O‘zga din vakillariga munosabat

Assalomu alaykum! Yahudiy va Nasroniy diniga e’tiqod qiluvchilarni dinini, urf odatlarini, ularni xochlarini, cherkovlarini ustidan kulib masxara qilish kamsitishga Islom dinini munosabati qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "An’om" surasida marhamat qiladi:  وَلاَ تَسُبُّواْ الَّذِينَ يَدْعُونَ مِن دُونِ اللّهِ فَيَسُبُّواْ اللّهَ عَدْوًا بِغَيْرِ عِلْمٍ كَذَلِكَ زَيَّنَّا لِكُلِّ أُمَّةٍ عَمَلَهُمْ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِم مَّرْجِعُهُمْ فَيُنَبِّئُهُم بِمَا كَانُواْ يَعْمَلُونَ۝ 108. Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangizki, bilmasdan, tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar. Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik. So‘ngra esa qaytishlari faqat Robblarigadir. Bas, U qilib yurgan amallarining xabarini berur.
Mushriklar Allohni qo‘yib, sanam va butlarga ibodat qiladilar. Ushbu oyati karimada mushriklarning o‘sha butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda.
«Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘kmangizki...»
Ularning butlarini so‘kishdan qaytarishning asosiy sababi oyatning o‘zidan anglashilyapti:
«...bilmasdan tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar».
Ya’ni musulmon kishi mushrikning sanamini so‘ksa, bundan g‘azablangan mushrik ham unga javoban Alloh subhanahu va taoloni tahqirlashi mumkin. Bu turgan gap. Chunki:
«Har bir ummatga o‘z amalini ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘ydik».
Insonning tabiati shunday. Qilayotgan amallari uning o‘ziga go‘zal va ziynatli ko‘rinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga so‘z topadi. Shuningdek, mushriklarga ham o‘z shirklari juda ham ziynatli bo‘lib tuyuladi. Ana shu e’tibordan ularning butlari haqoratlangan chog‘da g‘azablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli bo‘lgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qo‘yaversa, u yog‘ini Allohning O‘zi biladi.
«So‘ngra esa qaytishlari faqat Robblarigadir. Bas, U qilib yurgan amallarining xabarini berur».
Shunday ekan, musulmonning ko‘ngli to‘q bo‘lsin. Ammo mushriklar har doim yangi gap, yangi takliflar topib turadilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).  Vallohu a’lam!

12 May 2022, 10:02 | Savol-javoblar | 156 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar