Qattiq qo‘rqib, umid so‘nish

Assalomu alaykum! Men qattiq qo‘rqib, umidlarim so‘nib ketyabdi. Namozlarni ham tashlab qo‘yyabman. Yashagim kelmay qaerga qochishni bilmay o‘zimni qo‘yarga joy topa olmayabman. Menga o‘rgatinglar nima qilsam jahannam azobidan umuman unga kirishlikdan o‘zimni saqlab qolsam bo‘ladi. Avvalo Alloh saqlovchi lekin islomda yo‘li bordir undan o‘zini saqlashni. Savolni Robbisiga ko‘p osiy bo‘lgan banda bermoqda. Menga jahannamdan saqlab qoluvchi amallarni aytib beringlar iltimos shularni mahkam tutay.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Namozni to‘kis ado qiling, ramazon ro‘zasini tuting, zakot bering, haj qiling. Bandalarning haqqiga zarra miqdoricha ham xiyonat qilmang. Biror kimsani nohaq hafa qilmang. Ota-onangizni rozi qiling, silai rahmni bog‘lang. Qalbingizda biror kimsaga nisbata adovat saqlamang. Kasbingizni Alloh uchun puxta qiling. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam tuting. Tungi namozlarni qoim qiling. Alloh taolo “Ahzob” surasida bunday marhamat qiladi.إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا ۝35. Albatta, muslimlar va muslimalar, mo‘minlar va mo‘minalar, davomli itoatkor erkaklar va davomli itoatkor ayollar, sadoqatli erkaklar va sadoqatli ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, xushu’li erkaklar va xushu’li ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro‘za tutuvchi erkaklar va ro‘za tutuvchi ayollar, farjlarini saqlovchi erkaklar va (farjlarini) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qiluvchi ayollar – o‘shalarga Alloh mag‘firatni va buyuk ajrni tayyorlab qo‘ygandir.
Ushbu oyati karimada keltirilgan sifatlarning har biri har bir mo‘min-musulmon erkak-ayolga juda ham zarur bo‘lganidek, ularning hammasi jamlanib, hamma mo‘min-musulmonlarning umumiy sifatlariga aylanishi ham zururdir.
«…muslimlar va muslimalar...»
Ya’ni boru budlari bilan o‘zlarini butunlay Alloh taologa taslim qilgan, Islomning amrlariga to‘la bo‘ysungan erkaklar va ayollar.
«...mo‘minlar va mo‘minalar...»
Ya’ni Allohga va iymon keltirish lozim bo‘lgan barcha narsalarga Alloh aytganidek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatganlaridek iymon keltirib, tasdiqlovchi erkaklar va ayollar.
«...davomli itoatkor erkaklar va davomli itoatkor ayollar...»
Iymon va Islomdan sizib chiqqan bu itoat doimiy bo‘lishi bilan birga, insonning o‘z roziligi bilan ichdan otilib chiqqan itoat ham bo‘ladi. Tashqi majburiyat yuzasidan kelib chiqqan emas. Bu itoat sokinlik bilan, ishonch bilan bo‘ladigan itoatdir.
«...sadoqatli erkaklar va sadoqatli ayollar...»
So‘zlarida, ishlarida, niyatlarida va iymonlarida sadoqatli erkak-ayollar. So‘zda sadoqatli bo‘lish rost so‘zlash, yolg‘on gapirmaslikdir. Go‘zal sifatlardan biri – rostgo‘ylik har bir erkak-ayol uchun oliy sifatlardan bo‘lib kelgan. Rostgo‘ylik iymonning alomatidir. Kim rostgo‘y bo‘lsa, najotga erishadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining hadisi shariflaridan birida: «Rostgo‘ylikni lozim tutinglar. Albatta, rostgo‘ylik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik esa jannatga. Yolg‘ondan saqlaninglar. Albatta, yolg‘on fujurga boshlaydi. Fujur esa do‘zaxga. Inson rost gapirsa, rostgo‘ylikni ixtiyor qilaversa, Allohning huzurida siddiqlardan bo‘lib yoziladi. Agar odam yolg‘on gapirsa, yolg‘onni ixtiyor qilaversa, Allohning huzurida kazzoblardan bo‘lib yozilib qoladi», – deganlar.
«...sabrli erkaklar va sabrli ayollar...»
Sabr ham har bir mo‘min-musulmon erkak-ayolga lozimu lobud sifatdir. Bu ulkan xislatsiz inson mo‘min-musulmonlik takliflarini, buyruqlarini ado eta olmaydi. Inson boshiga tushgan musibatlarga bardosh berishi kerak. Orzu qilgani oliy maqomlarga etish yo‘lidagi ishlarda sabrli bo‘lishi lozim. Turli sinovlardan, mashaqqatlardan faqat sabr ila o‘tiladi.
«...xushu’li erkaklar va xushu’li ayollar...»
Oyatda «xushu’» so‘zi ishlatilgan, bizning tilimizda uning ma’nosini bir so‘z bilan anglatib bo‘lmaydi. «Xushu’» sokinlik, xotirjamlik, shoshmaslik, viqor va tavozu’ ma’nolarini o‘z ichiga oladi. Bu sifat ham qalbga, ham a’zolarga tegishli sifatdir. Ya’ni «xushu’» insonning butun borlig‘i bilan Alloh taoloning ulug‘ligini, haybatini his qilib turishidir.
«...sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar...»
Sadaqa qilish moliyaviy ibodat hisoblanadi. Sadaqa zaifhol, muhtoj kishilarga yordam berishdir. Sadaqa qilish baxillik dardidan poklanishdir. Sadaqa insonning iymonini tasdiqlovchi narsa bo‘lgani uchun ham «sadaqa» deb nomlangan. Zero, arab tilida «sadaqa» so‘zi «tasdiqlash» ma’nosini bildiradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflaridan birida: «Sadaqa xuddi suv olovni o‘chirganidek, gunohlarni o‘chiradi», – deganlar.
«...ro‘za tutuvchi erkaklar va ro‘za tutuvchi ayollar...»
Ro‘za yuqorida zikr qilingan barcha sifatlarni paydo qiladigan va quvvatlantiradigan amaldir. Ro‘za orqali musulmon erkak va ayolning iymoni, itoatkorligi, rostgo‘yligi, sabri, xushu’-xuzu’si, sadaqa qilishga rag‘bati kuchayadi. Ro‘za to‘g‘risida qancha ko‘p gapirsak, shuncha oz. Faqat bitta hadisi sharifni eslab o‘tamiz.
Imom ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ro‘za badanning zakotidir», – deganlar.
Ya’ni, ro‘za tanani poklovchi narsadir, deganlar. Bu hadisi sharif Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘’jizalari, desak, hech mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Mana, ushbu hadisi sharif aytilganidan buyon o‘n to‘rt asr o‘tib, Islomdan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan xabari yo‘q g‘ayridin olimlar ro‘za (ixtiyoriy och qolish) kishining badanini oziq-ovqat, ichimlik, nafas olish va boshqa sabablar bilan to‘planib qolgan ifloslik, chiqindi, tuz kabi zararli moddalardan tozalashini isbot qildilar. Ha, ro‘za insonning ruhini, zehnini, aqlini, tanasini, a’zolarini, qonini, barcha-barcha jihatlarini poklaydi. Ro‘zaning boshqa foydalari ham ko‘p. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan birida u zotning «Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim jinsiy aloqaga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta, uylanish ko‘zni to‘suvchiroq va farjni saqlovchiroqdir. Kim uylanishga qodir bo‘lmasa, ro‘za tutsin. Albatta, ro‘za uning uchun shahvoniy kuchni kesuvchidir», deganlari rivoyat qilingan. Oyatda ro‘zadorlik sifatidan keyin farjni saqlash kelayotgani ham bejiz emas.
«...farjlarini saqlovchi erkaklar va (farjlarini) saqlovchi ayollar...»
Ya’ni jinsiy a’zolarini haromdan saqlaydigan erkaklar va ayollar. Bu ham poklikning eng oliy bosqichlaridandir. Zinodan, boshqa harom jinsiy aloqalardan farjini saqlash mo‘min-musulmonlikning belgilaridandir. Payg‘ambar alayhissolatu vassalomning hadislaridan ma’lumki, har bir odam bolasi sof fitrat ila, ya’ni muslim bo‘lib tug‘iladi. Insonning sof fitrati, shayton vasvasasi ila buzilmagan tabiati esa har qanday qing‘ir ishlar, harom-xarish narsalardan, xususan, zinodan ham xazar qiladi. Binobarin, zinoning har qanday ko‘rinishidan saqlanish mo‘min-musulmon erkagu ayollarning eng muhim sifatlaridandir.
«...Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qiluvchi ayollar...»
Allohni ko‘p zikr qilish yuqorida zikr etilgan va zikr etilmagan sifatlarning yuzaga kelishiga va bardavom bo‘lishiga asosiy omildir. Allohni ko‘p zikr qilish har bir musulmon erkak va ayol uchun zaruriy amallardandir.
Ibn Abu Hotim Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qachonki er kishi kechasi xotinini uyg‘otsa va ikkovlari ikki rak’atdan namoz o‘qisalar, o‘sha kecha Allohni zikr qilgan erkaklardan va zokira ayollardan bo‘ladilar», – deganlar. Ha, zokirlik darajasi oliy martabadir. Zokirlik maqomi oliy maqomdir. Har bir musulmon erkak zokirlik sifatini egallashi lozim. Har bir muslima zokira degan sifatga ega bo‘lishi kerak.
«...o‘shalarga Alloh mag‘firatni va buyuk ajrni tayyorlab qo‘ygandir».
Ya’ni Alloh taolo mazkur sifatlarga ega bo‘lgan har bir erkakning va har bir ayolning gunohlarini bu dunyoning o‘zidayoq kechirishga tayyor, u dunyoda esa ularga ajr qilib, jannatni shay etib qo‘ygan. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 07:08 | Savol-javoblar | 174 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar