Farzandning gunohi uchun ota-onaga qanday hukm bo‘ladi?

Assalomu alaykum! Bunday savol berayotganim uchun uzr so‘reman agar farzand ota-onasiga bildirmay yomon yo‘lda yursa, ichsa, cheksa yoki zino qilsa, oxiratda nafaqat o‘ziga balki ota-onasiga ham qanday hukm bo‘lishi mumkin? Shu haqida ma’lumot bersangiz iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Albatta ota-ona farzandlariga Allohni tayindigan, shariatga amal qiladigan, salohiyatli qilib ta’lim-tarbiya berishga mas’uldirlar. Hadisi sharifda shunday deyilgan:عَنِ ابْنِ عُمَرَ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ: أَلَا كُلُّكُمْ رَاعٍ، وَكُلُّكُمْ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، فَالْأَمِيرُ الَّذِي عَلَى النَّاسِ رَاعٍ، وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالرَّجُلُ رَاعٍ عَلَى أَهْلِ بَيْتِهِ، وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْهُمْ، وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ عَلَى بَيْتِ بَعْلِهَا وَوَلَدِهِ، وَهِيَ مَسْئُولَةٌ عَنْهُمْ، وَالْعَبْدُ رَاعٍ عَلَى مَالِ سَيِّدِهِ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْهُ، أَلَا فَكُلُّكُمْ رَاعٍ، وَكُلُّكُمْ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ogoh bo‘ling, har biringiz mutasaddisiz va har biringiz o‘z ra’iyyati uchun mas’uldir. Odamlar ustidagi amir mutasaddidir va u o‘z ra’iyyati uchun mas’uldir. Erkak kishi uyi ahliga mutasaddidir va u ular uchun mas’uldir. Ayol erining uyi va farzandiga mutasaddidir va u ular uchun mas’uldir. Qul xojasining moliga mutasaddidir va uning uchun mas’uldir. Ogoh bo‘ling, har biringiz mutasaddisiz va har biringiz ra’iyyati uchun mas’uldir». («Sahihi Muslim» kitobidan)
Agar ota-ona shu mas’uliyatli ishni amalga oshirishda kamchilikka yo‘l qo‘yishlari yoki farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga beparvo bo‘lganlari tufayli farzandlari ma’siyatlarga qo‘l uradigan bo‘lsa, ota-onalari albatta bu haqida Allohning huzurida so‘raladilar va gunohkor bo‘ladilar. Ota-ona ixlos bilan bu ishga yondoshsa, lekin boshqa sabablar bilan farzandlar gunoh ishlarga qo‘l ursa, ota-ona bundan bexabar bo‘lsalar oxiratda bunga javob bermaydi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 22:22 | Savol-javoblar | 172 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar