Ateistik saxifa

Assalomu alaykum! Allohim ilmingizni yanada ziyoda kilsin! "Din xar yerda va xamma joyda umr buyi boshqalarga ishlab, muxtojlik va gariblikda yashab kelgan xalk ommasini ezadigan ruxiy zulm shakllaridan biridir" (V. I. Lenin) "Bizning ateistik davrimiz tavrot afsonalari ustidan kularkan, Xudoni inson kaltabinligining taxallusidir, deya xisoblaydi"(M. Gorkiy) " Bilim bulmagan joyda dinga ishonadilar"(A. V. Lunacharskiy) " Dinni eskilik sarkiti, deyishadi. Bu unchalik anik fikr emas, chunki, u eskilik sarkitidan battarrok narsa. Bu, malum darajada, tabiat kuchlari oldidagi inson ojizligining asoratidir" (M. I. Kalilin) Xozirda Respublikamizda juda kup joylar shu kabi "DOXIY" lar nomi bilan ataladi. To‘g‘ri, masalan, bir joy nomi" Mustakillik", ammo barcha xujjat ishlarida(tez yordam, ichki ishlar kabilarga telefon kilganda va xakozo)" Kalilin M. F. Y"deb yoziladi. Ustozlar sizlar bu muammoga kanday raddiya bildirasizlar? Yana bir savolim: universitetimizda ateist domlalarimiz bor. Musulmonlarni yomon kurishadi. Biz kabi talabalarni(ayniksa, namozxon, rumol uragan, diniy ilmi borlarni) atayin kiynashadi.Gaplari bir"Ilmning xamma narsaga javobi bor". Ular bilan ilmiy baxslashaylik desak, ukishdan xaydatib yuborishlari anik! Maslahat bering, kanday yul tutay?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ateistik tuzum 70 yil davomida dinga qarshi kurashib, hech narsaga erisholmadi. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Alloh ta’olo "Ra’d" surasida marhamat qiladi: أَنزَلَ مِنَ السَّمَاء مَاء فَسَالَتْ أَوْدِيَةٌ بِقَدَرِهَا فَاحْتَمَلَ السَّيْلُ زَبَدًا رَّابِيًا وَمِمَّا يُوقِدُونَ عَلَيْهِ فِي النَّارِ ابْتِغَاء حِلْيَةٍ أَوْ مَتَاعٍ زَبَدٌ مِّثْلُهُ كَذَلِكَ يَضْرِبُ اللّهُ الْحَقَّ وَالْبَاطِلَ فَأَمَّا الزَّبَدُ فَيَذْهَبُ جُفَاء وَأَمَّا مَا يَنفَعُ النَّاسَ فَيَمْكُثُ فِي الأَرْضِ كَذَلِكَ يَضْرِبُ اللّهُ الأَمْثَالَ۝ 17. “U Zot osmondan suv tushirdi. So‘ngra vodiylarda o‘z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o‘z ustiga chiqqan ko‘pikni ko‘tarib keldi. Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o‘t-olovda toblanadigan narsalarda ham shunga o‘xshash ko‘pik bo‘lur. Alloh haq va botilga mana shunday zarbulmasal keltirur. Ammo ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketur. Odamlarga manfaat beradigan narsa esa er yuzida qolur. Alloh misollarni ana shunday keltirur.
Ushbu oyati karima haqning sobitligi hamda boqiyligi va botilning asossizligi va bebaqoligi bayonidagi ikkita zarbulmasalni o‘z ichiga olgandir.
Birinchi zarbulmasal oyati karimaning
«U Zot osmondan suv tushirdi. So‘ngra vodiylarda o‘z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o‘z ustiga chiqqan ko‘pikni ko‘tarib keldi» jumlasida aks topgan.
Alloh taolo osmondan suv tushirib, yomg‘ir yog‘dirsa, har bir vodiyda o‘zining hajmiga yarasha sel oqadi. Kichik vodiyda oz, katta vodiyda ko‘p oqadi. Shu bilan birga, sel o‘zining ustida ko‘pikni ham oqizib keladi. Bunda suv haqqa, ko‘pik botilga o‘xshatilmoqda.
Ikkinchi zarbulmasal:
«Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o‘t-olovda toblanadigan narsalarda ham shunga o‘xshash ko‘pik bo‘lur».
Zeb-ziynat yasaladigan oltin va kumush, asbob-uskuna yasaladigan temir va mis kabi ma’danlar ustida ham zang va boshqa keraksiz moddalar bo‘ladi. Bu masalda haqqa asl ma’danlar, botilga zang va ko‘pikka o‘xshash boshqa moddalar qiyos qilinmoqda.
«Alloh haq va botilga mana shunday zarbulmasal keltirur».
Ya’ni haq bilan botil bir bo‘lib qolganda, botil bir ozdan so‘ng o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishiga misol shu.
«...ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketur».
Ko‘pik, garchi suvning ustiga chiqib turgan bo‘lsa ham, baribir u ko‘pikdir. Bir zumda tarqalib, o‘zidan-o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi. Ma’danlardagi zang va boshqa ko‘piksimon moddalar ularni o‘rab turgan bo‘lsalar ham, toblanish vaqti kelganda, birpasda yo‘q bo‘lib ketadi. Botil ham shunday: o‘zidan-o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi.
«Odamlarga manfaat beradigan narsa esa er yuzida qolur».
Xuddi selning suvi va asl ma’dan sobit qolganidek, odamlarga manfaat beradigan haq ham sobit qoladi.
«Alloh misollarni ana shunday keltirur».
Haq ila botilning, iymon ila kufrning misoli shunday. Allohning amriga ergashib, haq yo‘lni – iymon yo‘lini tanlaganlar sabotli va baqoli yo‘lni tanlabdilar. Allohning amriga osiylik qilib, botil yo‘lni tanlaganlar behuda va bebaqo yo‘lni tanlabdilar. Albatta, ularning oqibatlari ham har xil bo‘ladi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 11:43 | Savol-javoblar | 144 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar