O‘g‘il farzand uchun onamning muolajasi

Assalomu alaykum! Namoz o‘qimasimdan oldin bunga ko‘p etibor bermagan ekanman. Mening onam o‘g‘il farzandi yo‘q ayollarni davolaydilar. Ya’ni tabobatdagi dorivor giyoxlar va tabiy usullar bilan, shuningdek Ollox taoloning izni bilan albatta. Men onamning ishlariga aralashmayman, lekin tez-tez qandaydir baxshilarga borib o‘zlarining tilida "qo‘l yangilab" keladilar. Bu narsa shariatimizda man qilinganini men xam yaqinda bildim to‘g‘risini aytsam. Iltimos menga maslaxat bering, shu vaziyatda nima qilishim kerak va bu ishlar noto‘g‘ri bo‘lsa onamga qanday tushintiray?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Baxshiga borishlari ham "qo‘l yangilab" kelishlari ham gunoh. O‘g‘il yoki farzand ko‘rish faqat Allohning O‘zigagina bog‘liq. Kim nima qilsa ham Allohning taqdirida yozgani bo‘ladi. Tanlov nihoyatda oz, yoki o‘g‘il yoki qiz bo‘lgani uchun tahminan gaprganlarning gapi to‘g‘ri kelib qolishi bor. Sabablarni qilishdan dinimiz man qilmaydi. Alloh taolo "Shuuro" surasida marhamat qiladi: لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاء يَهَبُ لِمَنْ يَشَاء إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَن يَشَاء الذُّكُورَ۝ أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَن يَشَاء عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ۝49. Osmonlaru erning podshohligi Allohnikidir. U Zot xohlagan narsasini yaratur. U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur.
50. Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U o‘ta biluvchidir, o‘ta qudratlidir.

Insonga hamma narsani faqat Alloh taolo berishining yorqin namunasi farzand masalasida ko‘rinadi. Ayni shu masalada inson o‘zining ojizligini xis etadi. O‘z xohishiga ko‘ra biron narsani bor qila olmasligini, balki doimo Alloh taoloning madadi va inoyatiga muhtoj bo‘lib turishini anglab etadi.
«Osmonlaru erning podshohligi Allohnikidir».
Osmonlarda va erda nimaiki bo‘lsa, hamma-hammasi Alloh taoloning mulkidir.
«U Zot xohlagan narsasini yaratur».
Bu ishda U Zotning xohishiga hech kim to‘siq bo‘la olmaydi. Butun borliqning Moliki – egasi va mutlaq Xoliqi bo‘lgan o‘sha Zot O‘z mulkidan xohlagan bandasiga xohlagan narsasini beradi. Jumladan, farzand berish masalasida ham
«U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur».
Agar o‘g‘il yo qiz farzand ko‘rish ota-ona xohishiga ko‘ra bo‘lganida, ushbu oyatlar nozil bo‘layotgan paytdagi johiliy arablarda qiz farzand bo‘lmas edi. Chunki ular qiz farzandni yoqtirishmasdi. Hatto qizlarini tiriklay ko‘mib ham tashlashardi. Holbuki, ba’zilar faqat qiz farzandlar ko‘rishadi, o‘g‘il farzandga zor bo‘lib yurishadi. Bu hol farzand faqat Allohning xohishi bilan o‘g‘il yoki qiz bo‘lishini bildiradi.
«...va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur».
Faqat o‘g‘il farzandlar ko‘rib, Allohdan qiz so‘rab yurgan odamlar ham oz emas.
«Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz qilib berur…»
Aralash farzandlar ko‘rish odamlar ichida ko‘p tarqalgan holatdir.
«...va xohlagan kishisini tug‘mas qilur».
Bundaylar ozchilik bo‘lib, Alloh taolo ibrat uchun, farzand odamlarning xohishi bilan emas, Allohning xohishi bilan bo‘lishini ko‘rsatish uchun shunday qilib qo‘ygan.
«Albatta, U o‘ta biluvchidir, o‘ta qudratlidir».
Albatta, Alloh o‘ta biluvchi va o‘ta qodir Zotdir.
Hamma narsani bilib qiladi. Jumladan, kimga qiz, kimga o‘g‘il, kimga o‘g‘il-qiz berishni yoki kimni tug‘mas qilishni ham O‘zi biladi. Bu ishlarga Uning qudrati etadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 03:51 | Savol-javoblar | 194 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar