Ismlarga "voy" qo‘shimchasini qo‘shib chaqirish

Assalomu alaykum! Men ushbu savolni so‘rashdan oldin saytdan ushbu mavzu bo‘yicha berilgan boshqa savollar yo‘qligiga ishonch hosil qilib, keyin savol berishga ahd qildim! Savolim quyidagicha: mening ismim Muhammadsoli lekin meni ko‘pchilik Solivoy, Soli yoki shunga o‘xshash qo‘shimchalar bilan noto‘liq holda chaqirishadi! Men ularga ismimni to‘liq holda chaqirishini va bu menga hush kemasligini aytishimga qaramay bu holat davom etmoqda. Yaxshi niyat ila qo‘yilgan ushbu ismni shunday chaqirish to‘g‘rimi? Qo‘yilgan ismni to‘liq holda chaqirish kerakligi bo‘yicha biror bir hadis kelganmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat, Alloh qilayotgan hayrli ishlaringizni ajrini ko‘paytirib bersin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Biz bilishimizcha ismingiz Muhammadsolih bo‘lishi kerak. Albatta kishining o‘z ismi bilan uni to‘liq holida aytib chaqirilgani yaxshi bo‘ladi. Ismning egasini ranjitib, uning ismini qisqartirib aytib chaqirish durust emas. Lekin ba’zi holatlarda shunday qisqartirib ham chaqiriladi. Xususan o‘zingizga yaqin, yoshi katta tanishlaringiz tarafidan ham bo‘lish ehtimoli bor. Bu holatga qattiq ranjish kerak emas. Ular sizni o‘ziga yaqin olib, erkalab shunday qilishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Oisha onamizni “Ey Oish” deb, xizmatchilari Anjashani “Ey Anjash” deganlari hadislarda vorid bo‘lgan. Lekin kimdir sizni shunday chaqirishdan maqsadi qadringizni kamaytirish yoki ustingizdan kulish bo‘lsa, albatta bu ishdan shariatda qaytarilgan, gunoh ish hisoblanadi. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 03:00 | Savol-javoblar | 155 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar