Jannatiylik

Assalomu alaykum! "Tejamkorlik yoki ziqnalik" nomi ostida kelgan savolga berilgan javobda "Imom Ahmad ibn Hanbal ulkan sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Nabiy alayhissalom bilan o‘tirgan edik. U kishi: «Hozir huzuringizga jannatiy kishi keladi», – dedilar..." deb boshlanuvchi hadis keltirilgan ekan. Bilamiz, jannat bashorati berilgan 10 ta sahobiy o‘tganlar. Ushbu "jannatiy"liklar orasida farq bormi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! U 10tadan tashqari ham juda ko‘p sahobalarga jannatiylik bashorati berilgan. Albatta ular orasida farq bor. U 10ta sahobiy u maqomni topishlari uchun haqiqiy ma’noda jasoart qilganlar. Boshqalar ularni maqomiga etisholmaydi. Alloh taolo "Tavba" surasida marhamat qiladi: وَالسَّابِقُونَ الأَوَّلُونَ مِنَ الْمُهَاجِرِينَ وَالأَنصَارِ وَالَّذِينَ اتَّبَعُوهُم بِإِحْسَانٍ رَّضِيَ اللّهُ عَنْهُمْ وَرَضُواْ عَنْهُ وَأَعَدَّ لَهُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي تَحْتَهَا الأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدًا ذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ۝ 100. Birinchi peshqadam muhojirlar va ansoriylar va ularga yaxshilik bilan ergashganlar – Alloh ulardan rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar. Ularga ostlarida an¬horlar oqib turgan jannatlarni, ularni u erlarda abadiy – mangu qoluvchi qilib tayyorlab qo‘ydi. Ana o‘sha buyuk yutuqdir.
Bu toifadagi musulmonlar Islom jamiyatining asl mag‘izini, javharini tashkil etar edilar. Bular uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism peshqadam muhojirlarni o‘z ichiga olar edi.
«Birinchi peshqadam muhojirlar»
Ular Makkai Mukarramada hech kim iymonga kelmaganda iymonga kelgan, kofirlarning ozorlariga chidagan, ularning zulmlariga bardosh bergan ulkan sahobiylardir. Ulamolar «Ushbu oyatda oliy maqom egalari, deb sifatlanayotgan muhojirlar Badr urushiga qadar Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga hijrat qilgan sahobalar», – deydilar. Chunki ular qiyin vaqtda iymonga kelib, qiyin vaqtda hijrat qilgan shaxslardir. Badr urushida musulmonlar g‘olib kelib, Islom jamiyati yuzaga chiqib, o‘z tayanchiga ega bo‘lganidan keyin hijrat qilish ham oson bo‘lib qolgan.
Ikkinchi qism – «ansoriylar» – Madina ahllaridan birinchi bo‘lib Islomga kelgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Aqabada bay’at qilgan, din qardoshlarini yurtlari Madinaga taklif etgan, makkaliklar hijrat qilib borganlarida ularga o‘zlari emay, edirgan, o‘zlari kiymay, kiydirgan, uylarini, molu mulklarini bo‘lib bergan, dinu diyonatlari uchun molu jonlaridan kechishga tayyor turgan madinalik peshqadam musulmonlardir.
Uchinchi qism – «ularga yaxshilik bilan ergashganlar» – peshqadam muhojir va ansoriylarga yaxshilik bilan ergashganlardir. Ular vasf qilinmish peshqadam muhojir va ansoriylardan keyin, mazkur mashhur voqealardan keyin musulmon bo‘lib, xuddi peshqadam musulmonlar kabi ixlosli, ibodatli va taqvodor kishilar bo‘lganlar. Ularga faqat peshqadamlik – eng qiyin vaqtlarda safda bo‘lmaganliklari etishmaydi, xolos. Uch toifadagi musulmonlarning barchasidan
«Alloh ulardan rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar».
Banda erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori martaba Allohning roziligidir. Zotan, har bir bandaning oliy maqsadi ham shu. Bandaning Allohdan roziligi Uning qadariga ishonish, qazosidan yaxshilik kutish, ne’matlariga shukr qilish, balo-ofatlariga sabr qilishdir.
Alloh ulardan rozi ekanidan:
«Ularga ostlaridan an¬horlar oqib turgan jannatlarni, ularni u erlarda abadiy – mangu qoluvchi qilib tayyorlab qo‘ydi».
Ular mazkur jannatga vaqtinchalikka kirmaslar.
Alloh taolo ulardan rozi bo‘lmaganida, ularni bunday ikromga sazovor qilmas edi.
«Ana o‘sha buyuk yutuqdir».
Bundan ortiq yutuq bo‘lishi mumkinmi? ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 10:04 | Savol-javoblar | 178 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar