Namozda orom olish qanday bo‘ladi

Assalomu alaykum! Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan biringiz namoz o‘qiyotgan paytda uyqusi kelib mudroq bossa, toki uyqusi ketgunicha orom olsin. Chunki mudroqlik paytida namoz o‘qisa, istig‘for aytyaptimi, (duoibad qilib) o‘zini so‘kyaptimi, bilmaydi», dedilar. Namozda orom olish qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadis va uning sharhi quyidagicha:عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا نَعَسَ أَحَدُكُمْ فِي الصَّلَاةِ فَلْيَرْقُدْ حَتَّى يَذْهَبَ عَنْهُ النَّوْمُ، فَإِنَّ أَحَدَكُمْ إِذَا صَلَّى وَهُوَ نَاعِسٌ لَعَلَّهُ يَذْهَبُ يَسْتَغْفِرُ فَيَسُبُّ نَفْسَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangiz namozda mudrab qolsa, to uyqu undan ketguncha uxlab olsin. Bas, birortangiz mudragan holida namoz o‘qisa, istig‘for aytaman deb, o‘zini so‘kib yuborishi mumkin», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharif mudroq bosib turgan odam namoz o‘qishi makruhligiga dalildir.
Mudroq bosib, uyqusi kelgan odam uchun eng ma’qul ish uyqudir. Ushbu hadisi sharifda aytilganidek, namoz o‘quvchi gunohining kechirilishini so‘rayman, deb, uyqusirab, o‘zini so‘kib, duoibad qilib yuborishi ham hech gap emas. Shuning uchun ham ehtiyot bo‘lish kerak. (“Hadis va Hayot” kitobidan).
Uxlab olsin degan iborada ulamolar bir necha qavlga bo‘linib ixtilof qilganlar. Namozni to‘xtatib dam olib keyin o‘qisin deyilgani eng ehtiyotga yaqini bo‘lsa kerak. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 07:19 | Savol-javoblar | 165 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar