Qurigan najosat pok bo‘ladimi

Assalomu alaykum! Qurigan najosat pok bo‘lishini o‘qib bildim. Lekin qurigan najosatga suv tegsa yana najosat bo‘ladimi? Misol uchun molni qurib qolgan najosati kiyimda bo‘lsa va u kiyimga suv tegsa ko‘p miqdorda kiyimni ichidagi kiyimlar xam nopok bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qurigan najosat pok bo‘lmaydi, balki erga najosat tegsa qurib xidi ko‘tarilsa er pok bo‘ladi. Boshqa holatda pok bo‘lmaydi. Namlik tekkanlarini hammasi nopok bo‘ladi.
Kiyimni poklagandan keyin badanni va makonni poklash yana ham zarur bo‘ladi.
Kiyimning pok bo‘lishi shartligiga dalil: عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَنْتُ أَغْسِلُ الْجَنَابَةَ مِنْ ثَوبِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَخْرُجُ إِلَى الصَّلَاةِ وَإِنَّ بُقَعَ الْمَاءِ فِي ثَوْبِهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«U kishi:
«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kiyimlaridan junublik asarini yuvib qo‘yar edim. Ul zot namozga kiyimlaridagi suvning ho‘li bilan chiqar edilar», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Namozxonning kiyimi sajda paytida najosatga tegsa zarar qilmaydi. Agar najosat oyoqlari ostida, peshonasini qo‘yadigan erda va ikki qo‘li yoki tizzasini qo‘yadigan joyda bo‘lsa, namozi buziladi.
Afv qilingandan ko‘p miqdordagi najosat ila uni bilmasdan o‘qigan odamning namozi botil bo‘ladi. Qazosini o‘qishi lozim bo‘ladi.
Kiyimning to‘rtdan biri pok bo‘lsa-yu, undan boshqa kiyim bo‘lmasa, unda namoz o‘qish joiz. Undan ozi pok bo‘lsa, yalang‘och o‘qish joiz.
Kiyimga najosat tekkani ma’lum bo‘lsa-yu, qaeriga tekkani aniq bo‘lmasa, bir tarafini yuvib tashlab, namoz o‘qiyversa bo‘ladi.
Tuxum palag‘da bo‘lib, uning ichidagi qonga aylangan narsa kiyimga tegsa, bu kiyim bilan namoz o‘qish joiz.
Badanning pok bo‘lishi shartligiga dalil: عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ: جَاءَتْ فَاطِمَةُ بِنْتُ أَبِي حُبَيْشٍ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ   فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنِّي امْرَأَةٌ أُسْتَحَاضُ فَلَا أَطْهُرُ، أَفَأَدَعُ الصَّلَاةَ؟ فَقَالَ: لَا، إِنَّمَا ذَلِكِ عِرْقٌ وَلَيْسَ بِالْحَيْضَةِ، فَإِذَا أَقْبَلَتْ الْحَيْضَةُ فَدَعِي الصَّلَاةَ، وَإِذَا أَدْبَرَتْ فَاغْسِلِي عَنْكِ الدَّمَ وَصَلِّي. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Fotima binti Abu Hubaysh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli! Men istehoza bo‘laman, pok bo‘lmayman. Namozni qo‘yamanmi?» deb so‘radi. U zot:
«Yo‘q. Bu tomir kasalligidir, hayz emas. Qachonki hayz kelsa, namozni qo‘y. Qachonki u 
(kunlar) o‘tib ketsa, o‘zingdan qonni yuvib, namozni o‘qiyver», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Makonning pok bo‘lishi shartligiga dalil: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَامَ أَعْرَابِيٌّ فَبَالَ فِي الْمَسْجِدِ، فَتَنَاوَلَهُ النَّاسُ، فَقَالَ لَهُمُ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  دَعُوهُ، وَهَرِيقُوا عَلَى بَوْلِهِ سَجْلًا مِنْ مَاءٍ أَوْ ذَنُوبًا مِنْ مَاءٍ، فَإِنَّمَا بُعِثْتُمْ مُيَسِّرِينَ وَلَمْ تُبْعَثُوا مُعَسِّرِينَ  Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi:
«Bir a’robiy turib, masjidda bavl qildi. Odamlar unga yopishib ketishdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga: «Uni tek qo‘yinglar va peshobining ustiga bir chelak [yoki bir katta chelak] suv quyinglar. Axir osonlashtiruvchi etib yuborilgansiz, qiyinlashtiruvchi qilib yuborilgan emassiz», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Erga to‘shalgan narsaga najosat tekkan bo‘lsa, pok erida namoz o‘qisa bo‘ladi.
Najosatning ustidan uni to‘suvchi narsani solib namoz o‘qisa bo‘ladi.
To‘shalgan narsa qalin bo‘lib, ostidagi najosat ustiga chiqmaydigan bo‘lsa, ustida namoz o‘qisa bo‘ladi.
Oyoq kiyimining osti najas bo‘lsa, echib, oyog‘ini uning ustiga qo‘yib janoza namozini o‘qish joiz.
Najas erga qamalgan odam iloji boricha najasdan chetlangan holda namozni o‘qishi farz. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam!

7 May 2022, 16:49 | Savol-javoblar | 206 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar