Hadisga sharh

Assalamu alaykum! "Go‘zal o‘rnak" kitobida quyidagicha hadis o‘qib qoldik: Ibn umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Odamlarning kishi ulovlikka arziydiganini topa olmaydigan yuzta tuyaga o‘xshaganini ko‘rasizlar", dedilar". Imom Muslim rivoyati. Iltimos, ushbu hadisda zikri kelgan odamlar qanday toifadagi kishilar ekanligini tushuntirib bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ushbu hadisga ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh quyidagicha sharh yozganlar: عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تَجِدُونَ النَّاسَ كَإِبِلٍ مِائَةٍ لَا يَجِدُ الرَّجُلُ فِيهَا رَاحِلَةً. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ.Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlarni yuzta tuya kabi topasan. Kishi ularning ichida bitta ham minishga yaroqlisini topa olmaydi», dedilar».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Tuya nomini olgan va sirtidan tuya bo‘lib ko‘rinadigan hayvonlar ko‘p. Ammo ularning ichidan haqiqiy tuya desa bo‘ladigani juda kam bo‘ladi. Shuningdek, sirtidan odamga o‘xshab ko‘rinadiganlar juda ham ko‘p. Ammo haqiqiy insonlar juda ham oz. Shuning uchun odamlar bilan muomala qilishda ehtiyot bo‘lmoq zarur. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 10:32 | Savol-javoblar | 154 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar