Dam solishdagi ta’sir

Assalomu alaykum! Aniq esimda yo‘q, lekin esimda qolgani bir kishi farzandiga dam soldirgani olib boradi, dam solgan inson uning farzandiga «Ixlos» surasini avvalgi 2 oyatini o‘qib dam uradi. Bu odam yo‘lda kelayotganida bir odamga shikoyat qilib faqat «Ixlos» surasini 2 oyatini o‘qib dam urdi xalos desa xaligi odam sizga 2 oyatni marhamat qilibdi debdi. Savolim shundan iboratki avvalgi insonlarga faqat bir oyat kifoya qilgan bo‘lsa nega hozir butun bir suralar ham ta’sir ko‘rsatmayotganday? Yoki dam uruvchilar to‘liq suralarni to‘g‘ri talaffuz qilolmayotganidanmi yoki dam soldiruvchi shariat chizig‘idan chiqqanidanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hozirgi kunda aksar dam soluvchilarni aqiydalari to‘g‘ri emas, farzlarga bee’tibor, hayotlari sunnatga xilof, g‘aybni da’vo qiluvchilari qancha. Ammo ilmiga amal qiluvchi, sof e’tiqodli olimlarimizning holatlari hozir ham shunday. Ustozimiz rahimahullohning huzurlariga jin tekkanlar kelib huzurlaridan jinlardan qutilib ketganlariga ham guvoh bo‘lganlar bor. Albatta sahobalardagi iymon, ishonch, yaqiyn, ixlos hozirgi kundagilarda u darajada topilmasligi aniq. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan boshqalarning orasidagi farqni quyidagicha ta’riflaganlar. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ بَيْنَ خَالِدِ بْنِ الْوَلِيدِ وَبَيْنَ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ شَيْءٌ، فَسَبَّهُ خَالِدٌ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا تَسُبُّوا أَحَدًا مِنْ أَصْحَابِي، فَإِنَّ أَحَدَكُمْ لَوْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلَا نَصِيفَهُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ. وَلِلتِّرْمِذِيِّ: إِذَا رَأَيْتُمُ الَّذِينَ يَسُبُّونَ أَصْحَابِي فَقُولُوا لَعْنَةُ اللهِ عَلَى شَرِّكُمْ Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Xolid ibn Valid bilan Abdurrahmon ibn Avfning o‘rtasida bir gap o‘tgan edi. Bas, Xolid uni so‘kdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sahobalarimdan birortasini ham so‘kmanglar! Sizlardan biringiz Uhud mislicha oltin nafaqa qilsa ham, ulardan birining muddicha yoki yarim muddichasiga eta olmas», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilganlar. Termiziyning rivoyati: «Qachon sahobalarimni so‘kayotganlarni ko‘rsangiz, «Sizning sharringizga Allohning la’nati bo‘lsin», denglar», dedilar». Sharh: «Mudd» – og‘irlik o‘lchovi. Ushbu hadisi sharifdan bir necha xulosalar kelib chiqadi: 1. Sahobai kiromlarni mutlaqo so‘kib bo‘lmasligi. 2. Sahobai kiromlarning qilgan amallari, jumladan, sadaqalarining savobi ham ko‘p martaga ziyoda qilib berilishi. 3. Sahobai kiromlarni so‘kish sharr – yomonlik ekanligi. 4. Sahobai kiromlarning so‘kilayotganiga guvoh bo‘lib qolgan kishi u zotlarni himoya qilmog‘i lozimligi. 5. Sahobai kiromlarni so‘kkan odamlarga: «Sizning sharringizga Allohning la’nati bo‘lsin», deyish lozimligi. Yuqorida o‘rgangan oyati karimalar va hadisi shariflar sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini, ularni ehtirom qilish va e’zozlash lozimligini ko‘rsatadi. Biz, musulmonlar bu ishni ixlos bilan bajarmog‘imiz lozim. Shu bilan birga, o‘zimiz bu ulug‘ insonlarning hech birlarini so‘kishga jur’at qilmasligimiz, ba’zi bir ushbu nobakorlikni qiladiganlar chiqib qolgudek bo‘lsa, ularni bu ishdan qaytarishimiz kerak bo‘ladi. Endi sahobai kiromlar haqida asar bo‘lib qolgan ba’zi bir fikrlarni ham o‘rganaylik. Abu Nu’aym «Hilyatul avliyo»da Abdulloh ibn Mas’udning quyidagi gaplarini keltiradi: «Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar solib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ixtiyor qildi va u zotni O‘z risolasi ila yuborib, O‘z ilmi ila tanlab oldi. So‘ngra u zotdan keyingi odamlarning qalblariga nazar soldi va u zotning sahobalarini tanlab oldi. Bas, ularni O‘z dinining yordamchilari va Nabiysining vazirlari qildi». Abu Nu’aym Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Kim birovning sunnatini oladigan bo‘lsa, vafot etgan kishining sunnatini olsin. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu ummatning eng qalbi yaxshilari, eng ilmi chuqurlari va eng takallufi ozlari edilar. Ular Alloh taolo tomonidan U Zotning Nabiysiga sahoba bo‘lish uchun va U Zotning dinini naql qilish uchun tanlab olingan qavm edilar. Bas, ularning axloqlari va tutgan yo‘llariga o‘xshashga urininglar. Ka’baning Robbisi bo‘lgan Alloh ila qasamki, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari mustaqim hidoyatda edilar». ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 03:41 | Savol-javoblar | 190 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar