Donorlik

Assalomu alaykum! Alloh sizlardan rozi bo‘lsin. Man birinchi marta savol bervomman. Xastaligi sababli hayoti poyoniga etib borayotgan inson o‘limidan so‘ng sog‘lom ichki a’zolarini shu a’zoga muxtoj insonlarga vasiyat qilib qoldirishi mumkinmi? Bunga dinimizda qanday qaraladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! A’zolarni ko‘chirish haqida
Allohning O‘ziga hamdlar bo‘lsin! Ortlaridan nabiy yo‘q zotga solavotlar bo‘lsin!
Islom Fiqhi Akademiyasi Makkai Mukarramada, Robitaning binosida, 1405 h.s. 28 – rabiy’us soniy – 7 - jumadul ulaa (1985 yil, 19 – 28 yanvar) kunlari bo‘lib o‘tgan sakkizinchi majlisida bir insonning a’zosini olib o‘sha a’zosi ishdan chiqqan va yordamga muhtoj boshqa insonga qo‘yish haqidagi masalani ko‘rib chiqdi.
Bu ish yangi tibbiy ilm va jihozlar vositasida bajariladi. Mazkur masalani ko‘rib chiqishni Islom Fiqhi Akademiyasidan Robitaning AQShdagi vakolatxonasi iltimos qilgan edi.
Islom Fiqhi Akademiyasi bu masala bo‘yicha fazilatli ustoz, shayx Abdulloh ibn Abdurrohman Bassom tayyorlagan ilmiy bahsni ko‘rib chiqdi. Undagi fikrlar, ulamolarning aytgan gaplari va dalillarini diqqat bilan o‘rgandi.
Munoqasha va fikr almashuvlardan keyin Islom Fiqhi Akademiyasi bir ovozdan quyidagi qarorlarni qabul qildi:
Tirik insonning jismidan bir a’zoni olib, boshqa bir unga muhtoj insonning hayotini qutqarib qolish yoki asosiy a’zolaridan birining vazifasini qayta tiklash maqsadida unga qo‘yish joiz amaldir. Bu bilan a’zosi olingan odamning insoniy ehtiromi pasaymaydi. Bunda katta foyda, yaxshi yordam bor. Bu ish quyidagi shartlar asosida bo‘lsa, shariatga muvofiq bo‘ladi:
1. A’zosini berayotgan shaxs oddiy hayoti izdan chiqadigan ravishda zarar tortmasligi shart. Chunki, shariat qoidasi bo‘ycha, «zararni o‘ziga o‘xshagan zarar yoki undan ziyoda zarar bilan ketkazilmaydi». Agar a’zosini taqdim qilgan shaxsga zarar etadigan bo‘lsa, o‘zini halokatga tashlash bo‘ladi va bu shariat bo‘yicha mumkin emas.
2. A’zoni berish ixtiyoriy ravishda, majburlashsiz bo‘lishi lozim.
3. A’zoni ko‘chirish bemorning davolash uchun yagona vosita bo‘lishi, boshqa ilojning imkoni bo‘lmasligi shart.
4. A’zoni ko‘chirish va o‘rnatish odatda muvaffaqiyat bilan amalga oshishiga ishonch to‘liq bo‘lishi kerak.
Shuningdek, quyidagi holatlar ham shariat bo‘yicha joiz hisoblanadi:
1. Muhtoj bemor uchun o‘lgan odamning a’zosini olish. O‘lgan odam shariat taklifdagi va o‘zi tirikligida rozi bo‘lganligi sharti ila.
2. Muhtoj insonga halol va so‘yilgan hayvonning, zarurat yuzasidan boshqalarining ham, a’zosini olib qo‘yilsa joiz.
3. Insonning o‘z jismidan bir bo‘lagini olib o‘ziga o‘rnatish ham joiz. Misol uchun, terisi yoki suyagidan bir bo‘lagini olib boshqa kerak joyiga qo‘yish.
4. Turli ma’dan va moddalardan qilingan sun’iy narsalarni inson jismiga o‘rnatish ham joiz. Misol uchun, bo‘g‘inlar, yurakning klapini va boshqalarni. Vallohu a’lam!
Islom Fiqhi Akademiyasi

27 Aprel 2022, 10:57 | Savol-javoblar | 204 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar