Hadisdagi yolg‘ondan lozim qiluvchi nima degani

Assalomu alaykum! Mana shu hadisning Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim yolg‘ondan lozim qiluvchi qasam ichsa, o‘zining do‘zaxdagi o‘rindig‘iga o‘zi tayyorlanaversin», dedilar».. yolg‘ondan lozim qiluvchi degan jumlasida nima nazarda tutilyapti?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Hadis va Hayot” kitobida quyilagicha keladi:عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَلَفَ عَلَى يَمِينٍ مَصْبُورَةٍ كَاذِبًا فَلْيَتَبَوَّأْ بِوَجْهِهِ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim yolg‘ondan lozim qiluvchi qasam ichsa, o‘zining do‘zaxdagi o‘rindig‘iga o‘zi tayyorlanaversin», dedilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Sharh: Hadisi sharifdagi «lozim qiluvchi qasam»dan murod «birovni biror ishga yoki mablag‘ to‘lashga majbur qiluvchi» deganidir.
Bunday qasamlar odatda mahkamada, qozining huzurida ichilib, nohaqdan bir odamning molini tortib olish yoki uning zimmasiga zulm ila majburiyat yuklashga sabab bo‘ladi. Alloh taolodan qo‘rqmagan ba’zi kishilar o‘zlariga shunga o‘xshash ishni ravo ko‘radilar. Bunday kimsalar bu dunyoda bir og‘iz yolg‘on qasam ila besh kunlik hayotning arzimas matohiga erishishlari mumkin, ammo oxiratlarini o‘ylamaydilarmi?!
Ha, har bir inson o‘z oxiratini o‘ylab ish qilmog‘i lozim. Agar mazkur yolg‘on qasam ichuvchilar o‘z ishlarining oqibati nima bo‘lishini bilmasalar, bilib qo‘ysinlar. Ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharifning ma’nosiga qaraganda, ularning oqibatlari juda yomon bo‘ladi. Unday yolg‘on qasam ichib yurgan nobakorlarga Qiyomatda do‘zax vojib bo‘ladi.
Ushbu hadisdan yolg‘on qasam ichib erishilgan narsaning katta-kichikligiga qaramay, gunohkorga do‘zax azobi bo‘laverishini bilib olamiz. Chunki bunga o‘xshash holatlarda qat’iy chora ko‘rilmasa bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, musulmon inson yolg‘on qasam – g‘amus qasamdan xuddi do‘zaxga tushishdan qo‘rqqandek qo‘rqmog‘i, unga umuman yaqin yo‘lamasligi lozim. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 22:22 | Savol-javoblar | 152 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar