning kitob yozishi, tarjima qilish va shunga o‘xshash ishlardan iboratdir. Ba’zi bir hadislarning tarjimasi tufayli harom narsa halolga aylanib qolgani ham achchiq haqiyqat. Misol uchun, “Sahih Buxoriy”ning tarjimasida kaltakesak halol degan tarzda hadis tarjima qilingan. Tarjimon “Zobb” degan hayvonni kaltakesak deb o‘ylagan va shunday tarjima qilgan. Zobb halol, ammo kaltakesak haromligi sal diniy ilmi bor odam uchun sir emas.-Bunga o‘xshash holatlar boshqa tarjimalarda ham ko‘p uchrab turadi. -Agar tarjima to‘g‘ri bo‘lsa ham, quruq tarjimaning o‘zi odamlarning boshini aylantiradi, turli chalkashliklarga olib boradi va ixtiloflar hamda urish-janjallar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Buni barcha ulamolar qayta-qayta tahkidlaganlar va tahkidlamoqdalar.-Siz ko‘targan masalaga kelsak, aftidan hadis matnini tarjimadan ko‘chirganga o‘xshaysiz. Qaysi imomlar rivoyati ekanini yozganingiz ham shunga dalolat. Haqiqatda, mazkur ikki ulug‘ imom shu ma’nodagi hadisga o‘xshash hadisni rivoyat qilishgan. Ammo tarjima ma’noni qo‘pol tarzda buzgan. -Imom Buxoriyning rivoyatida arabcha matn quyidagicha:عَنْ سَعْدٍ  رضى الله عنه - قَالَ سَمِعْتُ النَّبِىَّ - صلى الله عليه وسلم - يَقُولُ « مَنِ ادَّعَى إِلَى غَيْرِ أَبِيهِ ، وَهْوَ يَعْلَمُ أَنَّهُ غَيْرُ أَبِيهِ ، فَالْجَنَّةُ عَلَيْهِ حَرَامٌUning to‘g‘ri tarjimasi “Kim otasidan boshqani otasi emasligini bilib turib, otam deb da’vo qilsa, jannat unga haromdir”, bo‘ladi.Bu erda tajimon “Idda’o” da’vo qilish so‘zini “da’o” chaqirish so‘ziga almashtirib qo‘ygan. Oqibatda kim otasidan boshqaga “ota” deb murjaat qilsa, jannat unga haromdir” degan ma’no chiqqan. Ammo bu katta yoshdagi qariyalarga hurmat yuzasidan “otaxon” yoki “otajon” deb murojaat qilganga ham jannat harom bo‘ladi degani emas. Siz buni so‘rab yaxshi qilibsiz. Ammo so‘ramay fatvo berib ko‘pchilikni farishon qilganlar ham bor.Bir kishi tashvishli holda qabulimga kirdi. Xatarli masala chiqib qoldi. Hozir viloyatda telefonda kutib turishibdi. Bir necha oila buzulib ketmoqda. Tezroq javob berishimiz kerak! Sizdan so‘rashni menga havola qilishdi, dedi. Bir otincha men falon, falon kitoblarda o‘qidim, deb arabcha kitoblarning nomini aytib kim otasidan boshqaga ota deb murojaat qilsa, kofir bo‘ladi, depti. Qayinotasini ota deydigan kelinlar bor ekan shularning oilasi buzilish arafasiga kelib qolibdi.Johillikning darajasini qarang! Chalasovodlikning kasofatini qarang. Ilmsiz fatvo berishning ofatini qarang! Shuning uchun ham, Nabaiy alayhissalom “Fatvoga jur’atlirog‘ingiz, do‘zaxga jur’atlirog‘ingizdir” deganlarda!Hammamiz yaxshi anglab etishimiz kerak bo‘lgan haqiqatlardan biri diniy ta’limni yaxshi o‘zlashtirib ustozlardan ruxsat olmagan kishilar, diniy kitob yozish, tarjima qilish, va’z qilish va fatvo berish ishlariga yaqin kelmasinlar.Alloh barchamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin!

21 Aprel 2022, 12:23 | Savol-javoblar | 165 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar