Ulug‘ insonlar

Assalomu alaykum! Anbiyolar va sahobalarning hayotini o‘rganib turib beixtiyor ularga nisbatan muhabbat paydo bo‘lib, ularning darajasiga etishishni orzu qilamiz. Lekin hozirga qilayotga ibodatlarimiz ularning mavqe’iga hech qachon etisha olmayotgandek ko‘rinadi. Savolim quyidagicha: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga o‘xshagan ummatlar uchun biror xush xabar aytganmilar? Sizlarga kattakon rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم أَتَى الْمَقْبُرَةَ فَقَالَ: السَّلَامُ عَلَيْكُمْ دَارَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ وَإِنَّا إِنْ شَاءَ اللهُ بِكُمْ لَاحِقُونَ، وَدِدْتُ أَنَّا قَدْ رَأَيْنَا إِخْوَانَنَا، قَالُوا: أَوَ لَسْنَا إِخْوَانَكَ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: أَنْتُمْ أَصْحَابِي وَإِخْوَانُنَا الَّذِينَ لَمْ يَأْتُوا بَعْدُ فَقَالُوا: كَيْفَ تَعْرِفُ مَنْ لَمْ يَأْتِ بَعْدُ مِنْ أُمَّتِكَ يَا رَسُولَ اللهِ؟ فَقَالَ: أَرَأَيْتَ لَوْ أَنَّ رَجُلًا لَهُ خَيْلٌ غُرٌّ مُحَجَّلَةٌ بَيْنَ ظَهْرَيْ خَيْلٍ دُهْمٍ بُهْمٍ أَلَا يَعْرِفُ خَيْلَهُ؟ قَالُوا: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: فَإِنَّهُمْ يَأْتُونَ غُرًّا مُحَجَّلِينَ مِنَ الْوُضُوءِ وَأَنَا فَرَطُهُمْ عَلَى الْحَوْضِ أَلَا لَيُذَادَنَّ رِجَالٌ عَنْ حَوْضِي كَمَا يُذَادُ الْبَعِيرُ الضَّالُّ أُنَادِيهِمْ أَلَا هَلُمَّ فَيُقَالُ: إِنَّهُمْ قَدْ بَدَّلُوا بَعْدَكَ فَأَقُولُ: سُحْقًا سُحْقًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَلِلْبُخَارِيِّ بَعْضُهُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maqbaraga kirdilar-da: 
«Assalomu alaykum, ey mo‘min qavmlar diyori! Albatta, biz ham sizga qo‘shiluvchimiz. Birodarlarimizni ko‘rmoqni xush ko‘rdim», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, biz birodarlaringiz emasmizmi?» deyishdi. 
«Sizlar sahobalarimsiz. Birodarlarimiz hali-hanuz kelganlaricha yo‘q», dedilar. 
«Ey Allohning Rasuli, o‘z ummatingizdan hali-hanuz kelmaganlarini qanday taniysiz?» deyishdi. 
«Ayting-chi, bir odamning qop-qora otlar ichida yuzi va oyoq-qo‘llari oppoq porlagan otlari bo‘lsa, u otlarini taniy oladimi?» dedilar.
«Albatta, ey Allohning Rasuli», deyishdi. 
«Albatta, ular tahoratning asaridan yuzlari va oyoq-qo‘llari porlagan holda kelurlar. Men ularni hovuz ustida kutib oluvchiman. Ogoh bo‘lingkim, albatta, bir guruh odamlar mening hovuzimdan xuddi qochgan tuya qaytarilgandek qaytarilurlar. Men:
«Hoy, bu yoqqa kelinglar!» deb ularga nido qilurman. Shunda:
«Batahqiq, ular sendan keyin o‘zgartirib yubordilar», deyiladi. Men: 
«Unday bo‘lsa, halok bo‘lsinlar, halok bo‘lsinlar», deyman», dedilar».
Muslim va Nasaiy, ba’zisini Buxoriy rivoyat qilishgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda mashhur hodisa va unda bo‘lib o‘tgan gaplarning ba’zi taraflari zikr qilinmoqda.
Aslida voqea quyidagicha bo‘lgan edi. Bir kuni sahobalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni yo‘qotib qo‘yadilar. Bir-birlaridan so‘rab-surishtiradilar. Kimdan so‘rasalar, «Hozir shu erda ko‘rgan edik», deydi. So‘rab-so‘rab borib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni qabristondan topadilar va:
«Ey Allohning Rasuli, sizni yo‘qotib qo‘yib, ko‘nglimizga har xil gaplar keldi, xavotir oldik», deyishadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mana shu hadisda kelgan gaplarni aytadilar.
Ushbu hadisda zikr etilgan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan sahobai kiromlar orasida bo‘lib o‘tgan suhbat o‘sha qabristonda bo‘lib o‘tgan. Keling, ushbu suhbatni batafsil o‘rganib chiqaylik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dastavval qabristonni ziyorat qilish odobiga amal qilib:
«Assalomu alaykum, ey mo‘min qavmlar diyori! Albatta, biz ham sizga qo‘shiluvchimiz», deb qabr ahliga, mo‘min-musulmonlarga salom berdilar. So‘ng:
«Birodarlarimizni ko‘rmoqni xush ko‘rdim», dedilar».
Sahobalar o‘zlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning birodarlari deb bilar edilar. Shuning uchun u zotning bu gaplaridan ajablandilar va:
«Ey Allohning Rasuli, biz birodarlaringiz emasmizmi?» deyishdi. U zot:
«Siz sahobalarimsiz, birodarlarimiz hali-hanuz kelganlaricha yo‘q», dedilar.
Ya’ni, sizlar suhbatimni topgan sahobalarimsiz. Ammo birodarlarimiz hali kelganlari yo‘q, keyinroq keladilar, dedilar.
Boshqa bir rivoyatda: «Mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan, menga iymon keltiradilar», deganlar.
Bu gapdan keyin sahobalarda yangi savol paydo bo‘ldi. Ular: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni ko‘rib, tanib olganlar. Ammo o‘zlaridan keyin kelgan ummatlarini ko‘p xaloyiqning ichidan qanday tanib olar ekanlar», deb o‘yladilar va:
«Ey Allohning Rasuli, o‘z ummatingizdan hali-hanuz kelmaganlarini qanday taniysiz?» deyishdi.
Albatta, gap qiyomat kuni haqida ketmoqda. Chunki u kundan boshqa vaqtda ko‘rishishning, tanishishning imkoni yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu savolga misol keltirish bilan javob berdilar:
«Ayting-chi, bir odamning qop-qora otlar ichida yuzi va oyoq-qo‘llari oppoq porlagan otlari bo‘lsa, taniy oladimi?» dedilar. Sahobalar:
«Albatta, ey Allohning Rasuli», deyishdi. Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, ular yuzlari va oyoq-qo‘llari tahoratning asaridan porlagan holda kelurlar», dedilar.
Ya’ni, mendan keyin kelgan ummatlarim qiyomat kuni kufr va gunohdan qop-qora bo‘lib ketgan odamlardan ajralgan holda, tahorat qilganda suv tekkan joylari, yuzlari va oyoq-qo‘llari go‘zal bo‘lib porlagan hollarida kelurlar. Men ularni ana o‘sha alomatlaridan tanib olurman, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu gaplari tahoratning naqadar fazilatli ekanligini ko‘rsatadi. Mo‘min-musulmon odam namoz o‘qishi, tavof qilishi va Qur’on ushlashi va o‘qishi uchun tahorat qilmog‘i shart. Umuman, doimo tahoratli yurish esa fazilatdir. Tahoratning fazllari juda ko‘p. Jumladan, tahorat qilgan odam har a’zosini yuvganda o‘sha a’zolardagi gunohlar to‘kilishi haqida hadislar bor. Ammo bu hadisda haqiqiy mo‘min-musulmon odamda tahoratining asari qiyomat kuni qanday zohir bo‘lishi bayon qilinmoqda.
Qiyomat qoim. Hamma yoqda misli yo‘q alg‘ov-dalg‘ov. Odam Atodan tortib, to qiyomatgacha yashab o‘tgan xaloyiq qayta tiriltirilib, Mahshargohga to‘plangan. Qiyomatning dahshatidan go‘daklarning sochi oqargan, emizikli ayollar o‘z bolasini unutgan. Ota bolani, bola otani tanimaydi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Birov-birovni tanishi u yoqda tursin, ko‘rmaydi va sezmaydi ham. Ana shunday to‘s-to‘polonning ichida, shuncha xaloyiqning orasida faqat bir kishi o‘z odamlarini osongina tanib oladi. U zot Robbil olaminning habibi Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar. Alloh taolo o‘z habibi uchun ummatlarini oson tanib olishni ta’minlagan. Ajoyib, go‘zal bir alomat qilib qo‘ygan. Bu alomat mo‘min bandaning bu dunyoda iymon va ixlos bilan qilgan tahorati asaridir. Qiyomat kuni mo‘min bandaning tahorat qilganda suv tekkan a’zolari oppoq bo‘lib porlab turadi.
Kofirlar, munofiqlar, betahoratlar yuzlari, badanlari, oyoq-qo‘llari qop-qora holatda, xoru zor yurgan bir paytda mo‘minlarning yuzlari, oyoq-qo‘llaridan nur porlab turadi. Mahbub payg‘ambarlari ularni ana o‘sha nurdan tanib oladilar. Shuning uchun ham tahoratni ko‘proq qilish, hamisha tahoratli yurish kerak. Kim bu ishni ko‘proq qilsa, qiyomat kuni yuzi, qo‘l-oyoqlaridan porlaydigan nuri ko‘p bo‘ladi, oz qilsa, oz. Qilmasa, nuri umuman bo‘lmaydi. Rasululloh uni tanimaydilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisning davomida tahorat asaridan yuzi, oyoq-qo‘llari porlab turgan ummatlarini qaerda kutib olishlarini ham aytmoqdalar:
«Men ularning hovuz ustida kutib oluvchilariman».
Bu hovuz haqida o‘ttizdan ortiq sohobalardan turli hadislar rivoyat qilingan.
Imom Buxoriy hazrati Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Mening hovuzimning miqdori Iyladan Yamanning San’osigachadir. Undagi ko‘zalar yulduzlarning adadichadir», deganlar.
Hovuz haqidagi hadislarning umumiy ma’nosidan quyidagi ma’lumotlar kelib chiqadi: bu hovuz juda ulkan, muhtaram bir joydir. Unga jannatdagi Kavsar anhoridan sharob oqib keladi. Uning sharobining rangi sutdan oq, muzdan sovuq, asaldan shirin, mushkdan ko‘ra xushbo‘ydir. U juda keng bo‘lib, bo‘yi bilan eni tengdir.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda: «Har bir Payg‘ambarning hovuzi bordir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hovuzlari eng kattasi, eng shirini va eng ko‘p odam keladiganidir», deyilgan.
Bu erda ham o‘sha hovuz haqida so‘z ketmoqda. Mazkur hovuzdan sharob ichish, jannatiylikning alomati, ulkan baxt va buyuk saodatdir. Payg‘ambarimiz o‘sha hovuz ustida turib, tahorat asaridan yuzlari, oyoq-qo‘llaridan nur taralib turgan ummatlarini kutib oladilar. Bu dunyoda Islomda bo‘lganlar tahorat asaridan yuzlari, oyoq-qo‘llari porlagan holda kelib, ustida Payg‘ambarlari Muhammad sollallohu alayhi vasallam kutib turgan hovuz sharobidan ichish baxtiga muyassar bo‘ladilar.
Ammo boshqacha holat ham bo‘ladi. Bu ko‘ngilsiz holatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagicha vasf qiladilar:
«Ogoh bo‘lingkim, albatta, bir guruh odamlar mening hovuzimdan xuddi qochgan tuya qaytarilgandek qaytarilurlar».
Qochgan tuya o‘zi xohlagan tomonga ketayotganda yo‘lini to‘sib chiqib, uzoqdan haydab qaytariladi. Baxtli ummatlar kelib, hovuzdan sharob ichayotgan bir paytda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam farishtalar hovuzdan sharob ichish ilinjida kelayotgan ba’zi odamlarning yo‘llarini to‘sib chiqib, ularni xuddi qochgan tuyani qaytarayotgandek haydab yuborayotganlarini ko‘radilar. Keyin nima bo‘lishini quyidagicha bayon qiladilar:
«Men: «Hoy, bu yoqqa kelinglar», deb nido qilurman».
Ya’ni, Payg‘ambarimiz haligi odamlarning qaytib ketayotganlarini ko‘rib, o‘z huzurlariga chaqiradilar. U sho‘rliklar javob berishga ojizlar. Shunda farishtalar tomonidan:
«Ular sendan keyin o‘zgartirib yubordilar», deyiladi.
Ya’ni, o‘sha hovuzdan qaytarilayotganlar Pay¬g‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan keyin e’tiqodni, dinga amal qilishni, Qur’on va Sunnatni mahkam tutishni o‘zgartirib yuborganlar. Ular e’tiqodni buzganlar, Islomga amal qilmay qo‘yishgan yoki ba’zisiga amal qilib, ba’zisiga amal qilmaydilar. Shuning uchun ular hovuz oldidan xuddi qochgan tuya haydalgandek qaytarib yuboriladilar. Buni eshitib, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning nima deyishlarini u zotning o‘zlaridan eshitaylik:
«Men:
«Unday bo‘lsa, halok bo‘lsinlar, halok bo‘lsinlar», deyman».
Ya’ni, yo‘qolsinlar, hovuzga yaqin kelmasinlar, deydilar. Demak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan keyin noto‘g‘ri yo‘lga ketganlardan yuz o‘giradilar. E’tiqodni, dinni hamda Kitob va Sunnatga amal qilishni o‘zgartirganlarga halokat tilaydilar.
Ularning o‘zlarining hovuzlaridan sharob ichmasliklariga rozi bo‘ladilar.
Ushbu hadisdan olinadigon foydalar:
1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maqbarani ziyorat qilganlar.
2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan keyin keladigan muxlis ummatlarini «birodarlarim» deb ataganlar va ularni ko‘rmoqni orzu qilganlar.
3. Sahobalar ushbu hodisagacha o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birodar hisoblab yurganlar.
4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmay turib, u zotga iymon keltirgan va Islomga amal qilganlarning alohida fazllari borligi.
5. Qiyomat qoyim bo‘lishining haqligi.
6. Qiyomatda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga ummat bo‘lish sharafiga ega bo‘lgan muxlis kishilarda tahorat asari porlab, boshqalardan ajrab turishi haqligi.
7. Bunga o‘xshash narsalarni tushuntirish uchun hayvonlarni misol keltirishning joizligi.
8. Tushunmagan narsani odob bilan so‘rab o‘rganishning yaxshiligi.
9. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hovuzlari haqligi.
10. Osiylar, betavfiqlar va dinni o‘zgartiruvchilar hovuzdan sharob icha olmaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unday kishilarning halok bo‘lishi haqida duo qiladilar.
Ushbu hadisi sharifni yaxshi tushunib, uning taqozosi bo‘yicha ish tutsak, qiyomatda tahorat asaridan porlab turadigan nurimiz ko‘proq va kuchliroq bo‘lishi uchun harakat qilsak qanday ham yaxshi bo‘lar edi. Har birimiz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hovuzlaridan sutdan oq, asaldan shirin, mushkdan xushbo‘y sharobdan ichishga musharraf bo‘lish uchun qo‘limizdan kelgan har bir ishni hozirdan boshlasak qanday yaxshi bo‘lar edi.
Buning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida Qur’on va Sunnatga qanday amal qilingan bo‘lsa, hozirda ham ana shu darajaga erishish uchun harakat qilishimiz lozim bo‘ladi.(“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 07:17 | Savol-javoblar | 135 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar