Namozda Fotihani o‘rniga boshqa sura o‘qish

Assalomu alaykum! Namozda Fotiha surasi o‘rniga Yosin surasining 7 oyatini o‘qisa joizmi? Fotiha surasidan tashqari yana qanday suralarni o‘qishimiz mumkin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Namozdagi qiroat farz va vojibga bo‘linadi. Farz qiroat, Qur’on oyatlaridan bir uzun oyat yoki uchta qisqa oyat o‘qish farz hisoblanadi. Vojib qiroat namozda Fotiha surasini va ortidan bir sura yoki uch oyatni zam qilish. Shunday ekan, siz namozda Fotiha surasini o‘qimasangiz vojibni tark qilgan bo‘lasiz va sajdai sahv qilishingiz kerak bo‘ladi. Shuningdek zam sura o‘qishingiz ham. Quyida buning tafsilotini keltiramiz:Namoznig uchinchi farzi: Farzning ikki rak’atining har birida hamda vitr va naflning har bir rak’atida bir oyat qiroat qilish.
Bu jumlada kelgan ma’no qiroatning eng oz miqdorini bildiradi. Farz namozi ikki, uch va to‘rt rak’atli bo‘lishi ma’lum. Ularning hammasining birinchi va ikkinchi rak’atlarida qiroat farz. Vitr va nafl namozlarining barcha rak’atlarida qiroat farz, chunki aslida nafl namozi ikki rak’atli bo‘ladi. Agar undan ortiq bo‘lsa ham, har ikki rak’at o‘ziga xos namoz hisoblanadi. Vitr namozi qiroat bobida nafl namozga qo‘shilgan.
O‘sha bir oyat bilan kifoyalangan gunohkordir.
Ya’ni bir oyat qiroat qilib, o‘sha bilan kifoyalanib, boshqa qiroat qilmagan odam Fotihani o‘qimagani uchun tarki vojib qilishi ila gunohkor bo‘ladi. Ammo namozi namoz bo‘laveradi.
Ikkovlarining nazdida bir uzun yoki uch qisqa oyat qiroat qilish.
Imom Abu Yusuf va imom Muhammadning bu gaplari amal uchun qabul bo‘lgan.
Namozda Qur’ondan qiroat qilish farzligiga dalillar:
Alloh taolo Muzzammil surasida: فَاقْرَؤُوا مَا تَيَسَّرَ مِنَ الْقُرْآنِ«Bas, Qur’ondan muyassar bo‘lganicha qiroat qilinglar», degan (20-oyat).
Bu amr namoz o‘qish to‘g‘risidagi oyat ichida kelgan.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا قُمْتَ إِلَى الصَّلَاةِ فَكَبِّرْ، ثُمَّ اقْرَأْ مَا تَيَسَّرَ مَعَكَ مِنْ الْقُرْآنِ، ثُمَّ ارْكَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ رَاكِعًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَعْدِلَ قَائِمًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ جَالِسًا، وَافْعَلْ ذَلِكَ فِي صَلَاتِكَ كُلِّهَا». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Namozga turganingda takbir ayt, so‘ng Qur’ondan bilganlaringni o‘qi. Keyin ruku’ qil va ruku’dagi holingda biroz tin ol. Keyin 
(boshingni) ko‘tar va qaddingni rostlab, tiklan. Keyin sajda qil va sajdadagi holingda ham (biroz) tin ol. Keyin boshingni ko‘tar va o‘tirgan holingda (biroz) tin ol. Namozingning hammasida ham shunday qil», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Bu hadisda namozda qiroat lozimligi alohida ta’kidlanmoqda.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا صَلَاةَ إِلَّا بِقِرَاءَةٍ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qiroatsiz namoz yo‘qdir», dedilar».
Imom Muslim rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham, doimo, har bir namozda qiroat qilganlar.
Namozning vojiblari:
1. Fotihaning qiroati.
Boshqa mazhablarda namozda Fotiha surasini qiroat qilish rukn – farz hisoblanadi, hanafiy mazhabida esa vojib hisoblanadi.
Boshqa mazhablar o‘z fikrlariga quyidagi hadisni dalil qiladilar:عَنْ عُبَادَةَ بْنِ الصَّامِتِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا صَلَاةَ لِمَنْ لَمْ يَقْرَأْ بِفَاتِحَةِ الْكِتَابِ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Kitobning Fotihasini qiroat qilmasa, uning namozi bo‘lmas», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Hanafiylar: «Agar namozdagi qiroat to‘g‘risida mana shu hadisdan boshqa hadis bo‘lmaganida va uning ma’nosiga muxolif ma’no kelmaganida, biz ham sizlarga to‘liq qo‘shilar edik. Ammo boshqa mulohazali ma’nolar borligi uchun biz «Namozda Fotiha surasini qiroat qilish vojib», deb hukm chiqardik», deyishadi.
Namozni noto‘g‘ri o‘qigan kishiga ta’lim berar ekanlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:«إِذَا قُمْتَ إِلَى الصَّلَاةِ فَكَبِّرْ، ثُمَّ اقْرَأْ مَا تَيَسَّرَ مَعَكَ مِنْ الْقُرْآنِ، ثُمَّ ارْكَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ رَاكِعًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَعْدِلَ قَائِمًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ جَالِسًا، وَافْعَلْ ذَلِكَ فِي صَلَاتِكَ كُلِّهَا». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.«Namozga turganingda takbir ayt, so‘ng Qur’ondan bilganlaringni o‘qi. Keyin ruku’ qil va ruku’dagi holingda (biroz) tin ol. Keyin (boshingni) ko‘tar va qaddingni rostlab, tiklan. Keyin sajda qil va sajdadagi holingda ham (biroz) tin ol. Keyin boshingni ko‘tar va o‘tirgan holingda (biroz) tin ol. Namozingning hammasida ham shunday qil», dedilar.
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Qur’ondan bilganlaringni o‘qi», demoqdalar. Agar Fotihani qiroat qilish farz bo‘lganida, albatta aytgan bo‘lar edilar.
Hanafiylar ijtihodiga ko‘ra bundan oldingi hadis «Kim Fotiha surasini o‘qimasa, uning namozi to‘liq bo‘lmaydi», degan ma’noda aytilgan.
Hamma dalillarni qo‘shib o‘rganilganda, namozda Fotiha surasini qiroat qilish vojib hisoblanadi.
2. Bir sura yoki uch oyatni zam qilish.
«Zam qilish» degani «ortidan qo‘shish» degan ma’noni bildiradi. Bu ibora namozda Fotiha surasi qiroatining ortidan yana bir sura yoki ba’zi oyatlarni o‘qishga ishlatiladi. Bu namozdagi vojib amallardan biridir.
Zam sura qilish vojibligiga dalil:عَنْ أَبِي قَتَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقْرَأُ فِي الرَّكْعَتَيْنِ الْأُولَيَيْنِ مِنْ صَلَاةِ الظُّهْرِ بِفَاتِحَةِ الْكِتَابِ، وَسُورَتَيْنِ، يُطَوِّلُ فِي الْأُولَى وَيُقَصِّرُ فِي الثَّانِيَةِ، وَيُسْمِعُ الْآيَةَ أَحْيَانًا، وَفِي الْعَصْرِ مِثْلَ ذَلِكَ، وَكَانَ يُطَوِّلُ فِي الرَّكْعَةِ الْأُولَى مِنْ صَلَاةِ الصُّبْحِ وَيُقَصِّرُ فِي الثَّانِيَةِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ.Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam peshin namozining birinchi ikki rakatida «Fotihatul Kitob» va ikki surani o‘qir edilar: birinchi rakatni uzun qilib, ikkinchisini qisqa qilar edilar. Gohida oyatni eshittirib qo‘yardilar. Asr namozida ham shunday qilar edilar. Bomdod namozining birinchi rakatini uzun, ikkinchisini qisqa o‘qir edilar».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أُمِرْنَا أَنْ نَقْرَأَ بِفَاتِحَةِ الْكِتَابِ وَمَا تَيَسَّرَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ.Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Biz Fotihani va muyassar bo‘lganichani qiroat qilishga amr qilingan edik».
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَرَهُ أَنْ يَخْرُجَ فَيُنَادِيَ: لَا صَلَاةَ إلَّا بِقِرَاءَةِ فَاتِحَةِ الْكِتَابِ فَمَا زَادَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga (odamlar oldiga) chiqishni hamda «Kitobning «Fotiha»si va yana ziyoda qiroat bo‘lmasa, namoz yo‘q!» deb jar chaqirishni amr qildilar».
Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
Imom Bayhaqiy shunga dalolat qiladigan narsani Ali, Ibn Mas’ud va Oisha roziyallohu anhumdan rivoyat qilgan.عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ رَسَولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «وَلَا صَلَاةَ لِمَنْ لَمْ يَقْرَأْ بِالْحَمْدِ وَسُورَةٍ فِي فَرِيضَةٍ وَغَيْرِهَا». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ.Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Farzdami yoki boshqasidami, «Al Hamdu» va sura o‘qimagan kishining namozi yo‘q», dedilar.
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan:قَالَ رَسَولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «لَا صَلَاةَ لِمَنْ لَمْ يَقْرَأْ بِفَاتِحَةِ الْكِتَابِ وَآيَتَيْنِ مِنَ الْقُرْآنِ». رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ.Imom Tabaroniy qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Qur’onning «Fotiha»sini va ikki oyatni o‘qimasa, uning namozi bo‘lmas», deganlar.قَالَ رَسَولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «لَا تُجْزِئُ الْمَكْتُوبَةُ إِلَّا بِفَاتِحَةِ الْكِتَابِ وَثَلَاثِ آيَاتٍ فَصَاعِدًا». رَوَاهُ ابْنُ عَدِيٍّ.Ibn Adiyning rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
 «Farz namoz Kitobning «Fotiha»si va uch oyat va undan ko‘pisiz namoz bo‘lmaydi», deganlar. («Kifoya» kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 20:07 | Savol-javoblar | 219 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar