Hadisda kelgan sirka nimadan bo‘ladi

Assalomu alaykum! Men payg‘ambarmiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘p xadislarida sirka va uni foydasi xaqida eshitganman. U oddiy turmishda ishlatiladigan sirkami oziq ovqatga ishlatiladigan? Biroz uyaldim savol berishga, lekin menga kerak edi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sirka nimadan olinishiga qarab turlicha bo‘ladi. U paytlarda hurmo va uzumdan olganlari bor gap. Hozirda sirka oladigan narsalar ko‘paygan. Olmadan humodan va hokazo. Nonxurushlar orasida sirkadan ham afzali bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagi hadisni o‘sha vaqtda mavjud narsa e’tiboridan aytganlar.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سَأَلَ أَهْلَهُ الْأُدُمَ، فَقَالُوا: مَا عِنْدَنَا إِلَّا خَلٌّ، فَدَعَا بِهِ فَجَعَلَ يَأْكُلُ مِنْهُ وَيَقُولُ: نِعْمَ الْأُدُمُ الْخَلُّ نِعْمَ الْأُدُمُ الْخَلُّ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ.Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllaridan xurush so‘radilar. Ular:
«Bizda sirkadan boshqa hech narsa yo‘q», dedilar. Bas, u zot uni opkeltirdilar va undan eb turib:
«Sirka qanday ham yaxshi xurush! Sirka qanday ham yaxshi xurush!» dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam naqadar sodda va kamtarona hayot kechirganlar! Sarvari olamning uylarida nonga qo‘shib, xurush qilish uchun sirkadan boshqa narsa yo‘q. U zot boriga shukr qilib:
«Sirka qanday ham yaxshi xurush! Sirka qanday ham yaxshi xurush!» deb, sirkani madh qilib, ovqatlanmoqdalar. Bunda sizu bizga, u zotning ummatlariga katta o‘rnak bor.وَعَنْهُ قَالَ: أَخَذَنِي النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِلَى بَيْتِهِ، فَقَالَ: هَلْ مِنْ غَدَاءٍ؟ فَقَالُوا: نَعَمْ، فَأُتِيَ بِثَلَاثَةِ أَقْرِصَةٍ، فَأَخَذَ قُرْصًا فَوَضَعَهُ بَيْنَ يَدَيْهِ، وَأَخَذَ آخَرَ فَوَضَعَهُ بَيْنَ يَدَيَّ، وَأَخَذَ الثَّالِثَ فَكَسَرَهُ فَوَضَعَ نِصْفَهُ بَيْنَ يَدَيْهِ وَنِصْفَهُ بَيْنَ يَدَيَّ، ثُمَّ قَالَ: هَلْ مِنْ أُدُمٍ؟ قَالُوا: لَا، إِلَّا شَيْءٌ مِنْ خَلٍّ، قَالَ: هَاتُوهُ، فَنِعْمَ الْأُدُمُ هُوَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni uylariga olib bordilar va:
«Tushlikka biror narsa bormi?» dedilar.
«Ha», deyishdi. So‘ng uchta non keltirildi.
Bas, u zot bitta nonni olib, o‘z oldilariga qo‘ydilar. Boshqasini olib, mening oldimga qo‘ydilar. Uchinchisini olib, sindirib, yarmini o‘z oldilariga, yarmini mening oldimga qo‘ydilar. So‘ngra:
«Xurush bormi?» dedilar.
«Yo‘q. Faqat ozgina sirka bor», deyishdi. U zot:
«Uni keltiringlar. U qanday ham yaxshi xurush!» dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Bu safar dasturxon to‘kin ekan. Ikki kishiga uchta non va yana xurushga sirka ham bor ekan. Bu rivoyatda zikr qilinayotgan narsalar ham o‘sha vaqtdagi taomlar vasfiga oid ma’lumotlardan xoli emas. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 12:24 | Savol-javoblar | 171 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar