Olimlar shafoati

Assalomu alaykum! Men Imom G‘azzoliyni "Qiyomat va oxirat" kitobida o‘qib qoldim. Alloh olimlarga jannat xushxabarini berib ularga shafoat berish imkoniyatini berarkan. Shunda olimlarga bitta bo‘lsa ham yaxshilik qilgan, ularni kitobini tarqatganlar o‘rinlaridan turadilar. Olimlar esa ularni shafoat qiladi deyilgan ekan. Shu yozilganlar to‘g‘rimi? Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shafoatlaridan umid qilamiz. Agar Imom G‘azzoliyni kitobida yozgan narsalar to‘g‘ri bo‘lsa, olimlarni kitobini o‘qish uchun ilm o‘rganuvchilarga tarqatib olimlarni shafoatidan ham umid qilsak bo‘ladimi yoki bu noto‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Albatta, qiyomat kuni bo‘lsa payg‘ambarlardan tashqari siddiq, shahid va olimlarga ham shafoat qilish huquqi beriladi. عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَشْفَعُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ثَلاَثَةٌ: الْأَنْبِيَاءُ ثُمَّ الْعُلَمَاءُ ثُمَّ الشُّهَدَاءُ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qiyomat kuni uch toifa shafoat qiladi: «Anbiyolar, ulamolar va shahidlar», dedilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
Sharh: Hadisi sharifning ma’nosidan ko‘rinib turibdiki, Islom ulamolari nafaqat bu foniy dunyoda, balki u boqiy dunyoda ham yuksak e’zozlanar ekanlar. Qiyomat kuni ulamolar payg‘ambarlardan keyingi martabaga, hatto Islom uchun Allohning yo‘lida jihod qilib, jon bergan shahidlardan ham ustun martabaga erishar ekanlar. Qiyomat kunining nima ekanligi hammaga ma’lum. U kunda hamma g‘am-tashvishda, qo‘rqinchda qolishi, birov bilan birovning ishi bo‘lmay qolishi barchaga ma’lum. Ana o‘shanday kunda Alloh taolo o‘z bandalaridan uch toifasiga alohida imtiyoz berar ekan. Ular barcha qo‘rqinch, dahshat va xorliklardan mustasno qilinib, boshqa bandalarga shafoat berish huquqiga ega bo‘lar ekanlar.
Avvalo anbiyolar o‘zlari xohlagan, munosib bilgan kishilarga shafoat berib, Allohdan ularni jannatga kiritishini so‘rar ekanlar.
Anbiyolardan so‘ng esa ulamolarga shafoat qilish huquqi berilar ekan. Ular ham o‘zlari munosib deb bilgan odamlarga shafoat berib, Allohdan ularni jannatga kiritishini so‘rar ekanlar. So‘ngra bu ishga shahidlar muyassar bo‘lar, ular ham ma’lum kishilarni shafoat qilar ekanlar.
Ushbu hadis ulamolarning oxiratdagi martabalari qanchalik ulug‘ ekanligini ko‘rsatib turibdi. Bu esa olim bo‘lish uchun qattiq intilish lozimligini ham bildiradi.
Ulamolarning fazli haqidagi hadislar juda ham ko‘p. Ulardan ba’zilarini keltiramiz:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
1. «Qiyomat kuni Alloh azza va jalla bandalari orasida ajrim qilish uchun kursisiga o‘tirganida ulamolarga: «Men ilmim va hilmimni sizlarning bor narsalaringizni tanlamasdan, mag‘firat qilishim uchun berganman», deydi», dedilar.
2. «Alloh qiyomat kuni bandalarni qayta tiriltirganida ulamolarni ajratib olib: «Ey ulamolar jamoasi, Men sizlarga ilmimni sizni azoblashim uchun bergan emasman. Ketaveringlar, sizlarni mag‘firat qildim», deydi», deganlar.
3. «Ibodatning afzali fiqhdir. dinning afzali parhezkorlikdir», deganlar.
(Parhezkorlik eng halol narsalarni iste’mol qilib, shubhali narsalarni tark etish, taqvoli bo‘lishdir).
4. «Tolibi ilmga ilm talab qilib turgan holatida o‘lim kelsa, u shahiddir», deganlar.
5. «Kimga ilm talab qilib turgan holida ajali kelsa, u bilan payg‘ambarlarning o‘rtasida faqat payg‘ambarlik bo‘ladi, xolos», deganlar.
Ushbu besh hadisni Imom Termiziy rivoyat qilganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Er yuzida ulamolar xuddi eru suvning qorong‘uligida yo‘l topishga yordam beruvchi yo‘lchi yulduzga o‘xshaydilar. Yulduzlar g‘oyib bo‘lganda yo‘lovchilar adasha boshlaydilar», dedilar.
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Olim bilan obid qayta tiriltiriladi. Obidga: «Jannatga kir», deydilar. Olimga: «Odamlarning odobini go‘zal qilib tarbiyalaganing sababli ularga shafoat berish uchun sobit tur», deyiladi», dedilar.
Ushbu hadisi shariflardan ibrat olmog‘imiz, hayotimizda ulardan foydalanmog‘imiz lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 17:04 | Savol-javoblar | 166 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar