O‘quv markazlarda oylik maosh tizimi

Assalomu alaykum! Bugungi kunda ko‘pchilik o‘quv markazlar o‘z o‘qituvchilari bilan va xodimlari bilan maosh masalalarini foizda to‘lashga kelishishadi. Masalan bitta fanning narxi 200 000 so‘m bo‘lsa, O‘qituvchiga o‘z o‘quvchilarining ma’lum biri foizi beriladi masalan 50% i. Shunda, agar bir o‘qituvchining 10 ta o‘quvchisi bo‘lsa u insonning maoshi 1 mln so‘m bo‘ladi. Bundan tashqari markazdagi adminstrator boshqaruvchi va boshqa insonlar ham 1 oylik daromadning ma’lum ulushlarini olishadi. Masalan adminstrator 5%, tashkilotchi 7%, boshqaruvchi 9%. Bunda o‘quv markazning jami o‘quvchilari soni 100 ta bo‘lsa oylik daromad 20 mln bo‘ladi degan. Shunda adminstrator 1 mln, tashkilotchi 1.4 mln, boshqaruvchi 1.8 millon so‘m maosh oladi. Mana shu tizim dinimizda joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Oylikni foyizda belgilash joiz. Hozirgi kungacha fuqaholarimiz “ijaraga yollangan kishining xizmat haqqi muayyan bo‘lishi kerak” degan qoidani “muayyan narsa va miqdor bilan” deb tafsir qilar edilar. Ya’ni “xizmat haqini foizda belgilash joiz emas” der edilar. Shu kunlarda dunyo miqyosida keng tarqalgan pul o‘tkazmalari haqida esa “joiz” degan fatvoni bermoqdalar. Bu esa o‘z-o‘zidan xizmat haqini foizda belgilash joizligini taqozo qiladi. Chunki pul o‘tkazma ishlari ijara hisoblanadi va undagi xizmatlar haqi foizda belgilangan. O‘tkazilayotgan pulning miqdoriga qarab xizmat haqlari o‘zgaradi. Shu fatvodan kelib chiqib, ofitsiant kabilarning xizmat haqlarini foizda belgilash ham joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 08:08 | Savol-javoblar | 154 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar