Sakorotul mavt

Assalomu alaykum! Sakorotul mavt xaqida malumot bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sakarotul mavtning to‘rt bosqichi bo‘lar ekan.
1). Alloh taolo "Qof" surasida marhamat qiladi:  وَجَاءتْ سَكْرَةُ الْمَوْتِ بِالْحَقِّ ذَلِكَ مَا كُنتَ مِنْهُ تَحِيدُ۝ 19. O‘lim talvasasi haqiqat bo‘lib keldi. Mana shu sen qochib yurgan narsadir.
Dunyoda inson eng yoqtirmaydigan narsa o‘limdir. Odam bolasi uni hatto o‘ylagisi ham kelmaydi. Lekin o‘lim beshafqat hodisadir, vaqtidan kechikmay, hech narsani pisand qilmay, bostirib kelaveradi.
Oyatda o‘lim talvasasi haqiqat – haq bilan kelishi aytilmoqda:
«O‘lim talvasasi haqiqat bo‘lib keldi».
Demak, o‘lim talvasasi chog‘ida – jon berish paytida bu haqiqat insonga o‘zligini namoyon etadi. Lekin u paytda vaqt o‘tgan bo‘ladi. Endi iymon keltirgan bilan, tavba qilgan bilan iymon ham, tavba ham qabul qilinmaydi. Ey inson!
«Mana shu sen qochib yurgan narsadir».
Oxirzamon Payg‘ambari Muhammad alayhissalom jon taslim qilish payti yaqin kelganda, yuzlaridan terlarini artib turib: «Subhanalloh, o‘limning sakarotlari (talvasalari) bor», – deganlar. Allohga muloqot qilishga ishtiyoqi cheksiz zotning hollari shu bo‘lganda, boshqalar ne holga tushishlari o‘z-o‘zidan ma’lum.
2). “An’om” surasida:  وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أَوْ قَالَ أُوْحِيَ إِلَيَّ وَلَمْ يُوحَ إِلَيْهِ شَيْءٌ وَمَن قَالَ سَأُنزِلُ مِثْلَ مَا أَنَزلَ اللّهُ وَلَوْ تَرَى إِذِ الظَّالِمُونَ فِي غَمَرَاتِ الْمَوْتِ وَالْمَلآئِكَةُ بَاسِطُواْ أَيْدِيهِمْ أَخْرِجُواْ أَنفُسَكُمُ الْيَوْمَ تُجْزَوْنَ عَذَابَ الْهُونِ بِمَا كُنتُمْ تَقُولُونَ عَلَى اللّهِ غَيْرَ الْحَقِّ وَكُنتُمْ عَنْ آيَاتِهِ تَسْتَكْبِرُونَ۝ 93. Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan yoki unga hech narsa vahiy qilinmasa ham, «Menga vahiy qilindi», degan yoxud «Alloh nozil qilgan narsaga o‘xshash narsani men ham nozil qilaman», degan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor? Zolimlarning o‘lim talvasasida turgan paytlarini, farishtalarning «Joningizni chiqaring! Bugungi kunda Allohga nisbatan nohaq gap aytganlaringiz uchun va Uning oyatlaridan mutakabbirlik qilib yurganingiz uchun xorlik azobi ila jazolanursiz», – deya ularga qo‘l cho‘zib turganlarini ko‘rsang edi.
Ular o‘lim talvasasida qiynalib yotibdilar. Shunda azob farishtalari kelib, ularni azoblash uchun qo‘l cho‘zadilar. Darhol azob bermasdan, ma’naviy qiynoq ham bo‘lishi uchun, talvasa chekayotgan bu zolimlarga qarata dahshatli ovozda:
3). “Voqe’a” surasida:   فَلَوْلَا إِذَا بَلَغَتِ الْحُلْقُومَ۝ 83. Joningiz halqumga kelib qolsa-chi?
4). “Qiyomat” surasida:  كَلَّا إِذَا بَلَغَتْ التَّرَاقِيَ۝ وَقِيلَ مَنْ رَاقٍ ۝ وَظَنَّ أَنَّهُ الْفِرَاقُ ۝ وَالْتَفَّتِ السَّاقُ بِالسَّاقِ ۝ إِلَى رَبِّكَ يَوْمَئِذٍ الْمَسَاقُ۝ 26. Yo‘q! Vaqtiki, (jon) halqumga kelsa…
27. Va: «Kim buni qutqarar?» – deyilsa…
28. Va albatta, bu firoq ekaniga ishonsa…
29. Va boldirlar bir-biriga almashsa…
30. U Kunda haydab borish joyi Robbing huzuridadir.
Bu oyatlar jon chiqish holatidagi insonni tasvirlayapti. Ya’ni joni halqumiga kelib qolganda, uni hayotda olib qolish uchun barcha chora ko‘riladi. Kim qutqararkin, deb iltijo qilinadi. Lekin iloji bo‘lmay, firoq vaqti kelganiga ishonch hosil bo‘ladi. Jon chiqqanda esa oyoqlar jonsiz bo‘lib bir-biriga chalishadi.
Jon berayotganida o‘z yaqinlari, ota-onasi, aka-ukasi, birodari boshida turib, jon berish holatini, jon achchig‘ini ko‘rib tursalar-da, hanuz qiyomat kuniga ishonmovchilar holi quyidagi oyatlarda vasf qilinadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

6 May 2022, 22:49 | Savol-javoblar | 180 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar