Malomatchi nafs va mas,ula nafs

Assalomu alaykum! Shayx xazratlarining "Ruxiy tarbiya" 2-juzida tavba mavzusidagi malomatchi nafs va masula nafs o‘rtasida farqi tushuntirib bersangizlar. Mani tushunimcha ikkalasidayam tavba bor, goxida sodir qilgan gunox uchun o‘z o‘zini malomat qilish bor. Daqiq farqini tushunmayabman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! «Malomatchi nafs»dan murod taqvodor mo‘min kishining nafsidir. Chunki u o‘z egasini doimo malomat qilib (tergab) turadi. Gunoh ish qilsa, «Nima uchun gunoh qilding? Allohdan qo‘rqmaysanmi? Oxiratda nima deb javob berasan?» deb malomat qiladi. Savob ish qilsa, «Bu oz-ku, ko‘proq qilsang bo‘lmaydimi? Qancha ko‘p savob ish qilsang, o‘zingga foyda-ku», deb malomat qiladi.
Tasavvuf maktabining mashhur namoyandasi Hasan Basriy: «Yaxshi odam doimo o‘z nafsini malomat qilib turadi, fojir odam nafsini itob qilmay yuraveradi», deganlar.
Bu toifadagi odamlar tavba qilganlaridan keyin ma’lum muddat istiqomatda yuradilar. So‘ngra shahvati g‘olib kelib, ba’zi gunohlarni sodir etadilar. Shu bilan birga, toat-ibodatda bardavom bo‘lib, qudrati etgan gunohlardan chetda bo‘ladilar.
Ammo ba’zida shahvati g‘olib kelib turadi. Alloh taolodan ulardan qutulishni so‘rab turadi. Gunoh qilganda nadomat chekadi, tavba qiladi.
Bunday nafs «mas’ula» deb ataladi va uning egasi "Tavba" surasida kelgan quyidagi oyatda zikr qilinganlar jumlasidan bo‘ladi: وَآخَرُونَ اعْتَرَفُواْ بِذُنُوبِهِمْ خَلَطُواْ عَمَلاً صَالِحًا وَآخَرَ سَيِّئًا عَسَى اللّهُ أَن يَتُوبَ عَلَيْهِمْ إِنَّ اللّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝«Boshqalar esa gunohlarini e’tirof qildilar: ular solih amalni boshqa yomoniga aralashtirib yuborganlar. Ajab emaski, Alloh ularning tavbasini qabul qilsa. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (102-oyat).
Bu holat banda uchun xatarlidir. Chunki u tavba qilishga ulgurmay qolishi mumkin. O‘lim ko‘z bilan qovoq orasidagi narsa. To‘satdan o‘lgan odam tavba qila olmay qolishi turgan gap. Unda oqibati og‘ir bo‘ladi.
«Malomatchi nafs» va «mas’ula» nafs yuqoridagi iqtibosga qarganda bir ma’nodagi ikki nom. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 19:07 | Savol-javoblar | 163 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar