Savodsizni savobi

Assalomu alaykum! Men axli ilimlar bilan gaplashganimda o‘zimni qanchalik omi ya’ni savodsiz ekanligimni anglayman. Savolim mendek savodsizlar o‘z vaqtida namozini o‘qib, o‘zi bilganicha savob ishlar qilib yursa(ko‘p zikr qilib, exson, yordam va xokazolar), bilmay qilib qo‘ygan yoki qilib yurgan gunoxlari avf etiladimi? Qori va olimlar kabi jannatning yuqori pog‘onasiga chiqishi mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qori va olimlardan ham yuqori darajaga chiqishi mumkin. Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh hikoya qiladilar. TEMIRChINING QISSASI Dadam Muhammad Shafe’ Usmoniyning bir hikoyasi bor edi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi etuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo u kishiga baland martaba ato qilgan edi. Vafot topganida bir kishi tushida u zotni ko‘rdi va: «Alloh sizga qanday muomala qildi?» deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi «Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi, lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi», dedi. Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka berilmagan narsa unga berilganligini o‘ylab qoldi va Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhining mahallasiga bordi.
Surishtirib ko‘rsa, haqiqatda u kishining uyining ro‘parasida bir temirchi bo‘lib, u ham vafot topgan ekan. Borib, temirchining xotinidan: «Eringiz nima qilar edi?» deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi. Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga  havasi kelib, hasrat qilib, «Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda, men ham tuni bilan tahajjud o‘qir edim», der edi. Ikkinchisi – u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirar va «Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi», der edi va masjiga qarab ketar edi», dedi. Tush ko‘rgan kishi: «Abdulloh ibn Muborakdan ham martabasining yuqori bo‘lishiga shu narsa sabab bo‘lgan ekan», dedi. E’tibor bering, temirchi ham halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz to‘qnash kelgan edi, birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi. Vallohu a’lam!

7 May 2022, 05:10 | Savol-javoblar | 161 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar