Tejamkorlik yoki ziqnalik

Assalomu alaykum! Menga tejamkorlik va ziqnalik farqi haqida kengroq tushuntirib bersangizlar. Yani men bolaligimdan ko‘p narsadan tejamkorlik bilan foydalanishga o‘rganib qolganman. Lekin bazida yaqinlarim sen ziqnasan deyishadi. O‘zim ham bazida ziqnalik qilmayabmanmi deb o‘ylab qolaman. Meni ushbu shubhalarimga barham berishga yordam bering tejamkorlik va ziqnalik farqini kengroq qilib tushuntirib bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Molining zakotini bergan inson baxillik chegarasidan chiqqan bo‘ladi. Qolganiga sahovat zinpoyalar boshlanadi. Alloh sahiylarni yaxshi ko‘radi, oxiratda ularga beradigan ajrlari cheksiz. Zinadan qanchalik yuqoriga ko‘tarilsangiz jannatdagi darajalaringiz ham yuqori bo‘ladi. Alloh taolo "Hashr" surasida marhamat qiladi:   وَالَّذِينَ تَبَوَّؤُوا الدَّارَ وَالْإِيمَانَ مِن قَبْلِهِمْ يُحِبُّونَ مَنْ هَاجَرَ إِلَيْهِمْ وَلَا يَجِدُونَ فِي صُدُورِهِمْ حَاجَةً مِّمَّا أُوتُوا وَيُؤْثِرُونَ عَلَى أَنفُسِهِمْ وَلَوْ كَانَ بِهِمْ خَصَاصَةٌ وَمَن يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ۝ 9. Ulardan avval bu diyorda va iymonda qaror topganlar o‘zlariga hijrat qilib kelganlarni sevarlar va ularga berilgan narsalarga qalblarida hasad qilmaslar. Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar. Kim o‘z nafsining ziqnaligidan saqlansa, ana o‘shalar zafar topuvchilardir.
Madinalik musulmonlar Nabiy alayhissalomga va muhojirlarga yordam berganlari uchun «ansor» deb nomlanganlar («nosir», ya’ni «yordam beruvchi» so‘zining ko‘plik shakli). Ushbu oyat ansorlarning insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan saxovatlariyu odamgarchiliklarini vasf qilmoqda.
«Ulardan avval bu diyorda va iymonda qaror topganlar».
Ansorlar Madinada, ya’ni birinchi Islom jamoasi tashkil topgan diyorda muhojirlar kelgunga qadar ham yashaganlar va Islomga, iymonga ixlos qo‘yganlar. Ularning ixlosu e’tiqodlari butun bo‘lgani uchun Makka mushriklaridan azob-uqubat chekayotgan o‘z dindoshlarini o‘zlarining yurtlari – Yasribga (Madinaga) ko‘chishga chorlaganlar.
Shu bilan birga, ansorlar o‘z shaharlariga ko‘chib kelgan muhojir birodarlariga doimo yaxshi muomalada bo‘lganlar.
«...o‘zlariga hijrat qilib kelganlarni sevarlar va ularga berilgan narsalarga qalblarida hasad qilmaslar. Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar».
Nabiy alayhissalom «qaytarilgan mol»dan muhojirlarga berib, ularga bermasalar ham, ansorlar zarracha gina qilmaganlar. Hasad nimaligini bilishmagan.
Ansorlar muhojir birodarlarini ustun qo‘yib, o‘zlariga juda kerak bo‘lib turgan narsalarini ham ularga berganlar. Masalan, uylarining yarmini, asbob-anjomlarini, mol-mulklarini va boshqa hamma kerakli narsalarini. Hatto muhojirlar Rasulullohga: «Ey Allohning Rasuli, bularga o‘xshaganlarni hech ko‘rmaganmiz, oz bo‘lsa, bizga beradilar, ko‘p bo‘lsa, serob qiladilar. Etarli maishatning kifoyasini qilishyapti, farog‘atga bizni sherik qilishyapti. Hatto ajrning hammasini bular egallab olmasalar», – deya arz qilishgan. Shunda Nabiy alayhissalom: «Yo‘g‘-e, ularga tashakkur aytib, haqlariga duo qilib tursangiz, unday bo‘lmaydi, inshaalloh», – deganlar.
Ansoriylar haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Nabiy alayhissalom ansorlarni chaqirib, ularga Bahraynni (shu nomdagi hozirgi diyorni) bermoqchi ekanliklarini aytganlarida, ansorlar: «Muhojir birodarlarimizga ham xuddi shunga o‘xshash joyni bermasangiz, bizga buning keragi yo‘q», – dedilar».
Alloh taolo «hasad qilmaslar», deb ansorlarni madh etyapti. Alloh birovga bergan ne’matga hasad qilmaslik ham ulkan fazilat ekanini bilib qo‘ymoq lozim. Ansorlar ana shunday ulkan fazilatga ega edilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal ulkan sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Nabiy alayhissalom bilan o‘tirgan edik. U kishi: «Hozir huzuringizga jannatiy kishi keladi», – dedilar. Soqollaridan tahorat suvi oqib turgan bir ansoriy kishi kirib keldilar. Kavushlarini chap qo‘llariga ushlab olgan ekanlar. Ertasiga Nabiy alayhissalom xuddi shu gapni yana qaytardilar. Yana kechagi kishi o‘sha holatida kirib keldi. Uchinchi kuni yana xuddi shu holat takrorlandi. (Majlis tugab) Nabiy alayhissalom turib ketganlaridan so‘ng, Abdulloh ibn Amr ibn Oss haligi ansoriyga ergashdi va: «Otam bilan aytishib qolib, uch kun uyga kirmaslikka qasam ichgan edim, uch kun siznikida tursam, maylimi?» – dedi. Haligi kishi rozilik bildirdilar. Keyinchalik Abdulloh o‘sha uch kun qanday kechganini bunday hikoya qilib bergan.
«Unikida uch kun yotdim. Kechasi hech ortiqcha ibodat qilganini ko‘rmadim. Faqat u yonboshdan bu yonboshga ag‘darilganda Allohning zikrini qilar va takbir aytar edi, xolos. So‘ng Bomdod namoziga turardi. Uch kun davomida undan faqat yaxshi so‘z eshitdim. Lekin hayron bo‘ldim, «Nahotki jannatiy bo‘lish uchun shu amallarning o‘zi etsa», deb yuborishimga sal qoldi. Unga qarab:
– Ey Allohning bandasi, otam ikkimizning o‘rtamizda hech qanday gap o‘tgani yo‘q. Lekin Rasulullohning uch marotaba «Hozir huzuringizga jannatiy kishi keladi», deganlarini eshitdim. Uch marta ham sen kirib kelding. Sen bilan yashab, amalingni o‘rganib, senga ergashmoqchi bo‘lgan edim. Hech bir katta amal qilganingni ko‘rmadim. Rasululloh aytgan martabaga seni nima erishtirdi? – dedim. U:
– O‘zing ko‘rgandan boshqa hech bir amalim yo‘q, – deb javob qildi. Jo‘nab ketayotganimda meni yoniga chorlab, yana takrorladi: – O‘zing ko‘rgandan o‘zga hech bir amalim yo‘q. Lekin mening qalbimda birorta musulmonga nisbatan aldamchilik yo‘q. Biror kishiga Alloh yaxshilik bersa, hasad ham qilmayman, – dedi. Men:
– Seni oliy martabaga erishtirgan narsa shu ekan, unga toqat ila amal qilish ham qiyin, – dedim».
Alloh taolo yuqoridagi oyati karimada baxillikdan saqlanish ham oliy islomiy fazilat ekanini ta’kidlayapti. Chunki baxillik mo‘min kishiga hech to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom o‘z hadislarida: «Baxillik va iymon bandaning qalbida abadul-abad jam bo‘lmaydi», – deganlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 09:35 | Savol-javoblar | 213 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar