Tug‘ishgan ukam xaqorat qildi

Assalomu alaykum! Tug‘ishgan ukam yoshi 35da, biron-bir sababsiz o‘z to‘qqan onasini va meni qizimni - insonni shaxsiyatiga, nomusiga tegadigan juda xunuk tuhmat so‘zlar yozib SMS xabar yuborib xaqorat qildi. (Bu men uchun kutilmagan achinarli va fojeali voqea bo‘ldi). Ukamdan xafa bo‘ldim undan ko‘nglim qoldi, inson qalbini parchalab yubordi. Meni xolatimda, ukamni bu ishi uchun u bilan hayotimni oxirigacha barcha aloqalarni o‘zsam, Allohni oldida gunoxkor bo‘lib qolmaymanmi? Qanday nasixat berasiz?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Aloqalarni uzishingiz to‘g‘ri emas.عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ جُبَيْرِ بْنِ مُطْعِمٍ أَنَّ جُبَيْرَ بْنَ مُطْعِمٍ أَخْبَرَهُ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ قَاطِعُ رَحِمٍ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ.Muhammad ibn Jubayr ibn Mut’imdan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qarindoshlik aloqasini uzgan odam jannatga kirmaydi», – dedilar».
Buxoriy «Adab»da rivoyat qilgan.
Silai rahmni uzish insonning jannatga kirmay qolishiga sabab bo‘ladigan katta gunoh ishlardandir. Alloh taolo bundan O‘z panohida asrasin.عَنِ الْأَعْمَشِ وَالْحَسَنِ بْنِ عَمْرٍو وَفِطْرٍ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ، وَلَكِنِ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قُطِعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.A’mash, Hasan ibn Amr va Fitrdan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qilganiga yarasha qaytargan silai rahm qiluvchi emas. Ammo silai rahm qiluvchi qarindoshlari aloqani kesganda bog‘lovchidir», – dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni boshqalar undan qarindoshlik aloqasini uzsa ham u silai rahm qilaveradi. «Sizdan ugina, bizdan bugina» degan niyatda bo‘lsa, «U qilsa, men ham qilaman» desa, mukofot uchun qilgan bo‘ladi. Bunday odam silai rahm qilgan hisoblanmaydi. Bunday muomala begonalarga ham qilinadi.
Qarindoshi yomonlik qilsa ham, silai rahm qilavergan odam haqiqiy silai rahm qiluvchi bo‘ladi. Bu erda juda katta gap bor. Hozirgi kunda qarindoshlik aloqalarining buzilishiga ko‘pincha ana shu omil, ya’ni «U qilsa, men ham qilaman, u qilmasa, men ham qilmayman» degan tushuncha sabab bo‘lmoqda.
Lekin ushbu hadisi sharifga amal qilinsa, «Mayli, boshqalar qilmasa qilmasin, lekin bu mening burchim, qilaveraman», deb silai rahm qilaversa, bir-ikki martalik harakatdan keyin narigi taraf ham «Bu qilyapti, men ham qilmasam, uyat bo‘ladi» deb, ikki tomondan ham aloqalar yo‘lga qo‘yilib ketadi.
 Musulmonlik burchini anglab etgan kimsa bu ishni avvalroq qilishga urinadi. Natijada qarindoshlik, do‘stlik, birodarlik aloqalari hech qachon uzilmaydi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 22:55 | Savol-javoblar | 168 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar