Gunohni qilib tavba qilib yana gunoh qilib qo‘ysa

Assalomu alaykum! Bir kishi gunox qilsa va keyin tavba qilsa (shirkdan tashqari albatta)  va yana oldingi xolatiga qaytib gunox qilsa va yana tavba qilsa tavba qilguncha qilgan yaxshi amallari xabata bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Habata bo‘lmaydi. Tavba qilish kerak va tavbasida sobit turishga harkat qilishi kerak. Alloh taologa ixlos ila yolborib dini va hidoyatda sobit qadam qilishini so‘rab duo qiling. Bu duolarning eng yaxshi Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam qilgan duodir: قَالَ شَهْرُ بْنُ حَوْشَبٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ لِأُمِّ سَلَمَةَ: يَا أُمَّ الْمُؤْمِنِينَ، مَا كَانَ أَكْثَرُ دُعَاءِ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا كَانَ عِنْدَكِ؟ قَالَتْ: كَانَ أَكْثَرُ دُعَائِهِ: يَا مُقَلِّبَ الْقُلُوبِ ثَبِّتْ قَلْبِي عَلَى دِينِكَ، قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، مَا أَكْثَرَ دُعَاءِكَ بِهَذَا؟ قَالَ: يَا أُمَّ سَلَمَةَ، إِنَّهُ لَيْسَ آدَمِيٌّ إِلَّا وَقَلْبُهُ بَيْنَ إِصْبَعَيْنِ مِنْ أَصَابِعِ اللهِ، فَمَنْ شَاءَ أَقَامَ، وَمَنْ شَاءَ أَزَاغَ «Shahr ibn Havshab roziyallohu anhu Ummu Salama roziyallohu anhoga:
«Ey mo‘minlarning onasi! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sizning oldingizda bo‘lganlarida aksari duolari qanday bo‘lar edi?» dedi.
Ummu Salama roziyallohu anho:
«U zotning aksari duolari «Yaa muqollibal quluubi, sabbit qolbii alaa diinik ˗ Ey qalblarni aylantirib turuvchi Zot! Qalbimni diningda sobit qil» edi. Bas, men:
«Ey Allohning Rasuli! Bu duoni buncha ham ko‘p qilasiz-a?» dedim.
«Ey Ummu Salama! Qalbi Allohning ikki barmog‘i orasida bo‘lmagan biror odam yo‘q. Kimni xohlasa, qoim qiladi, kimni xohlasa, toydiradi», dedilar».
Sharh: 
Albatta, ko‘p ishlar odamning qalbiga va dinda sobitligiga bog‘liq bo‘ladi. Qay bir odamning qalbi pok va dinda sobit bo‘lsa, ikki dunyoning saodatiga erishadi. Agar boshqacha bo‘lsa, natija ham boshqacha bo‘ladi.
Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoda eng qalbi pok, Alloh taoloning dinida qalblari eng sobit va ma’sum zot bo‘lishlariga qaramay, doimiy ravishda Alloh taolodan qalblarini dinda sobit qilishini so‘rab, duo qilib turganlar.
Biz ham sevikli Payg‘ambarimizdan o‘rnak olib, bu duoni ko‘p qilib turishimiz lozim. ("Hadis va hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 23:34 | Savol-javoblar | 178 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar