Foreks masalasida iltimos

Assalomu alaykum! 9041-savol javobiga “Hozirgi kunda islomiyi forekslar chiqqan. Dubay kabi joylardan bunga joiz deb ham fatvo chiqqan. Lekin biz qanday ishlashini va faoliyatidan bexabarmiz. Islomiy bo‘lmagani joiz emasligi shak-shubhasiz” degan ekansizlar. Hozir yurtimida bu soha juda ham rivojlanyapti. Tanishlarimga bu ish joiz emas, qaytarilgan desam ishonishmayapti. Online savdo harommi deb. Bazi hadislarni oqib berdim (masalan oltin savdosida qolma-qol savdo qilish, nasiya savdo va shu kabilar) lekin hozir zamon shu deyishadi. Yuqoridagi javobingizni ushlab olishgan. Iltimos ustozlar ushbu mavzuni organib halol joyini korsatsangizlar. Hozirda kamida 50 foiz tengdoshlarim shu ish bilan shugullanishadi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Foreksni ulamolar joiz emas deganlar. Bu masalani aylantirib so‘rayvergan bilan halol bo‘lib qolmaydi. Bir vaqtlar pulni naqdlash (obnalichka)ni ham shunday so‘ralgan edi. Musulmon kishi shubhali narsalardan ham yiroq bo‘lishi kerak. Ozgina qaerdadir bo‘ladi degan gapni qidirib, havoi nafsining xohishiga ergashmasligi kerak. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:  الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لاَ يَقُومُونَ إِلاَّ كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ قَالُواْ إِنَّمَا الْبَيْعُ مِثْلُ الرِّبَا وَأَحَلَّ اللّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا فَمَن جَاءهُ مَوْعِظَةٌ مِّن رَّبِّهِ فَانتَهَىَ فَلَهُ مَا سَلَفَ وَأَمْرُهُ إِلَى اللّهِ وَمَنْ عَادَ فَأُوْلَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ۝  275. Riboni eydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni bo‘lgan kishidek dovdirab turarlar. Bunday bo‘lishi ularning, tijorat ham riboga o‘xshashda, deganlari uchundir. Holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan. Kimki Robbidan mav’iza kelganda to‘xtasa, avval o‘tgani o‘ziga va uning ishi Allohning O‘ziga havola. Kimki yana (riboga) qaytsa, ana o‘shalar do‘zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.
Bizning tilimizda «ribo» so‘zi sudxo‘rlik deb tarjima qilib kelingan. Yaxshiroq tushunish, ma’noning Qur’oni Karimdagiga yanada yaqinroq bo‘lishi uchun aytish kerakki, arab tilida «ribo» so‘zi ziyoda bo‘ldi, ko‘paydi ma’nosini anglatadi. Shariatda esa qarz beruvchi qarzdordan ma’lum vaqt muqobiliga asl mol ustiga oladigan ziyoda – ribodir. Ushbu tushuntirishdan keyin ribo so‘zini iste’mol qilishga ijozat bergaysiz.
Riboning naqadar yomon narsa ekanini kishilar ongiga avvalboshdan yaxshilab o‘rnatish maqsadida, oyati karima sudxo‘rning qiyomatdagi holini bayon qilish bilan boshlanmoqda. Qiyomatdagi har bir odamning sirtqi holidan ishi qandoq ekani bilib olinadi.
Xuddi o‘sha odamlar qabrlaridan turayotganlarida, sudxo‘rlar albatta o‘zlariga xos bir holatda turar ekanlar. Ularning qabrdan turishlarini ko‘rganlar birov tanitmasa ham, anavilar sudxo‘rlar, der ekan. Ularning bu holini oyati karima quyidagicha vasf qiladi:
«Riboni eydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni bo‘lgan kishidek dovdirab turarlar».
Ya’ni ularning o‘zlarini tutishlari sog‘-salomat, aqlli kishilar kabi bo‘lmaydi.
Odatda jin urib, aqldan ozgan kishilar tartibsiz va noto‘g‘ri harakat qiladilar. Dovdirab, o‘zini har tarafga urib, uyat ishlarni ham qilaveradilar. Ana o‘sha holat sudxo‘rlarda ham bo‘lar ekan.
Ba’zi tafsirchilarimiz sudxo‘rlarning bu holatlari faqat qiyomat kuniga bog‘liq emas, balki bu dunyoda ham shunday bo‘ladi, deganlar. Ularning bunday ayanchli holatga tushishlarining sababi kelgusi jumlada bayon qilinadi:
«Bunday bo‘lishi ularning, tijorat ham riboga o‘xshashda, deganlari uchundir».
Sudxo‘rlar «Ribo – halol», deb e’tiqod qiladilar va uni tijoratga o‘xshatadilar. Tijoratda moliyaviy muomala ortidan foyda kelganidek, sudxo‘rlikda ham foyda keladi, deb o‘ylaydilar. Boz ustiga, ularning: «Tijorat ham riboga o‘xshash-da», deyishlaridan, ribo aslida halol qilingan narsa, tijorat ham unga o‘xshab halol qilingan, degan ma’no kelib chiqmoqda. Vaholanki:
«Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan».
Chunki tijoratda foyda ko‘rishning ham, kuyib qolishning ham ehtimoli bor. Tijoratda insonning mehnati, mahorati, atrofdagi tabiiy holatlarning foyda ko‘rish yoki zarar tortishga ta’siri bor. Savdogar foyda ko‘rishga umid qilgani bilan bir vaqtda kuyib qolishni ham bo‘yniga olgan holda ish boshlaydi. Mehnat qilib odamlarga kerakli mollarni olib keladi, saqlaydi va boshqa xizmatlarni qiladi.
Sudxo‘r-chi? U hech narsa qilmay, joyida o‘tiradi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, foyda olishi muqarrar. Kuyib qolish xavfi yo‘q.
Mazkur sabablarga va yana zikr qilinmagan boshqa sabablarga ko‘ra, tijorat inson hayotida qo‘llanishga halol, sudxo‘rlik esa harom qilingan.
Ushbu oyati karimalar tushayotgan paytda ko‘p moliyaviy muomalalar ribo asosida yuritilar edi. Shuning uchun ushbu oyati karimadan kelib chiqqan hukmdan avvalgi ishlar o‘z holicha qoldirildi. Aks holda, avvalgi iqtisodiy aloqalarning hammasini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelardi.
«Kimki Robbidan mav’iza kelganda to‘xtasa, avval o‘tgani o‘ziga va uning ishi Allohning O‘ziga havola».
Ya’ni Alloh riboning hukmini bayon qilgandan keyin riboviy muomalalardan to‘xtasa, eski ishlari o‘ziga, u muomalalarni qayta ko‘rishga hojat yo‘q. O‘tgan davrdagi muomalalari Allohga havola: xohlasa kechib yuboradi, xohlasa iqobiga oladi.
«Kimki yana (riboga) qaytsa, ana o‘shalar do‘zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar».
Riboning haromligi haqida Alloh tomonidan oyat kelganiga ham qaramay, kimki yana riboga qaytsa, unday odam albatta do‘zaxiy bo‘ladi, do‘zaxiy bo‘lganda ham, undan hech qaytib chiqa olmay, abadiy qoladigan do‘zaxiy bo‘ladi.
Kelasi oyatda sudxo‘rlikning kasofati faqat oxiratdagina emas, balki bu dunyoda ham urishi eslatiladi:يَمْحَقُ اللّهُ الْرِّبَا وَيُرْبِي الصَّدَقَاتِ وَاللّهُ لاَ يُحِبُّ كُلَّ كَفَّارٍ أَثِيمٍ۝ 276. Alloh riboni doimo nuqsonga uchratur va sadaqalarni ziyoda qilur. Va Alloh har bir kofir, gunohkorni xush ko‘rmas.
Bandalar pul-mollari ziyoda bo‘lishi uchun riboxo‘rlik qilishadi va o‘zlariga kelgan foydani sanab yurishadi. Aslini olganda, ishi buning teskarisi bo‘ladi.Chunki:
«Alloh riboni doimo nuqsonga uchratur».
Sudxo‘rning puli hisob jihatidan ko‘p bo‘lsa ham, Alloh uning barakasini ko‘tarib, egani o‘ziga yuqmaydigan qilib qo‘yadi. Sudxo‘rni turli kasalliklarga duchor qiladi, tinchligini, xotirjamligini oladi. Yana biz bilmaydigan ko‘p balo-ofatlarga duchor qiladi.
Shuningdek, sirtdan qaraganda, sadaqa qilgan kishilarning moli kamayganga o‘xshaydi. Aslida esa ish buning teskarisi bo‘ladi: ­Alloh «sadaqalarni ziyoda qilur». Agar hisobda sadaqa qiluvchining moli hajmi oz bo‘lsa ham, Alloh unga baraka ato qiladi, balo-ofatlardan saqlaydi, o‘zini tinch, xotirini jam qiladi.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Ribo garchi ko‘paysa ham, oqibati albatta ozayishga qaytadi», deganlar.
Imom Muslim va imom Termiziylar Abu Hurayra roziyallohu an­hudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalotu vassalom:
«Kim halol kasbidan bir dona xurmo miqdoricha sadaqa qilsa, – zotan, Alloh haloldan boshqani qabul ham qilmaydi – albatta, Alloh uni o‘ng qo‘li bilan qabul qiladi va sizlar toychoqni o‘stirganingizdek o‘stirib, Uhud tog‘idek qiladi», deganlar.
«Va Alloh har bir kofir, gunohkorni xush ko‘rmas».
Shundan ko‘rinib turibdiki, riboxo‘r bo‘lganlar kofir va gunohkor hisoblanar ekanlar. («Tafsiri Hilol» kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 10:47 | Savol-javoblar | 166 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar