Zargarlikdagi xiyla

Assalomu alaykum! Bir tanishim zargarlik qiladi. Optom tarqatadi, tilla sotib olayotganda tillani o‘zini gramga o‘lchab pulini beradi. Uni eritib boshqa yasab sotayotganda esa ko‘zi bilan taroziga qo‘yib sotadi. Lekin bir tomoni bor, bitta tillani 260dan olsa, yasab yana 260dan sotadi, lekin uzukdagi qo‘yilgan ko‘z tillani grami bilan bir narxda sotiladi Shu halolga kiradimi? Misol bitta komplekt uzugini hisoblab ko‘rsataman, u yasagan uzukni grami 9.35 gramm. Uni 260dan hisoblasak 2.430 ming. Agar ko‘zlarini olib narxini chaqarsak 1.830 ming bo‘ladi. Ya’ni ko‘zini qo‘yib yasasa unga 600 ming foyda. Bir kunda 2 komplekt yasaydi. Iltimos shu halol yoki haromligini bilishda yordam bersangizlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim makr qilsa bizdan emas” deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu dunyoning o‘zidayoq unday insondan yuz o‘girsalar, qiyomat bo‘lganida hamma u zotning shafoatiga muhtoj bo‘lib turganida yuz o‘girishlarini tasavvur qilavering. Yolg‘on gapirmasdan rostini aytib sotsin. Alloh taolo "Mutoffifun" surasida marhamat qiladi:  وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ۝ 1. Vayl bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga.
«Vayl» so‘zining ikki xil ma’nosi bor, biri «Voy bo‘lsin», ikkinchisi esa do‘zaxning nomlaridan biri «Vayl», ya’ni «O‘lchovdan urib qoluvchilarga Vayl do‘zaxi bo‘lsin» deganidir.
Bizningcha, ikki ma’no bir-birini to‘ldirib keladi: «Vayl»ga tushgan odamning holiga voy bo‘ladi, holiga voy bo‘lgan odam «Vayl»ga tushadi.
Demak, Islom o‘zining dastlabki kunlaridan boshlaboq, birovning haqqini haromdan eyishga qarshi qattiq urush ochgan. U o‘lchovdan oz-oz urib qoluvchilarning ham do‘zaxga tushib, holi voy bo‘lishini e’lon qilgan. Qur’oni Karim bu masalani ushbu surai karimadan boshqa suralarda ham ko‘targan. Xususan, Shua’yb alayhissalom qissasida u zotning qavmlarining eng katta aybi o‘lchovda birovning haqidan urib qolish ekani takror-takror ta’kidlangan. Har safar shu haqda so‘z ketganda, Alloh taolo o‘sha qavmni mazkur aybi uchun halok qilgani ham takrorlangan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa o‘z hadisi shariflarida oyati karimalarning ma’nolarini ta’kidlaganlar. Jumladan, imom Hokim va Tobaroniy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘lchovdan urib qolmaslar. Nabototdan man qilinurlar va qahatchilik ila tutilurlar», – deganlar. Bu «O‘lchovda birovning haqidan urib qolish bilan mashg‘ul bo‘lgan qavmning yurtidan baraka ko‘tarilib, ocharchilikka duchor bo‘lurlar» deganidir.
Birinchi oyatda o‘lchovdan urib qoluvchilarga beriladigan jazo e’lon qilib bo‘linganidan so‘ng, endi keladigan oyatlarda ular mazkur qabih ishni qanday shaklda olib borishlari vasf qilinadi.  الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ۝ وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ۝ 2. Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar.
3. Va agar odamlarga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar.
Ha, o‘lchovda urib qoluvchilar asosan olibsotar savdogarlar bo‘ladilar. Ular savdogarliklarini halollik, poklik bilan qilsalar, eng barakali kasbni qilgan bo‘lar edilar, ko‘p foyda topar edilar. Ammo ular ochko‘z, ebto‘ymas shaxslarga aylanib qolganlar. Shuning uchun savdodan tushgan foydani eb, to‘ymasdan, o‘lchovdan ham urib qolib – yalab to‘ymoqchi bo‘ladilar.
Ular kishilardan narsa o‘lchab olayotganlarida zarracha ham kamaytirmasdan, iloji bo‘lsa, bir oz ortig‘i bilan o‘lchab olishga urinadilar. O‘zlari birovga o‘lchab yoki tortib berganlarida esa kamaytirib beradilar. Ana o‘shalar shu yo‘l bilan foyda ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Kishilarga sezdirmay, oson yo‘l bilan molu mulk kasb qilmoqchi bo‘ladilar. Ehtimol, ular bu besh kunlik dunyoda qo‘lga tushmay, qilgan jinoyatlarining jazosini tortmay, qutulib ketarlar. Ammo...  أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُم مَّبْعُوثُونَ۝ 4. Ana shular albatta qayta tiriltirilishlarini o‘ylamaydilarmi? ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

7 May 2022, 09:33 | Savol-javoblar | 147 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar