Avvobin namozi savobi

Assalomu alaykum! Shom namozidan so‘ng o‘qiladigan avvobiyn namozi xaqida shayximizning mo‘minnig meroji kitobida o‘qigandim. Keyin yaqinda xam bir malumotda u namozni o‘qisa 12 yillik namoz savobini oladi deb o‘qidim. Shu xadis qanchalik saxix?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu namoz shom namozidan keyin o‘qiladi va olti rakat bo‘ladi. Avval to‘rt, keyin ikki rakat yoki ikki rakatdan qilib o‘qiladi. Alloh taolo Isro surasida «Albatta, U zot avvobiynlarni mag‘firat qiluvchidir», degan (25-oyat).
Imom Tabaroniy Ammor ibn Yosir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Kim shomdan keyin olti rakat o‘qisa, gunohlari mag‘firat qilinur, agar dengizning ko‘pigicha bo‘lsa ham», deyilgan.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ صَلَّى بَعْدَ الْمَغْرِبِ سِتَّ رَكَعَاتٍ لَمْ يَتَكَلَّمْ فِيمَا بَيْنَهُنَّ بِسُوءٍ عَدَلْنَ لَهُ بِعِبَادَةِ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ سَنَةً. وَفَي رِوَايَةٍ: مَنْ صَلَّى بَعْدَ الْمَغْرِبِ عِشْرِينَ رَكْعَةً بَنَى اللهُ لَهُ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ. رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Kim Shomdan keyin olti rakat namoz o‘qib, ularning orasida yomon gap gapirmagan bo‘lsa, bu uning uchun o‘n ikki yillik ibodatga teng bo‘ladi», dedilar». 
Boshqa bir rivoyatda: 
«Kim Shomdan keyin yigirma rakat namoz o‘qisa, Alloh uning uchun jannatda bir uy bino qilur», deyilgan. 
Ikki hadisni Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu namoz haqida boshqa hadislar ham kelgan. Ularda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari va sahobai kiromlar bu namozni o‘qiganlari haqida so‘z boradi.
Bu namoz «g‘aflat» nomi bilan mashhur bo‘lgan namozdir. Chunki ko‘pchilik bu namozni o‘qimay g‘aflatda qoladi. Ushbu g‘aflat namozi ham ta’kidlanmagan qo‘shimcha namozlardan hisoblanadi. Kim sunnatga amalni niyat qilib, uni ixlos bilan o‘qisa, inshaalloh, qilingan va’dalarga erishadi. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 03:29 | Savol-javoblar | 174 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar