To‘rt ulus tarixi

Assalomu alaykum! Mirzo Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi» kitobini o‘qishni boshlagan edim. U erda Odam alayhissalomdan boshlab ma’lumotlar taxminiy sanalar bilan berilgan. Misol uchun Odam alayhissalom erga tushirilgan kundan Nuh alayhissalomgacha 2200 yil o‘tgani, to‘fondan payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamning buyuk hijratlatlarigacha 3725 yil o‘tgani haqidagi ma’lumotlar boshqa manbalarga asoslanib berilgan. 1-savol: demak bugungi kungacha Odam alayhissalom erga tushirilgan kundan boshlab taxminan 7500 yil o‘tgan bo‘ladi. Shu haqiqatga qanchalik yaqin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Odam va Muhammad alayhissalomlarning oralaridagi muddat qancha bo‘lgan? Shariatda Odam alayhissalom va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning orlaridagi muddat aniq keltirilmagan. Odam alayhissalomning ham qancha yashaganlari ham ma’lum emas. Lekin ba’zi hadislar va rivoyatlarda payg‘ambarlar orasidagi muddat qisman zikr qilingan. Bu borada kelgan hadislarning ba’zilari sahih bo‘lsa, ba’zilari muhaddislar nazdida sahihligi ixtiloflilari ham bor. Bu haqda kelgan dalillar quyidagilar: 1). Alloh taolo Nuh alayhissalom qavmlariga da’vat qilgan yillarini bayon qilib shunday marhamat qilgan: فَلَبِثَ فِيهِمْ أَلْفَ سَنَةٍ إِلَّا خَمْسِينَ عَامًا «Bas, u ular ichida ellik yili kam ming yil turdi». (Ankabut 14-oyat). 2). Iso va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalaridagi muddat: Imom Buxoriy quyidagi rivoyatni keltiradilar: Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  «Iso va Muhammad alayhissalomlarning o‘rtalarida 600 yil bor». Bu borada sahihligida ixtilof qilingan hadislarda quyidagilar vorid bo‘lgan: Odam va Nuh alayhissalomlarning oralaridagi muddat: Abu Umoma roziyallohu anhulan rivoyat qilinadi:  «Bir odam: «Ey Allohning Rasuli, Odam payg‘ambar bo‘lganmi?», deb so‘radi. U zot: «Ha», dedi. U: «Odam bilan Nuhning orasida qancha muddat bor?», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘n asr», dedilar». Bu hadisni Ibn Hibbon o‘zining sahihida (14/69), Hokim «Mustadrak» (2/262) da rivoyat qilgan va: «Muslimning shartiga ko‘ra sahihdir», degan. Buni Imom Zahabiy ham qo‘llab quvvatlagan. Ibn Kasir «Al-bidoya van-nihoya»(1/94)da: «Bu Muslimning shartiga ko‘ra sahihdir. Lekin bu rivoyatni Imom Muslim o‘z sahihida keltirmagan», degan. Nuh va Ibrohim alayhimussalomlarning oralaridagi davr: Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi: «Nuh va Ibrohimning o‘rtasida qancha muddat bor?», deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘n asr bor», dedilar. Bu hadisni Hokim «Mustadrak» kitobida (2/288) keltirib: «Bu Muslimning shartiga ko‘ra sahihdir. Lekin Buxoriy va Muslim bu hadislarni sahihlarida keltirmagan», degan. Tabaroniy ham bu hadisni «Mu’jamul-kabir» kiobida keltirgan (8/118). Muso va Iso  alayhimussalomlarning oralaridagi muddat: Imom Qurtubiy tafsir kitobida (6/121) aytadi: «Bu ikki payg‘ambar orasidagi muddat borasida ulamolar ixtilof qilgan. Muhammad ibn Sa’d «Tobaqot» kitobida Ibn Abbosdan rivoyat keltiradi. Ibn Abbos: «Muso ibn Imron bilan Iso ibn Maryamning orasida 1700(bir ming etti yuz) yil bor. Bu ikki payg‘ambar yashagan davrning orasida Bani Isroildan mingta payg‘ambar yuborilgan. Iso va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oralaridagi muddat esa 599 (besh yuz to‘qson to‘qqiz) yildir», dedi. Ibn Hajar «Fathul Boriy» kitobida shunday degan: «Muhaddislar Muso alayhissalom bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida 2000 (ikki ming) yil, Iso alayhissalom bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida esa 600 (olti yuz) yil bor ekaniga ittifoq qilganlar»(4/449). Yuqorida kelgan sahih rivoyatlarda kelgan muddat borasida aniq javob topish imkoni bor. Ammo Odam alayhissalom bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oralarida vaqtni belgilashda quyidagi narsalarga e’tibor berish kerak bo‘ladi: Ulamolar hadisda kelgan «Qorn» (asr) so‘zida ixtilof qilib, undan maqsad «yuz yil»mi yoki «avlod(o‘rtacha umr ko‘rgan odamning yoshi)»mi? Agar «Qorn» (asr)dan murod «avlod» bo‘ladigan bo‘lsa, unda o‘sha davrda yashagan insonlarning almashinuv yoshini e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Masalan Nuh alayhissalom qavmlarini 950 yil da’vat qilganlar. Demak, o‘sha davrdagi odamlarning yoshi ham shu atrofda bo‘ladi. Boshqa davrlarning avlod almashuvi necha yoshda bo‘lgani esa bizga qorong‘u. Ibrohim alayhissalom bilan Muso alayhissalomlarning o‘rtalaridagi yil muddati haqida biror dalil vorid bo‘lmagan. Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, u zotlarni qancha yashaganlarini, oralaridagi muddatni bilishni Alloh bizga buyurmagan. Balki, Alloh bizni ularning siyratini o‘qib, undan ibrat olishmizga va ularga ergashishga buyurdi. Alloh tolo shunday marhamat qiladi: أُوْلَئِكَ الَّذِينَ هَدَى اللّهُ فَبِهُدَاهُمُ اقْتَدِهْ قُل لاَّ أَسْأَلُكُمْ عَلَيْهِ أَجْرًا إِنْ هُوَ إِلاَّ ذِكْرَى لِلْعَالَمِينَ۝ «Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Bas, ularning hidoyatiga ergash». (An’om 90-oyat). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 04:54 | Savol-javoblar | 184 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar