Mast yo‘lovchining puli

Assalomu alaykum! Men ko‘chada taksis bo‘lib ishlayman. Bundan 2 oycha avval meni bir mast kishi to‘xtatdi, chamasi 6-7 km atrofida yurib, menga pul berdi. Men pulga qaramasdan moshinaga qo‘ydim. Uyga kelib qarasam bergan puli 100$ ekan. Tashlagan joyimga borib qidirdim topolmadm. U pulni nima qilishni bilmasdan masjidga kitob, joynomozlar olib borib o‘sha kishini nomidan exson qilib yubordim. Agarda u kishini keyinchalik ko‘rib qolsam u pulni u kishiga qaytarishim kerek bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Albatta egasiga berishingiz kerak. Aslida unday qilmasligingiz kerak edi. Chunki masjid kir pullardan pok bo‘lishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy nozil bo‘lishidan avval Ka’bani sel olib, devorlari yorilib ketdi. Shunda Quraysh maslahat qilib uni buzib qayta qurishga kelishishdi. Masjid qurilishida faqat pokiza pul ishlatilishni shart qilindi. Mablag‘ Ka’bani asliy holida qurishga etmadi. Shuning uchun Ka’baning yonidan bir qismi ajrab qoldi. Hozirgi kunda u joyni Xatiym deb nomlanib, pastroq qilib devor urib qo‘yilgan. Boshqa masjidlarning ham hukmi shunday. Unga harom narsalarning savdosidan kelgan, zinodan topilgan, pora, qimorlardan topilgan, foldinlik kabi harom ishlardan topilgan, shuningdek ko‘chalarda tushib qolgan puldan ham aralashtirish mutlaqo joiz emas. Fuqaholar bunday masjidda namoz o‘qish makruh deganlar. U makruhdan murod makruhi tahrimiy hisoblanadi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:22 | Savol-javoblar | 173 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar