Jin va Qoriin haqida

Assalomu alaykum! Youtube tarmog‘ida orqali Qur’on shifodir degan kanalni topgan edim. Unda ustoz Ahmad Salama nomli inson asosan jinlar tegishi, issiq sovuq qilinganda insonda ro‘y beradigan narsalar ruqiya qilish va shunga o‘xshash narsalar haqida ma’lumot berib boradi. Men u insonni ilmli yoki yo‘qligini bilmayman. uni 2 yoki 3 ta videosini ko‘rib undagi malumotlar rostmi yoki unday gap dinda yo‘qmi shuni siz aziz ustozlarimdan so‘ramoqchi edim. 1. Jin tekkan yoki kirgan inson boshdan oyoq zaytun yog‘ini surtishi kerak ekan. Sababi jinlarga bu yoqmas ekan va jin tanada uzoq qololmas ekan. 2. bir litr zaytun yog‘iga arab tilida shuzab yoki shazab deyiladigan isiriqqa o‘xshash narsadan 250gr olib shu zaytun yog‘iga solib og‘zini berkitib issiqroq joyga qo‘yilar ekan. Taqriban 2 hafta shu xolatda qoladi. Agar ruqiya qilmoqchi bo‘lsa o‘sha idishni ochib ruqiya qilib yana berkitib qo‘ysa ham bo‘lar ekan 3. Har bir inson ichida Qoriin degan jin bo‘lar ekan. U insonni yomonlikka undar ekan. Hattoki Payg‘ambarimizda ham bo‘lgan ekan lekin u Allohni izni bilan u zotni yomonlikka unday olmagan ekan. Shu haqida bir hadisni ham keltirdi. Shu gaplar asoslimi? Siz ustozlarda Ahmad Salama ismli inson haqida malumot bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Suv va zaytun yog‘iga shar’iy ruqya qilish – dam solish ko‘z tegishi, sehr va jin tegishining shar’iy muolajalaridan hisoblandi. Lekin ruqyaning o‘zi ta’sir qilmaydi, balki Alloh qachon taqdir qilsa o‘shanda bo‘ladi. Ruqya qiluvchi ham, qildiruvchi ham shifo va ta’sir Allohdan ekanligiga e’tiqod qilishlari zarur. Jinlar zaytun yog‘ini yoqtirmasligi haqidagi gapga shar’iy dalil yo‘q.2). Bu uslub ham birinchisi kabi. Zaytunga shar’iy ruqya o‘qib suv va zaytun yog‘ini ichish, badanga surtish mumkin.3). Qoriin bu shaytondir. Har bir odam bolasining shaytonlardan bo‘lgan qoriin – hamrohi bo‘ladi. U uni vasvasa qilib, ihvo qilib turadi. Ba’zida insonning iymoni baquvvat va qoriin esa kofir bo‘ladi. Xuddi Nabiy sollalohu alayhi vasallam  va sahobalarning yaxshilarida bo‘lgani kabi. O‘sha hadisda shunday deyiladi:عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَا مِنْكُمْ مِنْ أَحَدٍ، إِلَّا وَقَدْ وُكِّلَ بِهِ قَرِينُهُ مِنَ الْجِنِّ». قَالُوا: وَإِيَّاكَ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: وَإِيَّايَ، إِلَّا أَنَّ اللهَ أَعَانَنِي عَلَيْهِ فَأَسْلَمَ، فَلَا يَأْمُرُنِي إِلَّا بِخَيْرٍ Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan biror kishi yo‘qki, uning jinlardan vakil qilingan hamrohi bo‘lmasa», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, sizning hammi?» deyishdi. U zot: «Ha, mening ham. Lekin Alloh meni uning ustidan g‘olib qildi va u musulmon bo‘ldi. U meni faqat yaxshilikka undaydi», dedilar». 
“Sahihi Muslim” kitobidan. Ahmad Salama degan kishi haqida bizda ma’lumot yo‘q. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 10:18 | Savol-javoblar | 184 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar