Ashuro kuni haqida muhim voqealar

Assalomu alaykum! Ashuro kunining fazilatli kun ekani haqida hadislardan o‘qib ancha bilimga ega bo‘ldik ammo yaqinda yangi bir ma’lumotlar o‘qidim shular sahihmi bilmoqchi edim Alloh rozi bo‘lsin sizlardan! Ashuro kunida ro‘y bergan muhim voqealar va bu kunda amalga oshirishi zarur bo‘lgan amallar “Ashuro kuni” muharram oyining o‘ninchi kuni bo‘lib, dinimiz ta’limotlarida bu kunni hurmatlash sunnat amallardan hisoblanadi. Ashuro kunini hurmatini hattoki arshni ko‘taruvchi farishtalar ham biladilar. Xususan, bu kunda (ashuro kuni – muharram oyining o‘ninchi kunida) payg‘ambarlar tarixida ham muhim voqealar ro‘y bergan. Jumladan: – Ashuro kunida Ibrohim alayhissalom tug‘ildilar hamda shu kunda (Namrud yoqtirgan) olovdan qutqarilganlar; – Ashuro kunida Alloh taolo Muso alayhissalomga najot berdi va shu kunda uning dushmani bo‘lgan Fir’avnni Nil daryosiga g‘arq qilgan; – Ashuro kunida Idris alayhissalom oliy makonga ko‘tarilganlar; – Alloh taolo Ayyub alayhissalom Ashuro kunida darddan forig‘ qilgan; – Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilish voqeasi ham Ashuro kunida sodir bo‘lgan; – Alloh taolo Odam alayhissalomning tavbasini Ashuro kunida qabul qilgan; – Nuh alayhissalomning kemasi ham Judiy tog‘iga aynan shu kunda to‘xtagan; – Yana Sulaymon alayhissalomning uzugi shu kunda o‘zilariga qaytarilgan; – Yunus alayhissalomning baliqning qornidan salomat chiqishlari ham Ashuro kunida bo‘lgan; – Shuningdek, Yusuf alayhissalomning otalari Yaqub alayhissalom bag‘riga qaytishi, ota-bolaning uzoq yillik hijrondan so‘nggi uchrashuvi ham aynan Ashuro kunida ro‘y bergan. – Bundan tashqari, Jabroil, Miykoil, Asrofil farishtalar va arshu kursi ham Ashuro kunida yaratildi. Ashuro kunida osmonu erlar, jannat va qalam ham shu kunda yaratildi. Bu kunda nafl ro‘za tutish mustahab amaldir. Payg‘ambarimiz alayhissalom ashuro kunida yosh bolalarga muborak so‘laklarini tahnik (tanglayga tekkizish) qilib qo‘yar edilar va bolalar uning barakotidan shu kuni kun botgungacha ochqashmas edi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: «Uning fazilatini topishga harakat qilinglar, chunki Alloh taolo kunlarni ichida shu kunni ixtiyor qilgan muborak kundir. Kim bu kunda ro‘za tutsa, Alloh taolo jami farishtalar, payg‘ambarlaru rasullar, shahidlaru solihlarning qilgan ibodatlaridan u insonga nasiba etkazadi». Bu kunda, ya’ni ashuro kunida nafl (ixtiyoriy) ro‘za tutish, qarindoshlar holidan xabar olish, mabodo ular bilan uzilish bo‘lgan bo‘lsa, yana aloqani qayta tiklash juda ham savobli va fazilatli amallardan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarida: «Kimki qarindoshligi uzilgan bo‘lsa, so‘ng uni ashuro kunida qayta tiklasa, unga Alloh taolo Yahyo ibn Zakariyo va Iso alayhimussalomlarning ibodatlaridan nasiba beradi hamda jannatda ikkovlari bilan mana shunday bo‘ladi deb ko‘rsatgich va o‘rta barmoqlarini bir-biriga yopishtirib ko‘rsatdilar». Ashuro kunida muhtoj kishilarga sadaqotlar berish ham samarali yaxshi amallardan bo‘lib, bu borada ham Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: «Kimki ashuro kunida zarracha misqol sadaqot qilsa, Alloh taolo unga Uhud tog‘icha savob beradi va qiyomat kunida uning tarozisi og‘ir bo‘ladi». Ashuro kuni barakoti ziyoda fazilatli kun bo‘lib, shu kunni fazilatini qo‘lga kiritish uchun har birimiz ko‘plab xilma-xil savobli ishlarni bajarib, Alloh taoloni rizochiligini topishimizga o‘zi muvaffaq aylasin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ashuro kuni haqida har xil xurofotlar juda ko‘p tarqalgan. Jumladan siz keltirgan ma’lumotlarning aksari mavzu, to‘qima yoki zaif xabarlardandir. Ashuro kuni haqida sobit bo‘lgan to‘g‘ri xabar shuki u muharram oyining 10-kuniga to‘g‘ri keladi. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَدِمَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ فَرَأَى الْيَهُودَ تَصُومُ يَوْمَ عَاشُورَاءَ، فَقَالَ: مَا هَذَا؟ قَالُوا: هَذَا يَوْمٌ صَالِحٌ، هَذَا يَوْمٌ نَجَّى اللهُ بَنِي إِسْرَائِيلَ مِنْ عَدُوِّهِمْ فَصَامَهُ مُوسَى، قَالَ: فَأَنَا أَحَقُّ بِمُوسَى مِنْكُمْ، فَصَامَهُ وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ  Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib, yahudiylarning Ashuro kuni ro‘zasini tutayotganlarini ko‘rdilar va:
«Bu nima?» dedilar.
«Bu solih kundir. Bu kun Alloh Bani Isroilni dushmanidan qutqargan kun. O‘shanda Muso uning ro‘zasini tutgan», deyishdi.
U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Men sizlardan ko‘ra Musoga haqliroqman», dedilar va uning ro‘zasini tutdilar, tutishga amr qildilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Mana shu sobit bo‘gan sahih hadis. Yana o‘sha kuni ahli ayoliga rizqni mo‘l qilish haqida ko‘p gaplar tarqalgan. Ularning ham aksari zaif. Bu borada ham sobit bo‘lgan ma’lumot shuki, solih salaflarimiz, ulamolarimiz, jumladan Sufyon ibn Uyayna “Men buni ellik yil tajribadan o‘tkazdim(60 yil deb kelgan rivoyatlar ham bor). Faqat yaxshilik topdim” deganlar. Ya’ni tajribadan o‘tkazganlar. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:26 | Savol-javoblar | 158 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar