O‘limni orzu qilish

Assalomu alaykum! O‘limni orzu qilish gunoh emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَتَمَنَّيَنَّ أَحَدُكُمُ الْمَوْتَ لِضُرٍّ نَزَلَ بِهِ، فَإِنْ كَانَ لَا بُدَّ مُتَمَنِّيًا لِلْمَوْتِ فَلْيَقُلِ اللَّهُمَّ أَحْيِنِي مَا كَانَتِ الْحَيَاةُ خَيْرًا لِي، وَتَوَفَّنِي إِذَا كَانَتِ الْوَفَاةُ خَيْرًا لِي. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: قَالَ قَيْسٌ أَتَيْتُ خَبَّابًا وَقَدِ اكْتَوَى فِي بَطْنِهِ سَبْعًا، فَسَمِعْتُهُ يَقُولُ: لَوْلَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَانَا أَنْ نَدْعُوَ بِالْمَوْتِ لَدَعَوْتُ بِهِ. وَلِلْبُخَارِيِّ: لَا يَتَمَنَّى أَحَدُكُمُ الْمَوْتَ إِمَّا مُحْسِنًا فَلَعَلَّهُ يَزْدَادُ، وَإِمَّا مُسِيئًا فَلَعَلَّهُ يَسْتَعْتِبُ  Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Birortangiz o‘ziga etgan zarar tufayli o‘limni orzu qilmasin. Agar o‘lim tilashdan boshqa iloji qolmasa:«Allohim, modomiki tiriklik menga yaxshi bo‘lsa, meni tirik qoldir. Qachon menga vafot etish yaxshi bo‘lsa, meni vafot etdir», desin», dedilar».Beshovlari rivoyat qilganlar.
Boshqa bir rivoyatda:
«Qays: «Xabbobning oldiga borsam, qorniga etti marta narsa qizdirib, bostirgan ekan. Men uning «Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizni o‘lim tilab duo qilishdan nahiy qilmaganlarida, albatta, uni tilab duo qilgan bo‘lar edim», deganini eshitdim», dedi», deyilgan.Buxoriyning rivoyatida:
«Birortangiz o‘limni orzu qilmasin. Agar yaxshilardan bo‘lsa, shoyad (amali) ziyoda bo‘lsa. Agar yomonlardan bo‘lsa, shoyad qaytsa», deyilgan.Sharh: Alloh taolo insonga hayotni yashash uchun bergan. Inson bu dunyoda yaxshi-yomonga chidab, o‘ziga berilgan hayotni munosib yashab o‘tkazmog‘i lozim. Kimki o‘ziga etgan ba’zi qiyinchilik va zararlarga chiday olmay, o‘ziga o‘zi o‘lim tilasa, bu Allohning qadariga qarshi chiqish, Allohning irodasiga e’tiroz qilish bo‘ladi. Bu ish esa mo‘min kishi uchun mutlaqo mumkin emas.Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarini o‘ziga o‘zi o‘lim tilashdan nahiy qilganlar.Ba’zi kishilar juda ham nochor holga tushib qolgan taqdirlarida ham ularga bu ishni Alloh taoloning O‘ziga havola qilishlari, nima yaxshilik bo‘lsa, o‘shani so‘rashlari tavsiya qilinmoqda. Mo‘min kishi doimo yaxshilik tarafdori bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolodan o‘zi uchun o‘lim yaxshi bo‘lsa, o‘limni, hayot yaxshi bo‘lsa, hayotni berishini tilaydi.Nima uchun o‘lim tilash mumkin emasligining hikmati Imom Buxoriyning rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari tomonlaridan bayon qilinmoqda:«Birortangiz o‘limni orzu qilmasin. Agar yaxshilardan bo‘lsa, shoyad (amali) ziyoda bo‘lsa. Agar yomonlardan bo‘lsa, shoyad qaytsa».Mo‘min kishi o‘ziga o‘zi o‘lim tilamasin, chunki u yaxshi odam bo‘lsa, o‘lmasdan, hayotda bardavom bo‘lib tursa, yaxshiliklari ko‘payib, oxiratga to‘playdigan zahiralari ko‘p bo‘ladi. Agar Alloh ko‘rsatmasin, yomon odam bo‘lsa, tirik qolishi unga tavba qilish fursatini, yaxshilar qatoriga qo‘shilish fursatini bergan bo‘ladi. Demak, hayotda bardavom bo‘lishda mo‘min uchun faqat yaxshilik bor. Hatto o‘sha o‘zi noliyotgan zararga sabr qilishi ham ko‘plab ajr-savoblarga ega bo‘lishiga sabab bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 10:36 | Savol-javoblar | 211 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar