Frelaserlikdagi halol yoki harom mablag‘

Assalomu alaykum! Men dasturchiman. Hozirda freelanserlik ( yani ish beruvchi saytga elon beradi. Men shartnoma asosida ishni olib masofadan ishlayman. Va bitgan ishni taqdim etamiz. ) . endi saytdan ish olish boshida bir oz qiyinchiliklarga sabab bo‘ladi .Boshida ishni tez olish yo‘llari ham bor . bu yo‘l do‘stim menga ish beradi , va men ishni qilganim yoq" va u do‘stim menga baxolash sifatida 5 ball qo‘ydi . Bu dastlabki ishni olishda mijozlarga ishonchiga sabab bo‘ladi . endi savolga qaytsam . men bu ishni tez olish yo‘lini ham qo‘lladik . biza mijoz bilan shartnoma qilib ish oldik . bizani ishlar hozircha yaxshi . ammo bir savol qiynayapdi , hozirgi yuqoridagi ishda topadigan pulimga harom aralashib qolmadimmi ?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Dinimizda yo‘q narsani yoki munosib bo‘lmagan narsani maqtab firibgarlik qilish joiz emas. Haqiqiy boylik molu dunyoning ko‘pligida emas, nafsning to‘qligidadir. Yolg‘on ishlatib biror narsaga erishish ham joiz emas. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ نَاسًا مِنَ الْأَنْصَارِ سَأَلُوا رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَعْطَاهُمْ، ثُمَّ سَأَلُوهُ فَأَعْطَاهُمْ حَتَّى نَفِدَ مَا عِنْدَهُ، فَقَالَ: مَا يَكُونُ عِنْدِي مِنْ خَيْرٍ فَلَنْ أَدَّخِرَهُ عَنْكُمْ، وَمَنْ يَسْتَعْفِفْ يُعِفَّهُ اللهُ، وَمَنْ يَسْتَغْنِ يُغْنِهِ اللهُ، وَمَنْ يَتَصَبَّرْ يُصَبِّرْهُ اللهُ، وَمَا أُعْطِيَ أَحَدٌ عَطَاءً خَيْرًا وَأَوْسَعَ مِنَ الصَّبْرِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَلِلشَّيْخَيْنِ وَالتِّرْمِذِيِّ: قَدْ أَفْلَحَ مَنْ أَسْلَمَ وَرُزِقَ كَفَافًا وَقَنَّعَهُ اللهُ بِمَا آتَاهُ. وَفِي رِوَايَةٍ: اللَّهُمَّ اجْعَلْ رِزْقَ آلِ مُحَمَّدٍ قُوتًا. وَفِي رِوَايَةٍ: لَيْسَ الْغِنَى عَنْ كَثْرَةِ الْعَرَضِ، وَلَكِنَّ الْغِنَى غِنَى النَّفْسِ Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ansoriylardan bir qancha odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan (mol) so‘radilar. Bas, u zot ularga berdilar. So‘ngra yana so‘radilar. Yana berdilar. Hattoki huzurlaridagi narsa tugadi. Shunda u zot:
«Huzurimda ne yaxshilik bo‘lsa, sizlarga bermay, olib qolmasman. Kim iffattalab bo‘lsa, Alloh uni iffatli qilur. Kim behojatlik talab qilsa, Alloh uni behojat qilur. Kim sabr talab qilsa, Alloh uni sabrli qilur. Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Ikki shayx va Termiziyning rivoyatida:
«Kim musulmon bo‘lib, etarlicha rizqlantirilsa va Alloh uni O‘zi bergan narsaga qanoatlantirsa, batahqiq, najot topgan bo‘lur», deyilgan.
Boshqa bir rivoyatda esa:
«Allohim! Oli Muhammadning rizqini quti laa yamut qilgin», deyilgan.
Yana bir rivoyatda esa:
 «Boylik molning ko‘pligida emas, lekin boylik nafsning behojatligidadir», deyilgan.
Sharh: «Quti laa yamut» – ochdan o‘lmaslikka etarli bo‘lgan emish, taom.
Ushbu rivoyatlarning barchasida musulmon kishining o‘ziga berilgan rizq qancha bo‘lsa, o‘shanga chidab, qanoat hosil qilib yurishi yaxshi ekanligi haqida so‘z ketmoqda. Musulmon inson turmushi yaxshi bo‘lishi uchun imkoniyatidagi barcha halol vositalarni ishga solib, harakat qilaveradi. Ammo rizq berish Allohdan ekanligini hech qachon unutmaydi. Shuning uchun o‘ziga berilgan rizq-nasibani Allohning irodasi bilan kelmoqda, deb biladi. Oz bo‘lsa, norozi bo‘lmaydi, ko‘p bo‘lsa, hovliqib ketmaydi. Chunki Allohning irodasiga qarshi chiqish musulmon odam uchun to‘g‘ri emas.
Mazkur rivoyatlarda musulmon kishi o‘ziga berilgan va berilmagan rizqqa nisbatan o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida bir necha ko‘rsatmalar berilmoqda:
1. Iffatli bo‘lish.
Birovning molidan umidvor bo‘lishni o‘zi uchun or deb bilish. Kim o‘zini iffatli tutishga urinsa, Alloh taolo uni iffatli qilib qo‘yishi turgan gap.
2. Birovning sariq chaqasiga ham ehtiyoji yo‘qligini izhor qilish.
Bunday odamni Alloh taolo ko‘zini to‘q qilib qo‘yadi va undan hech bir ochko‘zlik sodir bo‘lmaydi.
3. Kam bo‘lsa ham, o‘ziga berilgan rizqqa sabr qilish.
Sabr Alloh taolo tomonidan bandaga in’om etilgan eng katta ne’mat hisoblanadi. Sabrli kishi rizqning oziga ham, yo‘qchilikka ham chidab, o‘zini xor qilmay, boshini tik tutib, kun ko‘radi. Sabr ne’matidan bebahra banda esa dunyoning yarmiga ega bo‘lsa ham, qanoat qilmay, o‘zini xor qiladi, ochko‘z¬ligini bildirib qo‘yadi.
4. Musulmon odam Alloh taolo tomonidan berilgan rizqqa sabr qilib, qanoatli bo‘lib o‘tsa, dunyodagi eng katta najotga erishadi.
5. Payg‘ambar alayhissalom oli baytlariga o‘lmaydigan miqdorda qut berishinigina so‘ragan ekanlar.
Ushbu ta’limotlarni har bir musulmon yaxshilab o‘rganib, o‘ziga singdirib olishi va hayotga tatbiq qilishi lozim. Ana shundagina oramizda molu dunyo deb odam o‘ldiradiganlar, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, riboxo‘rlik qiladiganlar, firibgarlik, aldamchilik, yolg‘onchilik va boshqa razolatlarni qiladiganlar qolmaydi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 13:31 | Savol-javoblar | 161 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar