Misvok odoblari

Assalomu alaykum! 1. Misvokning qanday odoblari bor? 2. Misvok qanday saqlandi? 3 Misvok ishlatilganidan so‘ng yuvilsa bo‘ladimi? 4. Misvokni qay vaqtda ishlatgan afzal?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi:  عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَوْلَا أَنْ أَشُقَّ عَلَى أُمَّتِي لَأَمَرْتُهُمْ بِالسِّوَاكِ مَعَ كُلِّ وُضُوءٍ. رَوَاهُ مَالِكٌ وَالْبُخَارِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmasin, demaganimda, ularni har tahoratda misvok qilishga amr etar edim», dedilar».
Molik va Buxoriy rivoyat qilganlar.
Sharh: «Misvok qilish» deb ishlatilayotgan istiloh bizdagi tishni ishqalab yuvish ma’nosidadir. O‘sha vaqtda tish ma’lum bir butalarning, aniqrog‘i, arok nomli butaning uchi yumshatilgan novdalari bilan tozalangan.
Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga mashaqqat bo‘lishini mulohaza qilganlari uchungina har tahoratda misvok qilishga amr etmaganlarini ta’kidlashlaridan bu ishga qanchalik ahamiyat berilganini bilib olish mumkin.
G‘arblik olimlarning ta’kidlashlaricha, dunyo tarixida kishilarni tishni tozalab yurishga birinchi bo‘lib amr qilgan inson Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.
Ha, Islom dini hali hech kim tish yuvish nima ekanligini bilmasidan avval musulmonlarning tishlarini tozalab yurishlarini sunnati muakkadaga aylantirib qo‘ygan edi.
Ulamolarimiz «Tahorat qilgan odam misvok qilmog‘i sunnati muakkada», deganlar.
Ba’zilar bu ishni mustahab, deganlar. Ammo nima bo‘lsa ham, uni qilishga undaganlar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam doimo misvok qilar edilar. Vafotlari oldidan ham misvok qilib turganlari ma’lum va mashhur.
Misvok ko‘proq arok daraxti shoxlaridan olinganligi uchun olimlar o‘sha daraxt shoxlarini kimyoviy tahlil qilib ko‘rdilar. Diqqat bilan olib borilgan keng ko‘lamdagi ilmiy ishlardan so‘ng o‘sha daraxtdagi mavjud moddalar hozirgi mavjud tish ma’junlarining (tish yuvish vositalarining) hammasidan ko‘ra tish va sog‘lik uchun foydaliroq ekan, degan xulosaga keldilar.
Hozirga kelib, ba’zi shirkatlar arok daraxtidan foydalanib, tish ma’juni (pastasi) ishlab chiqardilar. Bu ham hadisi sharifning ilmiy mo‘’jizasi hisoblanadi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Misvok og‘izni poklovchi va Robbni rozi qiluvchidir», dedilar».
Buxoriy, Shofe’iy va Nasaiylar rivoyat qilganlar.
Sharh: Hadisda aytilganidek, misvok og‘izni poklovchidir. Og‘izni pok tutish inson sog‘ligi uchun qanchalik zarur ekanligini g‘ayrimusulmonlar endigina tushunishdi. Taom egan, turli ichimliklar ichgan odamning og‘zida, tishlari orasida qolgan chiqindilar o‘z vaqtida tozalab turilmasa, bemorlik va zararga sabab bo‘lishi endi hammaga ma’lum.
Shu bilan birga misvok:
«Robbni rozi qiluvchidir».
Ya’ni, kim misvok qilsa, tozalikka rioya qilganligi, din – shariatning amrini amalga oshirganligi, misvok qilish ibodatini ado etganligi uchun Alloh taolo undan rozi bo‘lar ekan.
Islom dini afzalligini qarang, insonning o‘zi uchun o‘ta foydali ishni, sog‘ligi uchun kerakli va husni-jamoli uchun zarur bo‘lgan narsani bir yo‘la Alloh taoloni rozi qiladigan ish qilib qo‘yibdi. Shariatning amrini bajaradigan musulmonni ham sog‘lik-salomatligini yaxshilab, ham ajru savob oladigan qilib qo‘yibdi. Bu holat dunyodagi hech bir tuzumda yoki dinda yo‘q.
Endi bu narsaga hayotimizda qanday munosabatda ekanligimizga bir nazar solaylik.
Hamma musulmon ham o‘z vaqtida tahorat qiladimi?
Hamma tahorat qilganlar ham misvok qiladilarmi?
Qilishsa, misvok og‘izni poklovchi, Robbni rozi qiluvchi ekanligini anglagan holda qiladilarmi?
Afsuski, yo‘q.
Misvokning haqiqatini, hadisi sharifdagi ruhini to‘la va to‘g‘ri tushungan holda unga amal qilayotganlarimiz juda ozdir.
Ba’zilarimiz arokdan yoki boshqa daraxtdan misvok qilib, uni yonimizdan qo‘ymay, olib ham yuramiz. Har tahoratda misvok ham qilamiz. Misvok deganda, shunchaki o‘sha cho‘pni tishga tekkizib qo‘yish, deb tushunamiz. Shuning uchun ham har tahoratda misvok qilsak ham tishlarimiz sar¬g‘ayib yuradi. Misvokimizdan hadisda ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmaydi.
Ba’zi birlarimiz misvok qilamiz, qilganda ham, yaxshilab, zamonaviy vositalarni ishga solib qilamiz. Tishlarimizni iloji boricha yaltiratishga urinamiz. Lekin bu ishni ibodat uchun, Robbni rozi qilish uchun emas, urfni deb, chiroyli bo‘lishni ko‘zlabgina qilamiz.
Ushbu hadisi sharifga to‘liq amal qiladigan bo‘lsak, biz, musulmonlar dunyodagi eng og‘zi pok, tishi eng toza va chiroyli, o‘zi eng sog‘ va bu ishlari uchun Alloh taoloning roziligini olgan kishilar bo‘lamiz. Shuning uchun harakat qilaylik. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 10:21 | Savol-javoblar | 196 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar