Katta gunohlar kechirilishi

Assalomu alaykum! Ramazon oyida to‘liq ro‘za turib, ba’zida kechalari qoyim bo‘lgan va solih amallarga ergashgan bandani barcha katta gunohlari kechiriladimi? Bu savolni berishimga sabab mo‘min kishi avval gunohlariga yarasha jazoni olib, keyin albatta In Shaa Alloh Jannatga kirar ekan. Do‘zax azobi esa qattiq. Biz esa kattayu kichik gunohlardan holi emasmiz...
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Katta gunohlar uchun albatta tavba qilishi shart. Mabodo odamlarning haqlari bo‘lsa ularni ado qilib, egalari kechmaguncha kechirilmaydi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ وَأَحْمَدُ وَزَادَ: وَمَا تَأَخَّرَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan  rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur», dedilar».
Beshovlari va Ahmad rivoyat qilgan. U kishi
«va keyingi ham»ni ziyoda qilgan.
Sharh: Bu hadisi sharifda ro‘zaning naqadar ulkan ibodat ekanligi, uning qadri naqadar ulug‘ligi ochiq-oydin bayon qilinmoqda. Shu bilan birga, ro‘zani iymon, ixlos bilan, faqat Allohning O‘zidan savob umid qilgan holda tutish zarurligi ta’kidlanmoqda. Bandaning o‘tganu qolgan gunohlarining mag‘firat qilinishi Allohning ulug‘ marhamatidir. Bu marhamatga esa, banda Ramazon ro‘zasini tutibgina erishishi mumkin.
Albatta, musulmonlar bu haqiqatni yaxshi tushungan holda Ramazondan unumli foydalanib qolishga harakat qilurlar. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 05:03 | Savol-javoblar | 160 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar