Nomahramga ilm o‘rgatish

Assalomu alaykum! Ustozlar, Alloh ilmingizni ziyoda qilsin. Yoshim 20da, mendan bir yosh kichik nomaxram zaifa tanishim bor. Tibbiyot institutiga kirish uchun tayyorlanadi. Bilgan ilmimni unga xam o‘rgatishni iltimos qilyapti. Nima qilsam bo‘ladi? Javobingiz uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Quyidagi hadis sizni yolg‘iz qolishingizga ham tegishli. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْطُبُ يَقُولُ : لَا يَخْلُوَنَّ رَجُلٌ بِامْرَأَةٍ إِلَّا وَمَعَهَا ذُو مَحْرَمٍ، وَلَا تُسَافِرِ الْمَرْأَةُ إِلَّا مَعَ ذِي مَحْرَمٍ، فَقَامَ رَجُلٌ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ امْرَأَتِي خَرَجَتْ حَاجَّةً، وَإِنِّي اكْتُتِبْتُ فِي غَزْوَةِ كَذَا وَكَذَا، قَالَ: انْطَلِقْ، فَحُجَّ مَعَ امْرَأَتِكَ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xutba qilib: «Zinhor er kishi ayol kishi bilan xoli qolmasin. Illo, u ayol bilan mahrami bo‘lsa, mayli. Ayol kishi faqatgina mahrami bilangina safar qilsin», dedilar. Shunda bir kishi turib: «Ey Allohning Rasuli! Mening xotinim hajga chiqdi. Men esam falon g‘azotga yozildim», dedi. «Bor! Xotining bilan birga haj qil», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilganlar. Sharh: Bu hadisi sharifda ayol kishi haj qilishi uchun u bilan mahrami birga bo‘lishi shart ekanligi kelib chiqadi. Shuningdek, ayol kishi begona erkak bilan xoli qolishi mumkin emas. Chunki bu holat fitnaga sabab bo‘ladi. Muslima ayol safarga chiqqanida ham, albatta, o‘z eri yoki birorta mahrami bilan birga chiqmog‘i lozim. Chunki safarda turli holatlar yuzaga kelishi, jumladan, ayol kishi uchun noqulay holatlar, ayniqsa, muslima ayolning sharafiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar yuzaga kelishi aniq. Ana o‘shanday paytlarda muslima ayolga eri yoki mahrami xizmat qiladi va uning sharafini va hurmatini joyiga qo‘yadi. Payg‘ambarimiz alahissalom bir kishiga g‘azotdan qolib, xotinini hajga kuzatib borishni amr qilmoqdalar. Bu ham haj qiluvchi ayolga mahram o‘ta zarur va shartligini ko‘rsatadi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 16:23 | Savol-javoblar | 153 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar