Kechqurun aytib uxlasa vafot etsa u jannatga kiradi

Assalomu alaykum! Men bir zikrni eshitgandim. Kkimda kim bu zikrni kechqurun aytib uxlasa maboda tunda vafot etsa u jannatga kiradi, agarda tongda aytsa kun botguncha vafot etib qolsa jannatga kiradi deyilgandi. Ushbu zikr saxihmi? Agar saxih bo‘lsa iltimos arabchasini yozib yuborselar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sahih hadisda keladi. عَنْ شَدَّادِ بْنِ أَوْسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: سَيِّدَ الْاِسْتِغْفَارِ أَنْ تَقُولَ: اللَّهُمَّ أَنْتَ رَبِّي لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ، خَلَقْتَنِي وَأَنَا عَبْدُكَ، وَأَنَا عَلَى عَهْدِكَ وَوَعْدِكَ مَا اسْتَطَعْتُ، أَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّ مَا صَنَعْتُ، وَأَبُوءُ لَكَ بِنِعْمَتِكَ عَلَيَّ، وَأَبُوءُ لَكَ بِذَنْبِي فَاغْفِرْ لِي فَإِنَّهُ لَا يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلَّا أَنْتَ. وَمَنْ قَالَهَا مِنَ النَّهَارِ مُوقِنًا بِهَا فَمَاتَ مِنْ يَوْمِهِ قَبْلَ أَنْ يُمْسِيَ فَهُوَ مِنْ أهْلِ الْجَنَّةِ، وَمَنْ قَالَهَا مِنَ اللَّيْلِ وَهُوَ مُوقِنٌ بِهَا فَمَاتَ مِنْ يَوْمِهِ قَبْلَ أَنْ يُصْبِحَ فَهُوَ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ . رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا مُسْلِمًا  Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Istig‘forning sayyidi «Allohumma anta robbii. Laa ilaaha illa anta. Xolaqtaniy. Va ana abduka va ana ala ahdika. Va va’dika mastato’tu. A’uuzu bika min sharri maa sona’tu. Abuu’u laka bi ne’matika alayya. Va Abuu’u laka bi zanbiy. Fag‘fir liy. Fa innahu laa yag‘firuz-zunuba illaa anta», demog‘ingdir.
Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa, o‘sha kuni kech kirishidan oldin o‘lib qolsa, ahli jannatdan bo‘lur. Kim uni ishonch bilan kechasi aytsa, o‘sha kuni tong otishidan oldin o‘lib qolsa, ahli jannatdan bo‘ladi».
Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.
Ma’nosi: «Ey Allohim! Sen Robbimsan! Sendan o‘zga iloh yo‘q. Sen meni xalq qilding. Men Sening bandangman. Men qodir bo‘lganimcha Sening ahding va va’dangdaman. Sendan o‘zim qilgan narsalarning yomonligidan panoh tilayman. Sening menga bergan ne’matingni e’tirof qilaman. Senga gunohlarimni ham e’tirof qilaman. Meni mag‘firat qil. Sendan boshqa hech bir zot gunohlarni mag‘firat qilmas».
Ushbu «Sayyidul istig‘for» nomi ila mashhur bo‘lgan duoni o‘qib yurishni ko‘pchilik azizlar odat qilishgan. Duoni yaxshilab yod olib, o‘qib yurmoqni har bir musulmon odat qilishi lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 00:55 | Savol-javoblar | 195 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar