Xayz ko‘rayotgan ayol qilgan ovqat harommi

Assalomu alaykum! Qaynonamga buvotin ustozlari kelinlarizga aytinglar xayz paytida taxorat olib keyin ovqat pishirsin bo‘lmasa pishirgan ovqati xarom bo‘ladi depti. Men bu haqida oldin eshitmagan ekanman sizlardan so‘rab bilishni lozim toptim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! O‘sha “buvotin” shariatni bilmas ekanlar. Shar’iy dalilga asoslanmay turib biror ishni harom deyishdan qo‘rqsinlar. عَنْ عُبَيْدِ الله بْنِ أَبِي جَعْفَرَ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرؤُكُمْ عَلىَ النَّارِ. رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ.Ubaydulloh ibn Abu Ja’fardan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Fatvoga jur’atli bo‘lganingiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», dedilar».
Dorimiy rivoyat qilgan.
Kim do‘zaxga tushishdan qo‘rqmasa, parvo qilmasdan to‘g‘ri kelgan fatvoni aytaveradi.
Ushbu ta’limotlar musulmonlarning avvalgi avlodlari tomonidan yaxshi o‘rganib chiqilgan, ularga amal qilingan va ular asosida maxsus qoidalar ishlab chiqilgan edi.
Abdurrohman ibn Abu Laylo bir masalani so‘rab bilib olish uchun bir yuz yigirmata sahobiyga murojat qilganini, ularning hammasi o‘zidan boshqadan so‘rashni tavsiya qilganlarini rivoyat qilgan.
O‘zidan ilmliroq kishining borligini bilgan olim ham o‘zi fatvo bermay mazkur bilmliroq kishidan so‘rashni maslahat berishi qoidaga kiritilgan.
Musulmonlar ushbu qoidaga qarshi chiqqanlarga nisbatan murosasiz kurash olib borganlar va shuning uchun ham, turli ixtiloflar hamda balo ofatlardan saqlanganlar.(“Din nasihatdir” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 02:33 | Savol-javoblar | 172 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar