Quronni o‘qish qoidasi

Assalomu alaykum! Men Quran .uz saytida Quroni kariymni o‘qib tugatish 30 yoki 40 kundan oshib ketsa makrux ekanligi xaqida o‘qidim bu xammaga tegishlimi agar 30 kunda tugata olmaydiganlar bolsa ularning o‘qiganlari qabul emasmi masalan men xam 30 kunda tugata olmayman demak o‘qimasligim kerakmi
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Imom Termiziy o‘zining «Sunan»ida quyidagilarni yozadi:
«Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch kundan kamda Qur’onni o‘qib chiqqan kishi hech nima anglamabdi», dedilar».
Yana Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadiki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga: «Qur’onni qirq kunda o‘qib chiq», degan ekanlar.
Ishoq ibn Ibrohim aytadi: «Ushbu hadisga ko‘ra, kishiga Qur’onni o‘qib chiqmagan holida qirq kun o‘tkazishini ravo ko‘rmaymiz».
Ba’zi ahli ilmlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisga asoslanib, «Qur’onni uch kundan kamda o‘qib chiqmaydi», degan bo‘lsa, ba’zilari bunga ruxsat bergan. Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, u bir rak’at vitrda Qur’onni to‘liq o‘qib chiqar ekan. Sa’id ibn Jubayrning ham Ka’bada bir rak’atda Qur’onni o‘qib chiqqani rivoyat qilingan. Biroq, ilm ahliga qiroatda tartil suyukliroqdir».
Imom Termiziyning rivoyatiga ko‘ra, Nabiy sollallohu alayhi vasallam taraflaridan birinchi bo‘lib qirq kunda xatm qilish tavsiya etilgani aytilgan bo‘lsa da, ko‘pchilik rivoyatlarda, jumladan, «Sahihi Buxoriy»da ham tavsiya bir oyda xatm qilishdan boshlangani rivoyat qilingan. Shu bois qadimdan ko‘pchilik bir oyda bir xatm qilishga odatlangan. Qur’oni Karimning o‘ttiz juzga taqsimlanishiga ham sahobalar va ulardan keyingi tobe’inlar o‘rtasida har oyda xatm qilish keng yoyilgani asosiy sabab bo‘lgan. Ya’ni ularning kunlik vazifalaridan kelib chiqib, Qur’oni Karim 30 poraga bo‘lingan.
Biroq, bu degani undan ko‘p muddatda xatm qilsa, inobatga o‘tmaydi, degani emas. Balki, 30 yoki 40 kun o‘tib ham xatmisi etmasligi karohiyatli ish deganidir. Bu ham bir ijtihodiy qarashlardan ekanini ham hisobga olish darkor. Vallohu a’lam!

8 May 2022, 12:41 | Savol-javoblar | 187 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar