Nazr ro‘zadan savob bo‘ladimi

Assalomu alaykum! Nazr qilingan ro‘za savob umidida tutiladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Albatta. Chunki Alloh taolo "Moida" surasida marhamat qiladi:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَوْفُواْ بِالْعُقُودِ أُحِلَّتْ لَكُم بَهِيمَةُ الأَنْعَامِ إِلاَّ مَا يُتْلَى عَلَيْكُمْ غَيْرَ مُحِلِّي الصَّيْدِ وَأَنتُمْ حُرُمٌ إِنَّ اللّهَ يَحْكُمُ مَا يُرِيدُ۝ 1. Ey iymon keltirganlar! Ahdnomalarga vafo qiling! Sizga keyin tilovat qilinadiganlaridan boshqa chorva hayvonlari halol qilindi, ehromdalik vaqtingizda ovni halol sanamagan holingizda. Albatta, Alloh iroda qilganini hukm qiladir.
Oyati karimadagi «ahdnomalar» so‘zidan ikki tomon o‘zaro kelishib tuzadigan va imzolab, tasdiqlaydigan hozirgi urfdagi ahdnomalarni tushunmaslik kerak. Bu erda keng ma’nodagi ahdnomalar nazarda tutilgan. Avvalo, bu ahdnomalar insonning banda sifatida Alloh taolo huzuridagi ahdnomalaridir. Bu iymon ahdnomasi deyiladi va unga Allohning yagona ilohligini, Robbligini va Hokimligini e’tirof etish, Unga banda bo‘lish, itoat qilish va taslim bo‘lish kiradi. Bu ahdnomani Alloh taolo birinchi inson Odam Atodan boshlab ola boshlagan. Yana ahdnoma Odam Atoning zurriyotidan ham olingandir.
Bunday umumiy ahdnomalarga insonning o‘ziga o‘zi qilgan shaxsiy ahdlari ham, jumladan, nazr ataganmi, biror ishni Alloh yo‘lida qilishga ahd etganmi yoki boshqa ahdlarimi, hammasi kiradi.
Shuningdek, insonning xoh do‘st bo‘lsin, xoh dushman bo‘lsin – boshqa shaxslar bilan, turli jamoa hamda guruhlar bilan tuzgan ahdnomalari ham, savdo-sotiq, qarz, vakillik, kafillik kabi ishlar ham ushbu tushuncha ostiga kiradi.
Albatta, boshqa davlatlar va xalqlar bilan tuzilgan shartnomalar ham ushbu oyatda zikr etilgan ahdnomalarga kiradi. Alloh taolo mo‘min bandalariga xitob etib, barcha ahdlariga vafo qilishni buyurmoqda. Zotan, ahdga vafo Islomdagi eng ulkan xislatlardandir. Shuningdek, ahdga bevafolik katta gunohdir.
Allohga berilgan iymon ahdida halol va haromning hukmini faqat Alloh taoloning O‘zidan olish sharti ham mavjud. O‘sha ahdga muvofiq, nima halolu nima haromligini Alloh taolo O‘zi belgilamoqda.
«Sizga keyin tilovat qilinadiganlaridan boshqa chorva hayvonlari halol qilindi...»
Biz «chorva hayvonlari» deb tarjima qilgan so‘z Qur’oni Karim matnida «An’om» deb kelgan. Bu so‘z arab tilida tuya, qoramol va qo‘y-echkilarga nisbatan ishlatiladi. Bunda xonakilari ham, yovvoyilari ham barobardir. Demak, mazkur hayvonlar aslida halol, ammo ba’zi mustasno hollarda harom bo‘lishi ham mumkin. Bunday hollar oz bo‘lgani uchun ular alohida ko‘rsatilmoqda. O‘sha istisno hollardan birinchisi
«...ehromdalik vaqtingizda ovni halol sanamagan holingizda» jumlasida bayon etilgandir.
Ma’lumki, haj yoki umra niyatida ehromga kirish bu dunyoning ishlarini harom qilib, butun borlig‘i bilan Allohga ajralib chiqishni bildiradi. Hoji yoki umrachi o‘ziga hatto odatdagi kiyimlarini ham harom qilib, niyat ila Masjidul Harom tomon yo‘l olgan shaxsdir. Shuning uchun u barcha jonli narsalarga ozor berishdan qo‘lini tiymog‘i lozim. Bu ko‘rsatma tabiatni muhofaza qilishning o‘ziga xos darsi hamdir. Ehromdagi odam hech qanday hayvonni ov qilmaydi, cho‘chitmaydi, ovchiga ko‘rsatib bermaydi, daraxtlar va o‘simliklarni kesmaydi, sindirmaydi. Shu yo‘l bilan u bu vaqtinchalik darsda hayot mazmunini, hamma tirik jonivorga hayot bergan Alloh taologa aloqadorligini anglab etadi. O‘zi o‘rganib qolgan mog‘orli fikr va odatlardan yuqori ko‘tarilib, ruhiy cho‘qqilarga chiqadi.
Oyatning so‘ngida mazkur ahdnomalarning eng zo‘rlaridan biri esga olinadi:
«Albatta, Alloh iroda qilganini hukm qiladir».
Uning irodasining cheki yo‘q. U mutlaq irodali Zot. Nimani xohlasa, shuni hukm qiladi. Uning hukmi hamma yoqda joriy bo‘lishi lozim. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

8 May 2022, 20:32 | Savol-javoblar | 140 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar