Muslimani g‘ayridinga nikohi

Assalomu alaykum! Bir tanishim qiz bola musulmon diniga mansub. Shu qiz xristian diniga mansub bo‘lgan yigitga turmushga chiqmoqchi. Qiz yigitga nikox o‘qitamiz, chunki men musulmon dinidanman desa yigit yo‘q o‘qitmaymiz nikox o‘qitadigan bo‘lsak man o‘z dinimdan chiqib musulmon dinini qabul qilishim kerak debdi. Shu masalaga oydinlik kiritsangizlar. Qarama-qarshi dinda bo‘lganlar o‘rtasida o‘qiladigan nikox dinimizda mumkinmi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Muslima ayol boshqa dindagi odamga nikohlanishi hech qanaqasiga joiz emas. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:   وَلاَ تَنكِحُواْ الْمُشْرِكَاتِ حَتَّى يُؤْمِنَّ وَلأَمَةٌ مُّؤْمِنَةٌ خَيْرٌ مِّن مُّشْرِكَةٍ وَلَوْ أَعْجَبَتْكُمْ وَلاَ تُنكِحُواْ الْمُشِرِكِينَ حَتَّى يُؤْمِنُواْ وَلَعَبْدٌ مُّؤْمِنٌ خَيْرٌ مِّن مُّشْرِكٍ وَلَوْ أَعْجَبَكُمْ أُوْلَئِكَ يَدْعُونَ إِلَى النَّارِ وَاللّهُ يَدْعُوَ إِلَى الْجَنَّةِ وَالْمَغْفِرَةِ بِإِذْنِهِ وَيُبَيِّنُ آيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَذَكَّرُونَ۝ 221. Mushrikalarni iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang. Shubhasiz, mo‘mina cho‘ri mushrikadan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir. Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang. Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir. Anavilar o‘t-olovga chaqirarlar. Alloh esa O‘z izni ila jannatga va mag‘firatga chaqirar hamda odamlarga O‘z oyatlarini bayon qiladir. Shoyadki, eslatma olsalar.
Nikoh insoniy aloqalar ichida eng muqaddas va ahamiyatlisidir. Bu aloqa odam bolasining ko‘plab xohish-istaklariga javob beradi. Nikohdagi ikki shaxs bir-biriga eng yaqin shaxslar hisoblanadilar. Bu holga erishish avvalo, qalblarning birlashmog‘ini, qalblarning birlashmog‘i esa aqiyda birligini taqozo etadi. Chunki har bir insonning hayotiy yo‘lini belgilaydigan o‘lchov uning diniy nuqtai nazari bo‘ladi. Shu boisdan Islomda aqiydasida buzuq ayollarga uylanish, mushrik erkaklarga turmushga chiqish man etiladi.
«Mushrikalarni iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang».
Musulmon erkak Islom aqiydasidan o‘zga aqiydadagi mushrika ayolga uylanishi mumkin emas. Lekin u ayol o‘z dinini tark etib, Islom diniga kirib, mo‘mina bo‘lsa, shundan keyin uylansa bo‘ladi. Bu hukmdan yahudiy va masihiy dinidagi ayollar mustasno. Ular o‘z dinlarida tursalar ham, musulmon erkak ularga uylansa bo‘ladi. Boshqa oyatlar munosabati bilan bu masalani yana o‘rganamiz, inshaalloh.
Mushrika ayollarga uylanishni man qilgandan keyin Alloh taolo ayollarning qay biri O‘zining huzurida yaxshi ekanini bayon qilmoqda:
«Shubhasiz, mo‘mina cho‘ri mushrikadan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir».
Allohning huzurida ayol kishining yaxshi-yomonligini o‘lchashdagi bosh mezon uning iymonidir. Agar ayol kishi cho‘ri bo‘lsa ham, mo‘mina bo‘lsa, bas, boshqa har qanday ayoldan yaxshidir. To‘g‘ri, mushrika ayol o‘zining ozodligi, husni-jamoli, shakli-shamoili, mol-dunyosi, nasli-nasabi va yana qandaydir jihatlari bilan erkaklarni qiziqtirishi, ularga yoqishi mumkin. Lekin mushrikaligi, iymonining yo‘qligi, Allohga shirk keltirishi hamma narsadan yomon. Unday mushrika ayoldan cho‘ri bo‘lsa ham, xunuk bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham, nasli-nasabi go‘yo past bo‘lsa ham, mo‘mina ayol yaxshidir. Qalbidagi iymoni uni yuqori darajalarga olib chiqadi.
Shuningdek, mo‘mina ayollarning mushrik erkaklarga turmushga chiqishlari, ularga nikohlanishlari qat’iyan man qilinadi:
«Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang».
Ya’ni mo‘minalarni ularning nikohiga bermang. Muslima-mo‘mina ayollar musulmon dinidagi erkakdan boshqa erkakka turmushga chiqishlari mutlaqo mumkin emas. Agar u erkak Islomga kirib, mo‘min bo‘lsagina, ruxsat bo‘ladi.
Hatto erkak yahudiy yoki masihiy dinida bo‘lsa ham, muslima ayolning unga nikohlanishi harom. Faqat musulmon erkak bo‘lishi shart. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom: «Biz ahli kitobning ayollariga uylanamiz, ular bizning ayollarimizga uylanmaydilar», – deganlar.
Xuddi ayollarga o‘xshab, erkaklar fazlining o‘lchovi ham iymondir:
«Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir».
Ya’ni erkak kishi qul bo‘lsa ham, mo‘min bo‘lsa, bas, boshqa iymonsiz erkaklardan yaxshidir...
Erkak bo‘lsin, ayol bo‘lsin, iymonsizligi, mushrikligi juda yomon, kim ular bilan aloqada bo‘lsa, xususan, nikoh kabi muqaddas va nozik aloqada bo‘lsa, kasofati uradi. Urganda ham, eng hassos nuqtada – aqiyda bobida uradi va inson o‘z turmush o‘rtog‘iga ergashib, dinidan chiqib ketishi xavfi bor. Shuning uchun oyatda:
«Anavilar o‘t-olovga chaqirarlar», – deyiladi.
Anavilar (mushriklar) o‘zlari bilan birga bo‘lganlarni mushriklikka, bu degani, do‘zax o‘tiga chaqiradilar.
«Alloh esa O‘z izni ila jannatga va mag‘firatga chaqirar hamda odamlarga O‘z oyatlarini bayon qiladir. Shoyadki, eslatma olsalar».
Shuning uchun Alloh taoloning bayon qilib bergan oyatlariga amal qilib yashash kerak. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

24 Aprel 2022, 15:12 | Savol-javoblar | 175 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar