Musulmon bo‘lmagan insonning bir musulmonga savoli

Assalomu alaykum! O‘zim qiz bolaman, mening juda ham qadrli bo‘lgan bir do‘stim bo‘lib u Xitoy fuqarosi. Hozirda O‘zbekistonda tahsil olmoqda. Ma’lumki u musulmon dinida emas, lekin insoniylik hatti-harakatlari va qalbi bizning dinimizda yozilgan amallarga to‘g‘ri keladi. Uni ko‘p kuzatdim va men musulmon bo‘la turib, ba’zida e’tiborsiz qoldirgan amallarimga u amal qilgan vaqtlari juda ko‘p bo‘ldi. Men unga islom dini haqida ilmimga yarasha tushuntirdim va shu dinga o‘tishni o‘ylab ko‘rishi haqida aytdim. U islom dinida bo‘lmasa ham lekin Alloh borligiga ishonishini ko‘p takrorlaydi. Lekin qilgan yaxshi amallari faqat o‘zi uchungina, ya’ni yaxshilik qilsa, to‘g‘ri yo‘lda yursa, hayoti to‘g‘ri bo‘lishi haqida gapiradi. U bu ishlarni kimdandur qo‘rqgani uchun emas, o‘zining tanlovi shunday bo‘lgani uchun qiladi. Musulmon insonlarni esa Allohdan qo‘rqgani uchun gunohdan tiyilishi haqida gapiradi. Bundan tashqari ko‘p musulmon insonlar ichish va chekish Islom dinida harom qilinganini bilib turib, nega bu narsadan qaytmasligi, musulmon bo‘lgan kishi mutlaqo bu narsalardan tiyilishi kerakligini aytadi. Ming afsuslar bo‘lsinki men unga kerakli javoblarni aniq va lo‘nda qilib tushuntirolmayman. Chunki hali o‘zim etarlicha ilmga ega bo‘lmadim. U bir savolni berdi, "agar inson doim to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, qilayotgan ishlari chindan ham halol va nopok yo‘ldan yiroq bo‘lsa, nima uchun musulmon bo‘lishi kerak? musulmon bo‘lmasam ham yomonlikdan yiroq yuribmanku" degan savol uni va meni qiynaydi. Agarda shu savoliga javob bera olsam, iymoni komil bo‘lsa In Shaa Allah musulmon diniga o‘tishi haqida aytgan. Shu savollariga javob qidirish bilan band bo‘laman, hatto din bo‘yicha chuqur ilm egallagan Qori, domlalar oldiga borib javob qidirishni niyat qildim. Ammo, avvalo Allohdan umid qilib, so‘ngra Alloh buyrug‘i bilan sizdan yordam so‘rab ko‘rishga ahd qildim. Umid qilamanki bu savolim albatta o‘z javobini oladi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Insonni yaratib, yaxshi bilan yomonni ko‘rsatib, uni ajrata olish uchun aql berib, har lahza har lahza yashashiga madad berib turgan zot Allohga ishonmay yoki ishonaman lekin uni aytganiday ish qilmayman, o‘zim bilib yaxshilik qilayapman o‘zim haqman degan odamni mantiqan olib qaralsa aql egalari nima deb ataydi?! Nonko‘r bo‘ladimi? Insonni aqliga tashlab qo‘yilsa hozirda shu yaqin do‘stingiz mamlakatlari va g‘arbdagi Xudo yo‘q deb aqliga suyanganlar hayvondan battar amalarni qilib aqliga suyanib yuribdi: bir jinslik hayotni oqlab, vaxshilik qilishni erkinlik deb, millionlab odamlar o‘limiga sabab bo‘lib shu “aqli” bilan bu ishga haqlimiz deb hukm chiqarib, Alloh insonni yaratib unga aql ne’matini bergan va bu aql mukammal chegarasiz emas balki noqis va chegaralangan ekanini haq dini Islom orqali bayon qilgan. Bu masalani bir savolga javob bilan qamrab olish qaiyin. Solih, ilmli odam bilan bir qancha suhbatlarda u dugonangizga sekin sekin tushuntirilsa inshaa Alloh qalbiga iymoni nuri kirib Islom dinini qabul qilsa.
Alloh taolo "Zariyat" surasida marhamat qiladi:   وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ۝ 56. Jin va insni faqatgina Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim.
Ushbu qisqagina oyatda ulkan haqiqat o‘z ifodasini topgandir. Odamlar va jinlarning yaratilishidan yagona maqsad Allohga ibodat qilish ekan. Ko‘pgina islomiy tushunchalar qatori, ibodat tushunchasida ham xatolar sodir bo‘lgan. Oqibatda hozirgi kunimizda «ibodat» deganda kishilar ongida namoz, ro‘za, qiroat, zikr kabi narsalargina namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri, mazkur amallar ulkan ibodatlardir, bularsiz Islomni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ammo ushbu tushuncha bilan hozir tafsir qilayotgan oyatimizga murojaat qiladigan bo‘lsak, insonlar va jinlar butun umrlarini namoz o‘qib, zikr qilib o‘tkazmoqlari lozim bo‘lib qoladi. Chunki insu jinni Alloh taolo faqat O‘ziga ibodat qilishlari uchun yaratgandir.
«Jin va insni faqatgina Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim».
Namozu ro‘za, zikru tilovatdan boshqa ishga qo‘l urgan shaxs, yuqorida aytib o‘tilgan tushuncha bo‘yicha, Allohning irodasiga qarshi chiqqan osiy bo‘ladi.
Holbuki, boshqa oyatlarda Alloh taolo bandalarini er yuzini obod qilishga, oila qurishga va boshqa ishlarga buyurgan. Insonni O‘zining er yuzidagi xalifasi (o‘rinbosari) deb e’lon qilgan.
Demak, «ibodat» ma’nosining boshqacha talqini ham bo‘lishi kerak.
Keling, ibodatning lug‘aviy va istilohiy ma’nosini o‘rganib chiqaylik-chi, qanday natijaga erishar ekanmiz. «Ibodat» so‘zi arab tilida «bo‘ysunish», «o‘zini past tutish», «itoat etish» va «amrni bajarish» degan ma’nolarni bildiradi. Demak, har bir ishda Allohga bo‘ysunish, itoat qilish, Allohning amrlarini bajarish, huzurida o‘zini past olish Allohga ibodat qilishni anglatar ekan.
Ulamolar istilohida esa Allohga yaqinlik hosil qilish uchun qilinadigan har bir ish ibodatdir. Alohida ta’kidlab aytmoq lozimki, namoz, ro‘za, haj, zakot kabi ibodatlar Islomning negizini tashkil etadigan ulkan ibodatlardir. Bularsiz inson musulmon bo‘lishi qiyin. Bu erda xato «ibodat» ma’nosini faqat mazkur amallarga bog‘lab qo‘yishdadir. Shuning uchun odam namoz o‘qiyotganida o‘zini Allohning huzurida his qiladi-yu, kasb bilan shug‘ullanayotganida o‘zini Allohga noma’qul ish qilayotgandek his qiladi. Ibodat ma’nosini to‘g‘ri tushunadigan bo‘lsak, bu hozirgidan keng va komil tushuncha ekani ma’lum bo‘ladi. Har bir ishimizni shariatga mos qilib, Allohning amriga, Nabiy alayhissalomning sunnatlariga muvofiq olib borsak, har bir ishimiz ibodatga aylanadi, savob o‘rniga o‘tadi. Buning uchun ikki asosiy shartga amal qilmoq zarur:
1. Har bir ish Qur’on yoki Sunnatga muvofiq bo‘lmog‘i lozim.
2. Har bir ishni qilish yoki tark etishda Allohning roziligini istash kerak. Shunda har bir ishimiz ibodatga aylanadi. Demak, niyatni yaxshilash lozim. Nabiy alayhissalom o‘zlarining mashhur hadislarida: «Albatta, har bir ish niyatga bog‘liq, har bir kishi nimani niyat qilsa, o‘shanga etadi», – deganlar.
Islomda ibodat tushunchasi keng tushuncha ekaniga Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharif ham dalil-hujjat bo‘ladi: «Bir guruh kishilar:
– Ey Allohning Rasuli, boylar ajru savobni olib qo‘ydilar, chunki bizga o‘xshab namoz o‘qishadi, ro‘za tutishadi va yana ustiga, ortiqcha molu dunyolaridan sadaqa qiladilar, – deyishdi. Ul zot:
– Alloh taolo sizlarga ham sadaqa qiladigan narsalarni berib qo‘ymaganmi? Har bir tasbehingiz sadaqa, har bir takbir ham sadaqa, har bir tahlil ham sadaqa, amri ma’ruf ham sadaqa, nahyi munkar ham sadaqa va har biringizning shahvatingizda ham sadaqa bor, – dedilar. Shunda odamlar:
– Birontamiz shahvatimizni qondirsak ham ajr oladimi? – deb so‘radilar. Nabiy alayhissalom:
– Aytinglar-chi, shu ishni haromdan bajarsa, unga gunoh bo‘larmidi? Xuddi shuningdek, haloldan bajarsa, unga ajr bo‘ladi, – dedilar». ("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Tanishingizni dinni yaxshi biladigan ayol mutaxassislarimiz bor. O‘shalar bilan suhbat qildiring.Vallohu a’lam!

11 May 2022, 04:28 | Savol-javoblar | 161 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar