Qiyomda salom berish

Assalomu alaykum! Ba’zida masjidda iqomat aytilayotganda sunnat yoki nafl namoz o‘qiyotgan akalarimiz qiyomda turib salom berib namozni tugatib, safga qo‘shilishadi. Bu mumkinmi men ham shunday qilishim kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Kishi farz namozni boshlaganidan keyin o‘sha namozga iqoma aytib qolinsa, agar birinchi rak’atga sajda qilmagan bo‘lsa yoki to‘rt rak’atli bo‘lmagan namozda sajda qilgan bo‘lsa, o‘z namozini kesadi va iqtido qiladi. Bir kishi bexabar holda bir namozni yoki uning qazosini o‘qiyotgan edi. Birdan xuddi o‘sha namozga jamoat uchun iqoma aytilib qoldi. Shunda u birinchi rak’atning sajdasini qilmagan bo‘lsa, tik turgan holida ikki tarafga salom berib, namozini tugatadi va borib, jamoatga qo‘shiladi. Bomdod va shom namozlarida birinchi rak’atning sajdasini qilgan bo‘lsa ham, namozini kesib, jamoatga qo‘shiladi, chunki bir o‘zi o‘qigandan ko‘ra jamoat bilan o‘qish savoblidir. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ صَلَاةُ الْجَمَاعَةِ أَفْضَلُ مِنْ صَلَاةِ الْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِينَ دَرَجَةً رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jamoat namozi yolg‘izning namozidan yigirma etti daraja afzaldir», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. Shuningdek, to‘rt rak’atlisida ham, bir rak’at qo‘shganidan keyin. Ya’ni to‘rt rak’atli namozning birinchi rak’ati sajdasini qilgan bo‘lsa, unga yana bir rak’at qo‘shib, salom beradi va jamoatga qo‘shiladi. Agar mazkur namozdan uch rak’atni o‘qigan bo‘lsa, uni tamom qiladi va naflni niyat qilib iqtido qiladi. O‘sha to‘rt rak’atli namozning uch rak’atini o‘qib bo‘lganidan keyin iqoma aytilib qolsa, qolgan to‘rtinchi rak’atni ham o‘qiydi. Namozini tamomlab bo‘lganidan keyin, savob uchun naflni niyat qilib jamoatga qo‘shiladi. Illo, asrda buni qilmaydi. Chunki asrning farzini o‘qib bo‘lgandan keyin nafl o‘qish makruhdir. Azon aytilgan masjiddagi odam namozni o‘qimay chiqishi makruhdir. Chunki bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari qaytarganlar. عَنْ أَبِي الشَّعْثَاءِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ كُنَّا مَعَ أَبِي هُرَيْرَةَ فِي الْمَسْجِدِ، فَخَرَجَ رَجُلٌ حِينَ أَذَّنَ الْمُؤَذِّنُ لِلْعَصْرِ، فَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ أَمَّا هَذَا فَقَدْ عَصَى أَبَا الْقَاسِمِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Abu Sha’soa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Abu Hurayra roziyallohu anhu bilan masjidda birga edik. Muazzin asrga azon aytganidan keyin bir odam chiqib ketdi. Abu Hurayra: «Ammo mana bu, batahqiq, Abul Qosim sollallohu alayhi vasallamga osiy bo‘ldi», dedi». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. عَنِ الْمَسْعُودِيِّ قَالَ أَمَرَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم إِذَا كُنْتُمْ فِي الْمَسْجِدِ فَنُودِيَ بِالصَّلَاةِ فَلَا يَخْرُجْ أَحَدُكُمْ حَتَّى يُصَلِّيَ رَوَاهُ أَحْمَدُ Mas’udiydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: «Masjidda bo‘lsalaringiz-u, namozga azon aytilsa, birortangiz ham namozni o‘qimaguncha chiqmasin», deya amr qilganlar». Imom Ahmad rivoyat qilgan. Kelasi jumlalarda azon aytilganidan keyin masjiddan chiqishlariga ruxsat berilgan shaxslar zikr qilinadi. Boshqa jamoatni qoim qiluvchiga makruh emas. Agar u boshqa masjidning imomi yoki muazzini bo‘lsa, usiz jamoati tarqab ketadigan bo‘lsa, azon aytilganidan keyin ham chiqib, o‘z masjidiga borishiga ruxsat. Shuningdek, peshin va xuftonni o‘qib olganlarga ham. Azon aytilgani yoki aytilmaganini bilmasdan peshin va xufton namozlarini o‘qib olgan odamlar mana shu namozlarga azon aytilganidan keyin chiqib ketaversalar bo‘ladi. Chunki ular namozlarini o‘qib bo‘lganlar. Illo, iqoma paytida makruhdir. Agar farz namozni o‘zi o‘qib olgan bo‘lsa ham, o‘tirib-o‘tirib, iqoma aytilgandan keyin chiqib ketish durust emas. Bunda xuddi Ahli sunnaning ortidan namoz o‘qishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan xavorij va ravofizlarga o‘xshab qoladi. Ikkisidan boshqasida agar iqoma aytilsa ham, chiqaveradi. Peshin va xufton namozlaridan boshqa bomdod, asr va shom namozlarining farzini azondan oldin o‘qib olgan shaxs iqoma aytilganidan keyin ham chiqib ketsa bo‘ladi. Chunki u jamoatga qo‘shilsa, namozi nafl bo‘ladi. Bomdod va asrning farzidan keyin nafl o‘qib bo‘lmaydi. Shomga o‘xshash uch rak’atli naflning o‘zi yo‘q. Bomdodning sunnatini o‘qisa, farz jamoatiga etisha olmaydigan bo‘lsa, sunnatni tark qiladi. Chunki farzning savobi sunnatning savobidan afzal. Kim farzdan bir rak’atga etadigan bo‘lsa ham, sunnatini o‘qiydi. Bomdodning farzidan bir rak’atga etish imkoni bo‘lsa ham, sunnatni o‘qiladi. Chunki shu tariqa ham farzning, ham sunnatning fazli topiladi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ إِذَا جِئْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ وَنَحْنُ سُجُودٌ فَاسْجُدُوا، وَلَا تَعُدُّوهَا شَيْئًا، وَمَنْ أَدْرَكَ الرَّكْعَةَ فَقَدْ أَدْرَكَ الصَّلَاةَ رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالدَّارَقُطْنِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon namozga kelsangiz, biz sajda qilib turgan bo‘lsak, siz ham sajda qiling va uni hech narsa sanamang. Kim rak’atni topsa, namozni topgan bo‘ladi», dedilar». Abu Dovud va Dora Qutniy rivoyat qilishgan. Masjidga kirgan odam bomdodning sunnatini o‘qimagan bo‘lsa, bir chetda o‘qiydi. Safning orqasiga borib o‘qimaydi. Bomdodning sunnati qazosini faqat farziga tobe’ bo‘lgan holdagina o‘qiydi. Ya’ni bomdodning ham farzi, ham sunnati qazo qilinganda farzga qo‘shib sunnatning qazosi ham o‘qiladi. Sunnatning o‘zini qazo qilib o‘qish yo‘q. Shuning uchun nima qilib bo‘lsa ham, farzdan qolmaslik sharti ila bomdodning sunnatini farzdan oldin o‘qib olish lozim. Imom Muhammad: «Zavol vaqtigacha bomdodning ikki rak’at sunnatini ham qazo qilinadi», degan. Ikki holatda ham peshinning sunnatini tark qilib, iqtido qiladi. Ya’ni bir rak’atga etadimi-yo‘qmi, baribir, imom namozni boshlayotgan bo‘lsa, peshinning sunnatini o‘qimay, farzga iqtido qilinadi, chunki farzni o‘qib bo‘lgandan keyin qolgan sunnatni o‘qish imkoni bor. So‘ngra uning qazosini bir juft sunnatidan avval o‘qiydi. Farzni o‘qib bo‘lgandan keyin, avval qolgan to‘rt rak’at sunnatni va undan keyin ikki rak’atni o‘qiydi. O‘sha ikkisidan boshqalarni aslo qazo qilinmaydi. Ya’ni bomdodning va peshinning farzdan oldingi sunnatidan boshqa sunnatlar qazo qilinmaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 06:00 | Savol-javoblar | 157 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar